Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhim yangilik! Prezident avtomobil transportini boshqarish bo‘yicha qarorni imzoladi

Muhim yangilik! Prezident avtomobil transportini boshqarish bo‘yicha qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6-mart kuni «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining daryo transporti sohasidagi davlat boshqaruvi bo‘yicha vakolati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi («O‘zavtotrans» agentligi) etib qayta nomlandi.

«O‘zavtotrans» agentligining asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari quyidagilar:

— avtomobil transporti ob’yektlari va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlovchi istiqbolli axborot-kommunikatsion texnologiyalarini va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda yangi boshqaruv tizimlarini joriy etib, avtomobil transporti sohasida yagona texnika siyosatini yuritish;

— avtomobil tashuvlarida normativ-xuquqiy va metodik bazani takomillashtirish, avtomobil transporti tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muammolar yuzasidan xalqaro normalar, ilmiy-tekshiruv, loyiha-konstruktorlik, texnologik ishlarni inobatga olgan holda texnik tartibga solish sohasida normativ xujjatlarning yagona ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va shakllantirish;

— iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tashishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hamda avtomobil transporti xavfsizligini ta’minlash choralarini inobatga olgan holda, qishloq aholi punktlarini, shaharlar, viloyat va tuman markazlarini bog‘lovchi yangi yo‘nalishlarni ochish, avtomobil transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

— yo‘lovchilarga keng ko‘lamli xizmatlar ko‘rsatish uchun sharoit yaratish, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llab, avtovokzallar va avtostansiyalar faoliyatini markazlashgan holda boshqarish va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish;

— avtovokzallar va avtostansiyalar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari qaramog‘ida bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashni tashkil etish;

— tashish jarayonlari, qatnov jadvallariga rioya etilishi, yo‘llarda harakatlanish tezligi monitoringi, harakat yo‘nalishi sxemasiga rioya etilishi hamda aholiga real vaqt tarzidagi ma’lumotlar xizmatining keng ko‘lamli ro‘yxati taqdim etilishi yuzasidan markazlashgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorati tizimini joriy etish;

— tashuv yo‘nalishlarini tender asosida joylashtirish, yo‘lovchi tashishlari sifati va xavfsizligini oshirish, tenderlar tashkilotchilari ishini muvofiqlashtirish mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan avtomobil transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlari va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

— xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan faol muloqot qilish orqali avtomobil transporti sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan kelishgan holda, yangi muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlarini ochish hamda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash, bu sohadagi amaldagi shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va yangilarini tuzish, xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar blankalarini o‘zaro ayirboshlash;

— avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash, avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni tashish qoidalariga amal qilish, avtomobilda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash talablariga, og‘irlik va gabarit ko‘rsatkichlariga hamda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimlariga rioya etilishini nazorat qilish;

— O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobilda xalqaro tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish (O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari bundan mustasno);

— avtomobil transportida, eng avvalo, transport xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tizimli tashkil etish.

«O‘zavtotrans» agentligiga yuklangan vazifalar va faoliyat yo‘nalishlarining sifatli hamda to‘laqonli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik «O‘zavtotrans» agentligi boshlig‘i zimmasiga yuklandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring