Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida nutq so‘zladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida nutq so‘zladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida 3 sentyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlar – Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Respublikasi Bosh vaziri Viktor Orban anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.

Davlatimiz rahbari sammitda so‘zlagan nutqida xalqlarimizni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida  hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi.

“Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat o‘zgardi, mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlandi.

Davlatimiz rahbarining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon Prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlandi. Mamlakatimizning Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshgan.

O‘zbekiston Prezidenti bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta’kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish,  dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga e’tibor qaratildi. Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga  mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar borligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi qayd etildi. Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, yosh avlodni ilm-ma’rifat asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani, ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring