Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident qaroriga ko‘ra Namanganda muhim tibbiy muassasa ochilmoqda

Prezident qaroriga ko‘ra Namanganda muhim tibbiy muassasa ochilmoqda

Foto: «Lecheniye v Izraile»

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, Namangan viloyati aholisi o‘rtasida birgina ko‘z kataraktasini jarrohlik yo‘li bilan davolashga muhtojlar soni olti ming nafardan ziyoddir. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining ko‘z kasalliklari bo‘limida yiliga ularning atigi 250-300 nafarigagina jarrohlik amaliyotlari o‘tkazib kelinmoqda. Qolgan bemorlar qo‘shni Andijon, Farg‘ona hamda poytaxt klinikalariga borishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa o‘z navbatida bemorlarga qiyinchilik tug‘dirib, aholi o‘rtasida o‘rinli e’tirozlar keltirib chiqarayotgan edi.

Bolalar va kattalar o‘rtasida ko‘z jarohatlanishi yuz berganda viloyat muassasalarida alohida tunu kun yuqori malakali shoshilinch oftalmologiya xizmati ko‘rsatuvchi bo‘lim tashkil etilmagan ham. Oqibatda tungi paytlarda murojaat etuvchi bemorlar vaqtida yordam olisholmayotgan edi. Hozirda bu muammolarga yechim izlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, Namangan viloyati aholisiga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan oftalmologiya yordamini yanada takomillashtirish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali tashkil qilinmoqda. Filialning 80 o‘rinli bo‘lishi mo‘ljallanmoqda.

Bu yerda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga ko‘z kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning zamonaviy ilg‘or usullari qo‘llanadi.

Shahar va tumanlar markaziy shifoxonalari oftalmologiya bo‘limlariga tashkiliy-uslubiy, tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy usullari va texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, zarur profilaktik ishlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashish, sayyor konsultatsiyalar, «Mahorat darslari» uyushtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, filial tibbiyot xodimlari ko‘z kasalliklari diagnostikasi va ularni davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Andijon va Samarqand davlat tibbiyot institutlarining oftalmologiya kafedralarida malaka oshirishadi.

Yangi shifoxonada aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida tunu kun faoliyat olib boruvchi shoshilinch tez yordam posti tashkil qilinadi.

Sanjarbek Hamidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring