Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Bosh vazirga 114 ta loyiha bo‘yicha investitsiya olib kirishni topshirdi

Prezident Bosh vazirga 114 ta loyiha bo‘yicha investitsiya olib kirishni topshirdi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 14-avgust kuni O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda hukumat a’zolari, davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 64 milliard dollar bo‘lgan 849 ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi. Davlat rahbari joriy yilda 5 milliard 800 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Bu borada tartib-intizom va samaradorlikni ta’minlash maqsadida joriy yilgi loyihalarni amalga oshirish uchun nafaqat Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va tarmoq idoralari rahbarlari, balki Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, qo‘mita raislari hamda Prezident maslahatchilari shaxsan mas’ul etib biriktirildi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri barcha investitsiya loyihalariga umumiy rahbarlik qilish bilan birga 144 ta loyiha bo‘yicha, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari 18 ta loyiha bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga bosh-qosh bo‘ladi.

Videoselektorda qaysi rahbar qanday investitsiya loyihalariga mas’ul ekani, ularning qiymati va bajarilish muddatlari birma-bir muhokama qilindi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish holati bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

Loyihalarni amalga oshirishga mas’ul har bir rahbar shu bo‘yicha jadval tayyorlab, har hafta hududga chiqishi, loyiha tashabbuskorlari bilan gaplashib, muammosi bo‘lsa, zudlik bilan hal etishi, loyihalarni doimiy ravishda monitoring qilib borishi zarurligi ta’kidlandi. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda loyihalar monitoringi bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

«Agar loyihalarni amalga oshirish monitoringini avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazmas ekanmiz, bu boradagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlay olmaymiz. Bu tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya kiritayotgan investorlarga amaliy qo‘maklashib, ularning ishini osonlashtirishi zarur», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yaqinda Jizzax viloyatida xalqaro investitsiya forumi va Tovar ishlab chiqaruvchilar milliy ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Jizzax viloyati hokimligiga mazkur tadbirlarni yuqori saviyada tashkillashtirish, har bir soha, tarmoq va hudud bo‘yicha maxsus taqdimotlar tayyorlab, namoyish etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring