Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Petitsiya qanoatlantiriladi. Yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor bo‘ladi

Petitsiya qanoatlantiriladi. Yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor bo‘ladi

Foto: «tvoe-avto.com»

«Mening fikrim» portali orqali «Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish haqida»gi elektron jamoaviy murojaatda ko‘tarilgan masala qanoatlantiriladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi qarorida ma’lum qilingan.

Mazkur murojaatda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish ortiqcha ovoragarchiliklar va sarf-xarajatlarni talab etishi, oilaviy budjetga iqtisodiy zarar keltirishi, bu holat milliy qadriyatlarimiz va mentalitetimizga mos kelmasligini e’tiborga olib, avtotransport vositalaridan foydalanishda yaqin qarindoshlarning bir-biriga ishonchnoma berish tartibini bekor qilish taklifi berilgandi.

Mazkur murojaat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik, idoralar va ekspertlarni jalb etgan holda o‘rganib chiqilgan.

Bugungi kunda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma to‘g‘rilash talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasiga muvofiq ishonchnomasiz transport vositalarini boshqarish eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qayd etilishicha, 2018-yilda avtotransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish bo‘yicha notarial tasdiqlangan ishonchnomalar soni 670 mingdan (ularning 343 mingtasi yaqin qarindoshlar o‘rtasida) oshib, ulardan jami 222,7 mlrd. so‘m davlat boji undirilgan (shundan 31,8 mlrd. so‘m yaqin qarindoshlardan), gerb yig‘imi esa 19,3 mlrd. so‘mni (9,8 mlrd. so‘m yaqin qarindoshlardan) tashkil etgan.

Ko‘plab xorijiy mamlakatlarda (AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiya, Polsha, Fransiya, Chexiya, Shveysariya va MDH davlatlaridan — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova) transport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma talab etilmay, balki sug‘urta polisi transport vositasini boshqarish uchun kifoya qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 48-bandi ijrosini ta’minlash, shuningdek fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qushimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi:

  • yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtotransport vositasini ishonchnomasiz boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish;
  • yaqin karindoshlar ruyxati, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan yoki tutungan aka-uka va opa-singillar, er-xotinlar, farzandlar (shu jumladan asrab olinganlar)ni belgilash;
  • transport vositasi egasining yaqin qarindoshlarini sug‘urta polisiga kiritish majburiyatini nazarda tutadi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring