Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Planshetlar ertagi tugadi: Noutbuklar «qotili» deya alqalgan bu qurilmalar uzoq yashamaydigan ko‘rinadi (tahlil)

Planshetlar ertagi tugadi: Noutbuklar «qotili» deya alqalgan bu qurilmalar uzoq yashamaydigan ko‘rinadi (tahlil)

Smartfon va fabletlar planshetni bozordan siqib chiqarmoqda.

Foto: «Depositphotos»

Butun dunyoni qurshab olgan «planshetlar vasvasasi» tugayotgan ko‘rinadi. O‘z vaqtida noutbuklar «qotili» deya alqalgan bu qurilmalarni do‘konlar peshtaxtalarida tobora chang qoplab qolyapti, ishlatilavermagach ular keraksiz matohga aylanib bormoqda. To‘rt yildirki, jahon planshetlar bozori sho‘ng‘ishda davom etyapti. Diagonali katta ekranli smartfonlar ularni shiddat bilan siqib chiqaryapti. Planshetlar taqdirini gibridlar — haqiqiy klaviaturaga ega noutbuk-transformerlar uzil-kesil hal qiladiganga o‘shaydi. Bu ham kamdek, hammayoqda hoziru nozir xitoyliklar olovga moy sepishyapti. Xo‘sh, planshetlar qanday paydo bo‘ldi, nega o‘ta ommalashgan bu qurilmalar nazardan qoldi, mobil bozordagi transformatsiyalar nimaga olib keladi — «Ria Novosti» tahlil qildi.

«iPad» sahnaga chiqdi

Planshet kompyuterlarning gullab-yashnashi asrimizning o‘ninchi yillari boshlariga to‘g‘ri keldi. «iPhone» mobil bozorda inqilob yasadi, soha «Apple»ning g‘alabasi va raqiblarining tahlikasini tomosha qilib turardi. Oradan bir necha yil o‘tib korporatsiya shaxsiy kompyuterlar bozoriga ham qaqshatqich zarba berdi. Stiv Jobs birinchi «iPad»ni 2010-yilning yanvar oyida taqdim etdi. Kuzatuvchilarning xulosasi shu bo‘ldi: kompyuterlar asri o‘tmishda qoldi.

Stiv Jobs birinchi «iPad»ni 2010-yilning yanvar oyida taqdim etdi. Foto: «AFP»

Ishlab chiqaruvchilar har qancha urinishmasin, noutbuklarni ixchamlashtirishni uddalay olishmas, internetdan yo‘l-yo‘lakay foydalanish uchun bu qurilmalar yaramasdi, multimedia va o‘yinlarni-ku aytmasa ham bo‘lardi: netbuklarning kuchi faqat qidiruv tizimi va matn muharrini ochishga yetardi, xolos.

  • O‘sha paytlardagi telefonlar uncha katta emas edi — ularning ekran diagonali odatda 3,5 dyuymdan oshmasdi. Fotosuratlar sifati va ish sur’ati smartfonlarnikidan yuqori planshetlar foydalanuvchilar uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi.

«Planshet vasvasasi»

Oddiy va tushunarli bu qurilmalar iste’molchilarni shunchalik rom eta oldiki, alaloqibat ular hamyon uchun kurashda mutlaq zafar qozondi. 2012-yili planshetlar savdosi 50 foizga o‘sdi. O‘sha yili dunyo bo‘yicha 28 million dona «tabletka» sotildi. Planshetlar poygasiga deyarli barcha yirik ishlab chiqaruvchilar qo‘shildi: «Samsung», «Lenovo», «Microsoft». Bu yoqda xitoyliklar ham jim turishmadi — «Huawei», «Irbis», «Prestigio», «Digma».

Ammo «tortning eng katta bo‘lagi» «Apple»ga tegdi: umumiy savdoning katta yarmi aynan Amerika korporatsiyasiga to‘g‘ri keldi. Tez orada ekran diagonali 7,9 dyuymli «iPad Mini» korporatsiya mahsulotlari qatorini to‘ldirdi. Shundan boshlab yetti dyuymli planshetlar ommaviyligi bo‘yicha bozordagi ikkinchi standartga aylandi.

«Planshet vavasasi»ning oqibati shu bo‘ldiki, uddalagan ham, uddalamagan ham bu ishga bosh suqib ko‘rdi: shaxsiy kompyuterlar bozori darg‘asi sanalgan «Dell»dan tortib, magnit tasmalari chiqaruvchi «Maxell»gacha.

2012-yili dunyo bo‘yicha 28 million dona planshet sotildi. Foto: «Ria Novosti»

Fabletlar hujumi

Ammo smartfonlar ham qo‘l qovushtirib turmagandi. Ularning ish sur’ati oshgan, ekranlari yorqinlashgan, rang uzatishi sifati yaxshilangan, eng asosiysi — ular kattalashgan edi.

2015-yili birinchi fabletlar («phablet» — phone/telefon», tablet/planshet so‘zlaridan) chiqdi, besh dyuymli ekrani bor telefonlar shunday atalardi. Hozir 5,5—6,9 dyuymli ekranli smartfonlar fabletlar sirasiga kiradi.

  • Bularning oldida planshetlar qo‘lbola qurilmalarga o‘xshab qoldi. 2015-yili planshetlar savdosida ilk keskin pasayish kuzatildi. Shundan beri planshetlarga talab kamaygandan-kamaymoqda. 2014-yilga solishtirganda dona hisobida savdo ko‘rsatkichlari uch hissa kamayib ketdi.

Iste’molchilar uchun tanlov imkoni tug‘ilgandi: 5,5 yoki 6 dyuymli ekranga ega telefon turganda planshetga nima bor? Farqi oz, shunday ekan ikkinchi qurilmani olib yurishga ne hojat? Buning ustiga smartfon planshet qilgan hamma ishni qila oladi.

Samsung Electronics Galaxy S8 va S8 + taqdimotidan. Foto: «AP Photo»

Keskin pasayish

Katta telefonlarga qiziqish ortidan savdo hajmi o‘sishi kuzatildi — 2017-yil yakunlari bo‘yicha uch foiz, bunda aynan fabletlar bosh rolni o‘ynadi.

Urfdan chiqib borayotgan planshetlar ancha-muncha arzonlashdi. Ular hozir «moda»da bo‘lib turgan paytlaridagi narxining yarmiga sotilyapti.

Agar multimediali kontent bilan ishlash uchun telefonlar yiriklashtirilgan bo‘lsa, yanada takomillashtirilgan noutbuklar yengillashdi.

«Delloite» kompaniyasi 2016-yili o‘tkazgan so‘rovnoma planshetlarning noutbuklar darajasiga chiqa olmaganini tasdiqlaydi. Tahlilchilar 30 ming nafar respondentdan televizor ko‘rishdan tortib videochatlarga kirish va internetda xaridlar amalga oshirishgacha bo‘lgan  15 turdagi faoliyat turida o‘zlari uchun qulay qurilmani tanlashni so‘rashdi. Natijalar hayratlanarli: planshet biron-bir toifada maqbul qurilma deb topilmadi.

Mushuk va planshet. Foto: «Fotolia»

Xitoycha tahdid va gibridlar

Planshetlarni «ikkinchi plan»ga surib qo‘yayotgan boshqa sabablar ham bor: ishlab chiqaruvchilarning o‘zida bu sohaga qiziqish so‘nmoqda. Bu  yerda gap faqat savdo pastligida emas, balki xitoyliklar ham sababchi. Negaki bu qurilmalar savdosining qariyb 50 foizi quyi narxlar segmentiga to‘g‘ri kelyapti — xitoyliklar bu yerda mutlaq yetakchi. Nomdor ishlab chiqaruvchilar ular bilan raqobatlashishni iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashadi.

Planshetlar «yo‘ldosh kompyuter» sifatida paydo bo‘lgandi. Biroq planshetlarning rosmana klaviaturasi yo‘q. Kompaniyalar klaviaturasi yechib olinadigan, ekran-plansheti sensor boshqariluvchi noutbuk-tranformerlar ishlab chiqarish bilan bunga ham chora topishdi.

Planshetlar yaqin orada yo‘qlikka yuz tutadi, deb uzil-kesil xulosa chiqarish qanchalik asosli? Oramizda planshetlar yana bir necha yildan so‘ng navigatorlar va elektron kitoblar qatoridan joy olib, tarixga aylanadi deguvchilar yo‘q emas. Bu qanchalik haqiqat — bilmaymiz. Ammo bir narsa aniq: bu qurilmalar endi hech qachon ommalashmaydi. Ular ikkilamchi buyumga aylanadi. Masalan, bolalar uchun o‘yin qurilmalar yoki sayohatga chiquvchilar uchun shunchaki ermakka yaraydi, xolos.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring