Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Paxtakor» fan-klubi va muxlislari uchun qiziq taklif o‘rtaga tashlandi

«Paxtakor» fan-klubi va muxlislari uchun qiziq taklif o‘rtaga tashlandi

Foto: «Sports.uz»

«Facebook»dagi «Maslahat.uz» guruhida guruh a’zosi Murod Xolmirzayev «Paxtakor» klubi fan-klubi hamda ashaddiy muxlislariga o‘ziga xos murojaat va taklif bilan chiqdi. Quyida ushbu taklifni juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola etamiz.

«Kuni kecha Ispaniya chempionatidagi «Espanol» va «Real» klublari o‘yinini tomosha qilayotgan paytimda, bir holatga e’tibor berdim: uchrashuvning 21 daqiqasida «Espanol» muxlislari o‘rnilaridan turib, 1 daqiqa tinmay chapak chala boshlashdi. Sharhlovchi buni quyidagicha izohladi: «2009-yilning 8-avgust kuni mavsumoldi yig‘inlarda «Espanol» klubi sardori, himoyachi va 21-raqam egasi – Dani Xarke yurak hurujidan vafot etdi. Ishqibozlar o‘zlarining sevimli futbolchisini shu tariqa yodga olmoqda. Bu «Espanol»ning o‘z maydonidagi har bir o‘yinida kuzatiladigan holat»...

So‘zimni nima uchun aynan shu voqea bilan boshlaganimni payqagandirsiz?..

Juda boy tarixga ega «Paxtakor» futbol klubida ham ana shunday yod olishga arzigulik sabab bor. Bu 1979-yilning 11-avgust kunida Dneproderjinsk osmonida sodir bo‘lgan fojiadir.

«Paxtakor-79» jamoasi

Butun o‘zbek xalqining aza tutishiga sabab bo‘lgan o‘sha mash’um hodisani har bir futbol ishqibozi yaxshi eslaydi. «Paxtakor»ning 17 nafar futbolchisi dispetcherning xatosi tufayli hayotdan ko‘z yumgan edi. Shundan buyon xalqimizga olam-olam quvonch va shodliklar olib kelgan bu yigitlarni har yili 11-avgust kuni eslaymiz, ularning haqlariga duolar o‘qiymiz.

Taklifim shuki, biz ham xuddi Yevropa futbol klublari ishqibozlari singari ertaga, 2-mart kunidan boshlab «Paxtakor» jamoasining uy maydonidagi har bir o‘yini 79-daqiqasida «Paxtakor-79»ni yodga olib, o‘rnimizdan turib, 1 daqiqa olqishlaylik! Zero, bu holat marhum futbolchilarimizni eslab, ularga bo‘lgan cheksiz hurmatimizning ifodasi bo‘lsin!»

«Xabar.uz» muxbiri Murod Xolmirzayev bilan bog‘lanib, nega aynan chapak chalishni taklif qilayotganini so‘radi. U bunga javoban «aslida bu chapak chalish oddiy bir taklif ekani, buni boshqa bir harakatga almashtirish mumkinligini yoxud o‘zbek futbolining shonli o‘tmishini eslatib turuvchi futbolchilarni boshqa bir shaklda xotirlash mumkin»liginigini bildirdi.

Tahririyatdan: Qadrli «Paxtakor» muxlislari! Siz qanday fikrdasiz? «Paxtakor-79» xotirasi uchun bildirilgan ushbu taklif haqidagi mulohazalaringizni bildiring. Maktublaringizni info@xabar.uz yoki «Telegram»dagi (90) 357-97-00 raqamiga yuborishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring