Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qabristonni kim shudgorladi?

Qabristonni kim shudgorladi?

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Namangan viloyati Norin tumanida 57 ta qabriston bo‘lib, o‘rganishlar chog‘ida ularning aksariyati obodonlashtirilmagani, devor tortilmagani va e’tiborsiz qoldirilgani ayon bo‘ldi.

Jumladan, «Shohidon» mahalla fuqarolar yig‘ini 1-Bog‘ ko‘chasidagi «Marg‘izor» qabristoni 1930-yilda tashkil etilgan, 4,5 gektar hududga ega. Aksariyat qabrlar sezilmaydi, yantoq va begona o‘tlar o‘sib, uning qiyofasiga soya qolmoqda. 420 metrli devor beton, g‘isht bilan, 300 metr qismi paxsa devor bilan o‘ralgan. Qabristoning orqa tomonidagi, fermer xo‘jaligining bog‘lari bilan tutash 200 metr uzunlikdagi qismi devor bilan o‘ralmagan. Bu yerdagi ariq chegara vazifasini o‘tamoqda.

Oqibatda bu yerdan begona hayvonlar mozoristonga erkin kirishiga sharoit yaratilmoqda. Aholi bilan o‘tkazilgan suhbatda ayon bo‘ldiki, har yili Navro‘z arafasida bir marta hashar qilinadi, xolos. Qabrlar ustiga turli chinni buyumlar, kosa, piyola, choynak kabi idishlarni teskari qilib qoldirish kabi bid’atlarga yo‘l qo‘yilgan.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Qabristonda aholi uchun yo‘laklar oxiriga qadar yetkazilmagan. Tahoratxona va marosim o‘tkazish binosini ta’mirlash ishlari tugallanmagan. Suv quvuri mavjud bo‘lsa-da, oqar suv olib kelinmagan. Qabriston qorovulini topish imkoni bo‘lmadi. Ishchi guruhi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘iniga hashar tashkil etish tavsiya etildi va qabriston obodonlashtirildi.

Qo‘shchek mahallasi hududida 2 ta qabriston – «Shayx ota» va «Parpi ota» qabristonlari mavjud. 0,86 gektardan iborat «Shayx ota» qabristonida ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q, ma’muriy binosi ta’mirtalab, marosim o‘tkazish joyi tor, qabristonning 250 metrlik paxsa devori nurab tushmoqda. Begona o‘tlar o‘sib o‘tibdi, xashaklar uyum-uyum. Oqibatda qabrlar ko‘rinmay, bilinmay qolgan.   

Bundan tashqari, mozoristonning 20 sotix yeriga ham tartibga, ham insoniylikka zid ravishda kungaboqar ekilgan. Hozir hosili pishish arafasida. Buning uchun devorning bir qismi buzilib, traktor kiritilgan va yer haydalib, jo‘yaklar olingan. Qabristonda ichki yo‘lakchalarni asfaltlash ishlari oxirigacha yetkazilmagan, yong‘in xavfsizligi jihozlari umuman yo‘q.

Foto: Laziz Rahmatov / «Xabar.uz»

Bundan tashqari, mahalladagi 1,5 gektardan iborat «Parpi ota» qabristonida ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q, ma’muriy binosi ta’mirtalab, marosim o‘tkazish joyi tor, qabristonning 200 metrlik paxsa devori eskiligi bois nurab tushmoqda. Bu yerdagi daraxt shoxlari butalmagan.

Bundan tashqari, bu yerda ham 20 sotix maydonga beda ekilgan. Diqqatimizni tortgani, beda ekilgan joylarga e’tibor va qarov zo‘r. Obod va kishining bahri dili ochiladi. Ammo qabrlar o‘t-o‘lan va tikanlar bilan to‘lib-toshgan.

O‘rganishlar jarayonida mahalla faollari bilan birgalikda qabristonni obodonlashtirish bo‘yicha hashar uyushtirildi. Ammo odamni o‘ylantiradigani, qabristonlarni o‘zimiz anglagan holda qachon obod va toza bir go‘shalarga aylantiramiz? Obodonlashtirish boshqarmalarining bu yerlarga biriktirilgan xodimlarini nega doimo joyidan topib bo‘lmaydi? Nima uchun o‘z ajdodlarimizni so‘nggi manzilga kuzatgan joylarni doimo ziyorat qilib, tozalab turmaymiz? Buning uchun ham yuqoridan ko‘rsatma yoki topshiriq bo‘lishi kerakmi?

Laziz Rahmatov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring