Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qarama, so‘yaman» — Bobomurod Abdullayev o‘ziga ruhiy bosim bo‘layotganini aytdi

«Qarama, so‘yaman» — Bobomurod Abdullayev o‘ziga ruhiy bosim bo‘layotganini aytdi

Foto: «Facebook» / Bobomurod Abdulla

28-mart kuni Jinoyat ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdulla, bloger Hayotxon Nasriddinov, shuningdek, tadbirkorlar Shavkat Ollayorov hamda Ravshan Salayevga nisbatan navbatdagi sud yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev sud majlisida boshqa sudlanuvchilar tomonidan ruhiy bosim hamda haqoratlar bo‘layotganini bildirgan. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.

Aytish kerakki, sudlanuvchilarning barchasi Jinoyat kodeksining 159-modda 4-qismi (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va qonuniy saylangan hukumatni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga urinish) bilan ayblanmoqda.

«Men o‘zimga qo‘yilgan ayblovlardan himoyalanaman, deb o‘ylagan edim. Ammo bizning sud majlisimizdan keyin shu xulosaga keldimki, men bilan birga o‘tirgan ayrim odamlardan ham himoyalanishim kerak ekan. Gap shundaki, sud jarayonlari boshlangandan buyon Hayotxon Nasriddinov va Ravshan Salayev tomonidan ruhiy bosim va haqoratlar bo‘lmoqda», — dedi Bobomurod Abdullayev.

Uning aytishicha, Nasriddinov uni haqorat qilgan va unga yoqimsiz so‘zlarni aytgan: «Qarama so‘yaman». Ikkinchi sud majlisida Salayevdan ham haqoratlar eshitgan.

Sudya Zafar Nurmatov sudlanuvchilarni bir-birlarini hurmat qilish va aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga rioya qilishga chaqirdi.

Bobomurod Abdullayev, shuningdek, ko‘rsatmalar chog‘ida boshqa sudlanuvchilar aralashmasliklari va izoh bermasliklarini nazorat qilishni so‘radi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring