Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zLiDeP»da «Yosh olimlar ligasi» ish boshladi

«O‘zLiDeP»da «Yosh olimlar ligasi» ish boshladi

Foto: O‘zLiDeP

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining «Yoshlar qanoti» tomonidan mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida turli yo‘nalishlarda ilmiy ish olib borayotgan yosh tadqiqotchilar ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Prezidentimizning bevosita rahnamoligida mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga, yoshlarning fanga kirib kelishiga keng sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida jamiyatimizda ilm-fanning nufuzi yanada oshib, o‘zini shu soha rivoji, taraqqiyotiga bag‘ishlash istagida bo‘lgan yoshlarning safi tobora kengayib bormoqda. Albatta, o‘z kelajagini yuqori intellektual, innovatsion rivojlanish bilan bog‘liq ko‘rayotgan har qanday davlat, jamiyat uchun bu ustuvor masalalar sirasiga kirishi sir emas.

Davlatimiz rahbari O‘zLiDePning VIII s’yezdida ilgari surgan muhim vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirish barobarida «Yoshlar qanoti» tomonidan yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan ishlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratgan edilar. Xususan, o‘tgan yillar davomida yosh olimlar va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvatlash loyihasi amalga oshirib kelindi, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar uchun partiyaning maxsus stipendiyalari joriy qilindi.

Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning hozirgi bosqichi, qolaversa, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar Strategiyasi doirasidagi vazifalar partiyaning yosh olimlar bilan amalga oshirayotgan ishlarini ham tubdan qayta ko‘rib chiqishini taqozo qilayotgani ta’kidlandi.

Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni ilmiy o‘rganish borasida turli universitet va institutlarda yosh tadqiqotchilarning izlanishlar olib borayotgani ularga o‘ziga xos fikr almashuv maydonini tashkil qilish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bunday maydonning tashkil qilinishi yosh olimlar va tadqiqotchilarga nafaqat doimiy muloqotda bo‘lish, balki kuchlarni birlashtirgan holda yurt ravnaqiga xizmat qiladigan yangi g‘oyalar ustida ishlash uchun ham imkoniyat beradi.

Muloqot maydonining mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch bazasida shakllantirilishi yoshlarga o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini amaliyotga, xususan, qonunchilikka, iqtisodiyotning real sohalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlikka, boshqa sohalarga joriy qilish uchun imkon yaratadi, qolaversa, yoshlar uchun o‘ziga xos «sotsial lift» vazifasini bajaradi.

 Maslakdoshlari safini tadbirkor yoshlar bilan bir qatorda yuksak intellektual salohiyatga ega yigit-qizlar hisobiga ham kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotgan O‘zLiDeP uchun yosh olimlar va tadqiqotchilarning partiya ilgari surayotgan g‘oya va qadriyatlar atrofida jipslashuvi nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu bois ushbu yig‘ilishda O‘zLiDeP «Yoshlar qanoti» qoshida doimiy asosda faoliyat yurituvchi hamda bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar taqdiriga befarq bo‘lmagan, Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor yosh tadqiqotchilarni ixtiyoriy asosdabirlashtiruvchi «Yosh olimlar liga»sini tuzishga qaror qilindi.

Yosh tadqiqotchilarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash,  o‘z navbatida ularning izlanishlari natijalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, ilmiy ishlanmalarini keng jamoatchilikka yetkazishda yaqindan ko‘maklashish «Yosh olimlar ligasi»ning muhim vazifalari qatorida bo‘lishi ta’kidlandi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari bilan doimiy muloqotni tashkil qilishga alohida urg‘u berilayotgani ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir doirasida partiya ko‘magida chop etilgan, 60dan ortiq yosh tadqiqotchilarning iqtisodiyot, siyosat, huquq va xalqaro munosabatlar sohalariga oid ishlarini jamlagan ilmiy to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Bunday maqolalar to‘plamini «Yosh olimlar ligasi» shafeligida doimiy ravishda chop etib borish belgilab qo‘yildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring