Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Toshkentda amalga oshiriladigan yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi

Prezident Toshkentda amalga oshiriladigan yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi

Foto: Prezidentning matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2018-yil 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizni yirik ishbilarmonlik markaziga aylantirish, investitsiyalarni faol jalb qilib, zamonaviy korxonalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 4-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Bugungi kunda poytaxtimizda kichik sanoat zonalari va texnoparklar infratuzilmasidan samarali foydalanib, yuqori texnologiyali quvvatlarni tashkil etish, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. 13-may kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etish ishlari tahlil qilingan edi.

Foto: Prezidentning matbuot xizmati

Avval berilgan topshiriqlarga muvofiq Toshkent shahrida amalga oshirish uchun umumiy qiymati 617 million AQSh dollaridan ziyod 19 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.

Ahamiyatlisi shundaki, ushbu loyihalarning barchasi sanoat sohasida bo‘lib, ular natijasida 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Har yili qariyb 1 milliard dollarlik bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 290 million dollardan ziyod eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Loyihalar qo‘shilgan qiymati va mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Keng turdagi maishiy texnikalar, lift va ekskavatorlar, nasoslar, suv isitgichlar, qog‘oz va qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, zargarlik va shisha tovarlari shular jumlasidandir. 

Investor va tashabbuskorlar o‘z loyihalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Ushbu korxonalar Toshkent mexanika zavodining hozirda foydalanilmayotgan bino va maydonlarida tashkil etiladi. Ular 2019-2020-yillar davomida ishga tushiriladi.

Prezidentimiz ushbu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish,  aholini ish bilan ta’minlash jihatidan muhimligini ta’kidlab, ularni tezroq ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mutasaddilarga xaridorgir sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati kamida 1 milliard dollar bo‘lgan qo‘shimcha loyihalar shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring