Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qidiruvda bo‘lgan oilaviy firibgarlar Toshkentda qo‘lga olindi (video)

Qidiruvda bo‘lgan oilaviy firibgarlar Toshkentda qo‘lga olindi (video)

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan poytaxtimizda yashirincha yashab kelayotgan oilaviy firibgarlar qo‘lga olindi, deyiladi IIBB multimedia markazi lavhasida.

Mazkur shaxslar firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun Farg‘ona filoyati IIB tomonidan qidiruvga berilgan edi. Jinoyatchilarni qo‘lga olishda tezkor guruhga faol qarshilik ko‘rsatilgan.

Firibgarlar guruhi odamlarning ishonchiga kirib, tilla taqinchoq o‘rniga ularning qalbakilarini sotish bilan shug‘ullanib kelishgan. Ularning rejasi puxta bo‘lgan: avvaliga xaridor ishontiriladi, so‘ng unga haqiqiy tilla ko‘rsatiladi, hatto zargarga tekshirtirib uning haqiqiyligini tasdiqlatib ham olishadi. Xaridor pulni sanayotgan paytida taqinchoqlar qalbakisiga almashtirib qo‘yiladi.

«Men bu ishni 20 yildan beri qilaman», degan ayblanuvchilardan biri O.Sohibova.

Yuzlab insonlarni chuv tushirgan O.Sohibova avval ham bir necha marotaba sudlangan. Oxirgi marta u 2013-yili 6 yilu 7 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Amnistiya tufayli uning o‘talmay qolgan 4 yili axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan. Berilgan ozodlik ushbu ayol uchun firibgarlik orqali mo‘may pul topish dardidan ustun bo‘la olmadi. U hatto o‘z farzandlarini ham ushbu qing‘ir jinoyatga boshladi. Aldov tufayli doim odamlardan qochib yurishi sabab bu oilaning hatto muqim yashash joyi bo‘lmagan. Buning oqibatida farzandlarining birontasi hatto o‘rta maktab ta’limini ham olishmagan.

«Pul sanashni bilaman. Ammo yozishni bilmayman», deydi O.Sohibovaning o‘g‘li.

Qidiruvga berilgan guruh Toshkent shahri, Uchtapa tumanidagi xonadonlarning birida ushlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring