Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qachon Amerika bo‘lamiz?

Qachon Amerika bo‘lamiz?

Foto: «Xabar.uz»

Ish haqlari haqidagi gaplar shu kunlarda internetda ko‘payib ketdi. Rostan ham bugungi kunda budjet tashkilotlarida ish haqi juda kam. Narx-navo esa oshishda davom etayapti. Oddiy xodimni bir oylik maoshi 800-900 ming so‘m. Menimcha bu maosh bilan 2012 — 2013-yillarda amallab yashasa bo‘lardi. Noshukurchilik bo‘lsayam tan olish kerak buni.

Iste’mol savatchasi degan so‘zlar yil boshida ancha ko‘nglimizni ko‘targandi. Yil yarim bo‘layapti, lekin jimjitlik. Nima bo‘ldi, bu masala qay tartibda hal qilinayapti, yashash uchun bir kishiga bir oyda necha so‘mlik mahsulotlar kerak? Hech kimdan sado chiqmaydi. To‘g‘ri, orada bir ko‘zimiz tushgan edi, lekin javob qoniqtirmagan edi.

Budjetimizga soliqlardan tushadigan mablag‘larimiz ham havas qiladigan darajada emasligini Prezidentning soliqchilar haqida aytgan gaplaridan bilib oldik. Bu aytilayotgan gaplar, bugun, kecha, bir yil oldin tanqidga uchragan tashkilotlarning qilmishlari, undirilmagan, o‘zlashtirilgan  milliardlab dollar, so‘mlarni eshitish xalq uchun, oddiy xodimlar uchun oson emas. Necha yillardan buyon yetkazilgan zararni soliqchilar va boshqa shaxslar cho‘ntagidan to‘lasa, keyingilarining ko‘zlari moshdek ochilarmidi?

Yoki Xitoyga o‘xshab korrupsiya bilan shug‘ullangan, davlat pulini o‘zlashtirganlarga o‘lim jazosi qo‘llansa bu hodisalar bo‘lmasmidi? Shu haqida alohida bir qonun qabul qilinsa nur ustiga nur bo‘lardi. Hech kimga sir emaski, har bir shaharda, har bir tumanda, har bir qishloqda umumiy ovqatlanish nuqtalari, savdo do‘konlari ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat ko‘rsatib borayapti. Agar ularni suyaydiganlar bo‘lmasa shu ishni qilarmidi? Bu hammaga aniq fakt-ku. Bozorlarimizda yana noqonuniy valyutafurushlik boshlandi. Buni yana Prezident aytmasa, boshqa organlarning xayoliga ham kelmayapti.

Shunday bo‘lsa-da, budjetda aravasini o‘zi tortadigan tashkilotlar ham bor. Hech bulmasa shularda ishlaydigan xodimlarning oylik ish haqini ko‘rib chiqish kerakmi? Sababi ma’lum, budjetga ham foyda bo‘ladi. Ya’ni soliq ham shunga yarasha undiriladi. Bu bilan boshqa budjet tashkilotlarining oylik ish haqlari ko‘tarilishiga qarshi emasman. Nima uchun oddiy xodimlarning, o‘qituvchilarning ko‘kragiga shamol tegmasligi kerak?

Hammamizga ma’lumki, tashkilot rahbarlari hokimlar tomonidan vazifasiga qo‘yib kelinmoqda. Bu rahbarlar faqat hokim uchun jon kuydiradi degani emasmi? Hamma tashkilotda rahbarlar tayinlanishi emas, saylanishi lozim. Har bir viloyat, tuman budjet tashkilotida boshqaruv kengashlarini tashkil qilish kerakligini hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Bo‘lmasa korrupsiya, davlat pulini o‘zlashtirish to‘xtamasligini ko‘rdik. Kami qolmadi-yov nazarimda. Ana shu boshqaruv kengashi a’zolarining 80 foizi oddiy xodimlardan bo‘lishi shart. Ana shunda rahbarlarimiz o‘z tashkiloti, o‘z xodimlari uchun jon kuydiradi. Kuydirmasa yoki oyog‘i qiyshaysa uni boshqaruv kengashi shartta almashtirishini his qilib turadi.

Ilhom Ochilov

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring