Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi

Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi

Emi Klobushar o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zlamoqda.

Foto: «startribune.com»

AQShda prezidentlik saylovlariga hali ikki yil muddat bor, ammo saylov kampaniyasining dastlabki bosqichi allaqachon boshlanib ketdi.

Minnesota shtatidan qonun chiqaruvchi, senator Emi Klobushar 2020-yildagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish va g‘alaba qozonish istagida yonmoqda. U demokratlar safida faollardan biri bo‘lib, davlat yetakchisi bo‘lishga intilayotgan ayol nomzodligi bilan ham alohida ajralib turadi.

Emi Klobushar Minnesota shtatidan AQSh Senatiga saylangan birinchi nozik jins vakilasi hamdir. U Klinton xonim erisha olmagan va amerikalik xotin-qizlarning asriy armoni bo‘lib qolayotgan Oq uy xo‘jayini bo‘lish niyatida g‘ayrat qilmoqda.

Foto: «People»

Emi Klobushar 1960-yil 25-mayda Plimutda tug‘ilgan, Yel va Chikago universitetlarini huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 58-yoshli sobiq prokuror va korporativ huquq sohasida advokat bo‘lib ishlagan. Jumladan, 1998-yilda shtatda aholisi eng ko‘p Xennepin okrugi prokurori etib saylangan va 2002-yilda bu lavozimni qayta egallagan. Bu vaqtda Minnesota advokatlar assotsiatsiyasi prezidenti ham bo‘lgan edi.

Senatga o‘tgan saylovlarda 2006-yili 58 foiz, 2012-yili 65 foiz ovoz to‘plab, yaqqol g‘alaba qozongan. E’tiborli tomoni, u o‘tgan yili noyabrda 60 foiz ovoz jamg‘ardi. Vaholanki, saylov kampaniyasi chog‘ida raqiblaridan kamroq, ya’ni atigi 7,4 million dollar mablag‘ jamg‘argan edi, xolos. Bu samarali texnologiyani prezidentlik saylovlari chog‘ida ham qo‘llash niyatida.

Emi Klobushar prezident D.Trampning fermerlarga qo‘llayotgan savdo tariflari salbiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlab, keskin tanqid qiladi. Onalar va bolalar uchun sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, dori-darmonlar narxlarini tushirish tarafdori bo‘lib kelmoqda.

Klobushar qonunchilik sohasida monopoliyaga qarshi nazorat, saylovchilar xavfsizligini ta’minlash, qurol-yaroq savdosi ustidan qat’iy nazorat, jinoiy qonunchilikni isloh qilish bo‘yicha ko‘plab foydali hujjatlar qabul qilishda qatnashdi.

Aynan u Trampning Rossiya bilan aloqasiga oid masalani Senatda ko‘tardi va bu munosabatlarni chuqur o‘rganish va tergov qilish uchun komissiya tuzishni talab qildi.

2016-yil dekabrda taniqli senatorlar Jon Makkeyn va Lindsi Grem bilan Boliqbo‘yi mamlakatlari va Ukrainaga bordi. Litva va Estoniyadagi saylovlarda Rossiyaning ta’siri bo‘lgani haqida bayonotlar berdi.

2016-yildagi prezidentlik saylovlarida Rossiya «Facebook» platformasidan qay tariqa foydalanganini aniqlashga qaratilgan urunishlarga qarshilik ko‘rsatgan «Facebook» kompaniyasi rahbariyatini Senatda so‘roqqa tutishni taklif qildi.

Rossiyaga qarshi bayonotlari bilan shuhrat qozongan va aynan shu narsa ruslarga qarshi kayfiyat ustun bo‘lib turgan hozirgi davrda unga qo‘shimcha siyosiy dividendlar keltirishi mumkin. Bu latofatli ayol agar AQShga rahbar etib saylansa, Trampni, albatta, qamoq jazoni kutishini eslatib o‘tgan.

U o‘z partiyasi tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanadigan liberal siyosatchi sifatida o‘zini ko‘rsatdi.

Emi Klobushar 2007-yil avgustda qulab tushgan va 13 kishi qurbon bo‘lgan Missisipi daryosi ustidagi avtomobil ko‘prigi qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha muvaffaqiyatli muzokaralar olib bordi. Ilm-fan va texnologiyalarni moliyalashtirishni ko‘paytirish bo‘yicha xalqaro tijorat tashabbuslari va qonun loyihalari bilan chiqdi.

Foto: «The Answer»

«Men prezident bo‘lsam, ko‘zlaringizga qarab, nimani o‘ylayotgan bo‘lsam faqat shuni gapiraman. Asosiy e’tiborimni ishga bag‘ishlayman. Chunki men butun umr mehnat bilan shug‘ullandim. Qalbim amriga quloq solib, rahbarlik qilaman», deya nutq so‘zladi 10 fevral kuni o‘z shtatidagi tarafdorlari qarshisida.

Yashil ishchi joylari va infratuzilmasiga investitsiya kiritish uchun yangi qonunlar yaratishga hamda birinchi ish kunidayoq Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga qo‘shilishni ham va’da berdi. AQSh tashqi siyosatini Donald Tramp kabi asosan tvitterda olib bormasligini ham qistirib o‘tdi.

Oq uy rahbari Donald Tramp shu vaqtning o‘zida «Twitter»ida unga javob qaytarib, Emi Klobushar nutq bilan irod qilish uchun juda noqulay havo va joy tanlaganini eslatib, bu omadsizlikka ishora ekanini qayd etdi. «Xonim xuddi qorga o‘xshaydi», deb uning ustidan kulishni ham unutmadi.

Foto: «The Inquisitr»

Qonunchilik hokimiyatining oliy federal organida katta tajriba orttirgan mo‘’tadil siyosatchi saylov kampaniyasining birinchi bosqichida asosiy e’tiborini Minnesota bilan chegaradosh Ayova shtatiga qaratishni rejalashtirmoqda. 2008-yilda Barak Obamaning ushbu shtatda g‘alaba qozonishi autsayderlikdan jadal yuqorilab olishiga va Demokratik partiyadan rasmiy nomzod qilib ko‘rsatilishiga olib kelgan edi.

Hozircha prezident bo‘lish uchun demokratlar orasidan uch nafar shaxs – Nyu-Jersi shtatidan Kori Buker, Kaliforniyadan Kamal Xarris, Massachusetsdan Elizabet Uorren o‘z nomzodlarini ilgari surishgan. Biroq demokratlar frontida halicha yaqqol favorit yo‘q. Hillari Klinton o‘tgan safar Trampdan alamli mag‘lubiyatga uchragach, yana bir bor siyosat olamida o‘z salohiyatini sinab ko‘rishga qaror qiladimi-yo‘qmi, hozircha ayon emas. Ammo bunga ko‘pchilik ishonmayapti.

«Shimoliy yulduzlar» shtati yulduzi

Emi Klobushar o‘zining Minnesota shtatida yulduz kabi porlamoqda. Ammo bu shtat haqida ko‘pchilik uncha yaxshi bilmaydi.

AQSh shimolidagi 225 ming kvadrat kilometrdan kattaroq shtatda 6 million aholi istiqomat qiladi. U Kanada bilan chegaradosh bo‘lib, aholisining 37,9 foizi nemislar, 17 foizi norvegiyaliklar, 12 irlandlar, 9,5 foizi shvedlar va 6,3 foizi inglizlardir. Protestanlar 32 foiz va katoliklar 28 foizga teng.

Atrofini Viskonsin, Ayova, Janubiy va Shimoliy Dakota shtatlari o‘rab turadi. Uning uchdan bir hududi o‘rmon bilan qoplangan bo‘lib, erigan muzliklardan paydo bo‘lgan 11842 ta ko‘llar hamda 6546 ta daryo-irmoqlar joylashgan.

Minnesotani AQShning Alyaskadan keyingi eng shimoliy o‘lkasi deyishadi. Uni «Shimoliy yulduzlar» shtati, «10 ming ko‘llar yeri», «Non va yog‘ shtati», «Bug‘doy shtati» ham deb atash urf bo‘lgan.

Havo harorati qishda ba’zan -51 daraja sovuqqa tushsa, yozda +46 darajagacha issiqqa ko‘tariladi. Shu sababli uni «millat muzlatkichi», deb ham deyishadi. 72 ta davlat parki va dam olish zonasi, 16 ming kvadrat kilometr o‘rmonlar bor.

Minnesota 87 ta okrugdan iborat sanoat shtati bo‘lib, yalpi ichki mahsuloti 350 milliard dollarga teng. Eng minimal ish haqi soatiga 9 dollar va bu ko‘rsatkich bo‘yicha nafaqat AQShning O‘rta G‘arbida, balki mamlakat miqyosida ham eng oldingi o‘rinda turadi. Bu yerda «3M» (avvalgi Minnesota Mining and Manufacturing Company) kabi gigant korporatsiyalar qarorgohi joylashgan. «Mesabi» hududi esa AQSh qazib olayotgan temir rudasining yarmini beradi.

Qonun chiqaruvchi organi ikki palatadan – Senat (67 a’zo) va Vakillar palatasidan (134 parlamentariy) iborat. Minneapolis shahrida «IDS Center» (241 metr), Kapella minorasi (236 metr) va «Wells Fargo Center» (236 metr) osmono‘par binolari joylashgan.

Agar «Shimoliy yulduzlar» shtati yulduzi 2020-yilda AQSh prezidenti etib saylansa, mamlakatdagi birinchi ayol prezident sifatida ham tarixga kiradi.

Laziz Hasan o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring