Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda nima bo‘ldi? Buyurtmami yoki shunchaki tasodif?

Qozog‘istonda nima bo‘ldi? Buyurtmami yoki shunchaki tasodif?

Foto: Sputnik

18.01.2018. Bu sana ko‘pchilikning yodida mudhish kun bo‘lib qoladi. Ayniqsa 52 nafar marhum vatandoshimizning oilalari uchun. Biz ham shu kunlarda 52 bora kuydik, 52 bora yondik. Bu birinchisi bo‘lsa ham mayli edi. O‘tgan yilning yozida ham Qozog‘iston cho‘lida avtohalokat tufayli 16 nafar yurtdoshimiz vafot etgan edi. Oradan bir necha oy o‘tib, kuzda Rossiyaning Vladimir viloyatida avtobusni poyezd urib ketishi natijasida yana qariyb shuncha kishi vafot etdi. Bu galgisi esa yanada dahshatli. Bir avtobus odam tiriklayin yonib ketdi. Bu esa ko‘pchilikda shubha uyg‘otmoqda. Avtobusda yong‘in chiqadi-yu, hech kim undan qochishga urinmaydi. Hech bo‘lmasa oynalarni tepib sindirib chiqishlari mumkin edi-ku? Avtobus ko‘p qavatli uymidiki, derazadan o‘zini tashlagani qo‘rqsa odam?  

Boshidan fojiaga olovdan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgani aytildi. Undan tashqari avtobusning yuk bo‘limida yong‘in chiqqan bo‘lishi mumkinligi ham istisno qilinmadi. Qisqa tutashuv bo‘lgani ham taxmin qilindi. Tibbiy ekspertiza natijasida odamlar tutundan bo‘g‘ilib emas, aynan kuyish tufayli vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Bu ham shubhaga asos bo‘la oladi.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi oldida ham bir nechta vatandoshimiz hamdardlik bildirish maqsadida yig‘ilish o‘tkazgan. Ushbu yig‘in paytida Rossiyadagi o‘zbeklar jamiyati rahbari Usmon Baratov o‘z odamlari bergan xabarga asoslanib halokatning jinoiy tomoni haqida fikr bildirdi. Uning gaplariga ko‘ra, avtobus jinoyatchi to‘dalar tomonidan to‘xtatilib, pul talab qilingan, avtobusdagilar, tabiiyki, buni rad etishgan. Natijada qozoq millatiga mansub haydovchilarni chiqarib yuborib, eshiklarni yopib, avtobusni yoqib yuborgan bo‘lishlari ham mumkin.

Qozog‘istondagi bunday «mafiyalar» haqida kamina ham otamdan juda ko‘p bora eshitganman. Otamning aytishicha, Sariog‘ochdan boshlanadigan bunday «qaroqchilik» butun Qozog‘iston bo‘ylab davom etadi. Voqea sodir bo‘lgan Oqto‘ba viloyati shifoxonasidagi ekspertiza jarayoni niqobli posbonlar tomonidan qo‘riqlangani ham voqeaning yashirin sabablari borligidan darak bo‘lishi mumkin.

Bugun Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi voqea sababi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. «Yong‘in sababi bo‘yicha asosiy xulosa — olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish. Fojia joyida olovli kavsharlagich (payalnaya lampa) topilgan. U benzinda ishlaydi. So‘rov va tekshiruv natijasida avtobus ichida 5 litrli benzin solingan idish bo‘lganligi aniqlandi, — dedi dedi Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev «Sputnik» nashriga bergan intervyusida. — Ushbu xulosa tirik qolgan yo‘lovchilardan olingan ma’lumotlarga asoslangan. Avtobus dvigateli o‘chib qolgani tufayli mashina ichi sovib ketgan. Yo‘lovchilar isinish uchun olovli kavsharlagichdan foydalanishgan. Kavsharlagich 2 soatdan ortiq vaqt davomida ishlagan. Tabiiyki, bunday holda butun salon gaz-benzinli qorishma hidi bilan to‘lgan. Tasodifan to‘kib yuborilgan benzindan yong‘in chiqqan va u bir zumda, besh daqiqa ichida avtobusdagi barcha fuqarolarning hayotiga zomin bo‘lgan». Shu bilan birga, Turgumbayev fojiaga YTH yoki jinoyat sabab bo‘lishi mumkinligini mutlaq istisno qildi. «Fojia joyi ko‘zdan kechirilganda u yerdan birorta ham sovuq yoki o‘qotar qurol topilgani yo‘q. Hech qanday portlovchi moddalar yoki ularning qoldiqlari ham yo‘q. Bunday uydirmalar mutlaq istisno qilinadi», — dedi Turgumbaev.

Keyinroq esa avtobus haydovchilaridan biri Maqsat Pernebekovning oila a’zolarining Qozog‘istonning 31-kanaliga bergan intervyusi e’lon qilindi. Tirik qolganlardan biri Maqsat Pernebekov fojiadan bir necha soat oldin qayerda ekani, tashqarida havo harorati qandayligi va manzilgacha qancha masofa qolgani haqida videorolik jo‘natgani ma’lum bo‘ldi. «Men O‘zbekiston xalqidan, halok bo‘lgan yigitlarning onalaridan egilib kechirim so‘rayman», – deydi Maqsat Pernebekovning onasi ko‘zida yosh bilan. Pernebekovning yaqinlari fojiadan televizor orqali xabar topishgach, zudlik bilan Maqsatga qo‘ng‘iroq qilishdi, u esa qo‘li va boshi kuyganini aytdi. «U uxlab yotgan, avtobusni sherigi haydab ketayotgan ekan. Hodisa qanday bo‘lganini bilmasligini, avtobusdan tushgandan keyin portlash bo‘lganini aytayapti», – deydi Maqsatning opasi. Maqsat Pernebekov «Setra» avtobusini 4 yildan beri haydayotgan edi. Qozonga ko‘p bora borgan, yo‘llarni yaxshi bilgan. Yollanib ishlagan, avtobusning egasi har bir reys uchun unga 60 ming tenge to‘lagan. Shuningdek, uning yaqinlari avtobusning ta’miri uchun ko‘p vaqt sarflanganini bildirdi. «Maqsat avtobusni tez-tez tuzatib turardi. Avtobusning egasi unga pul berardi, o‘zi esa kelib, ta’mir qanday ketayotganini kuzatardi. Texnik ko‘rik, sug‘urta ishlarini avtobusning egasi bajargan», – deydi Maqsatning rafiqasi Aqnur Masanova.

Ma’lumotlarga qaraganda, yonib ketgan avtobus texnik ko‘rikdan o‘tmaganiga 2,5 yil bo‘lgan. Avtobusning egasida odam tashish uchun litsenziya bo‘lmagan. Avvalroq, voqea sodir bo‘lgan kuni tarqalgan ma’lumotlarda avtobus ilk bora bunday uzoq masofaga yo‘lga chiqqani haqida gap boradi. Rasmiy xulosada avtobus to‘xtab qolgan deyilgan, haydovchining yaqinlariga ko‘ra va boshqa taxminlarga qaraganda avtobus yurib ketayotgan bo‘lgan. Bunday bir-biriga zid ma’lumotlar ko‘ngildagi shubhani kuchaytiradi.

Bu yerda kimlardir yaqindagina aloqalari yaxshilangan qo‘shnilar orasida ana shunday hodisalar yordamida nizo keltirib chiqarishga uringan bo‘lishi mumkinligini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Bu buyurtma qilingan ishmi yoki shunchaki tasodifmi, yolg‘iz Yaratganga ayon.

Biz esa bo‘lib o‘tgan voqeadan xulosa chiqarishimiz lozim va lobud.

Jahongir Ostonov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring