Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Quyoshli»da qachon ichimlik suvi bo‘ladi? (video)

Vohadan kelib Toshkentga kiraverishda, katta yo‘lning o‘ng tomonida baland temir antennalarga ko‘zingiz tushadi. Zangiota tumani hududida joylashgan mana shu yerdagi qishloqni «Quyoshli» deb atashadi. 2012–2013-yillarda shu qishloqqa tutash joyda namunali uylar qurishga kirishildi. Qurilish turli sabablarga ko‘ra uzoq davom etdi.

Hozir «Maftunkor» deb nom olgan ushbu aholi maskanidagi uylarning 50 foizida uy egalari yashasa, qolganlari yo bo‘sh turibdi yoki bo‘lmasa, ijaraga berilgan. Xo‘sh, nega degan savol tug‘iladi.

Sababi ko‘p. Hovlilarga suv o‘tkazish tizimi tortilgan, ammo undan kelayotgan suvni ichib bo‘lmaydi — sho‘r, qattiq, ovqatni taxir qiladi, tomorqaga quyilsa, bamisoli yerga tuz sepilgandek oqarib, sho‘rlab ketadi. Transporti borlar poytaxtdan suv tashib ichishadi, qolganlar esa nima bo‘lsa, peshonamdan ko‘raman, deya ichishga yaroqsiz suvni iste’mol qilishmoqda. 

Aholining murojaatiga e’tibor bering: «Biz istiqomat qilayotgan hududdagi 2012–2013-yillarda qurilgan uylarda qaramasdan hanuzgacha ichimlik suvi ta’minoti va sifati bo‘yicha muammolar hal qilinmay kelinmoqda. Buning sababi barcha murojaatlar ijro uchun Zangiota tumani «Suvoqova» korxonasiga yuborilgan hamda «qo‘l uchida» qilingan ishlar va «quruq va’dalar» to‘liq bajarilmagan, ish oxirgacha yakunlanmagan.

Maftunkorliklar suvni tekshirtirib ko‘rishganda, u belgilangan me’yor talablariga javob bermasligi aniqlandi. Ya’ni qattiqlik me’yori 7 ko‘rsatkich bo‘lishi kerak. Qishloqda esa bu ko‘rsatkich 19 ni tashkil qilmoqda. Namunaviy uylar uchun suv yetkazib beradigan artezian qudug‘i «Quyoshli»dagi ko‘p qavatli uylardan chiqadigan oqova suvlar to‘planadigan hovuz yaqinida qurilgan. Tabiiyki, u yerga sizib, artezian qudug‘idagi suvga qo‘shiladi va bu suv yuqumli kasalliklar xavfini keltirib chiqaradi.

Xullas, mutasaddilarning va’dalari va’daligicha qoldi. Vaholanki, poytaxtning ichishga yaroqli shirin suvi shundoq katta yo‘l yoqasida, «Quyoshli»dan atigi 1,5-2 kilometr masofadan Bo‘zsuv tomonga tortilgan.

Ayni shu suvdan foydalanib, suvoqchilik ishlari amalga oshirilgani uchun, foydalanishga topshirilganiga hech qancha vaqt bo‘lmagan uylarning suvoqlari ko‘chib, sement ham nurab ketayotir. Hatto, ba’zi uylarning devorlari yorilib ketgan.

Hozirda namunali uylarning soni 155 ta. Umuman, mahalla fuqarolar yig‘inida jami 850 ta uy bo‘lib, 3500 ga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Buning ustiga 2016–2017-yillar uchun «Zangiota Suvoqava» inspektorlari ayrim xonadonlardan hech kanday tasdiqlanmagan narx me’yori buyicha, ichimlikka yaroqsiz suv uchun 1 oyga kishi boshiga 7000 so‘mdan hisoblab (suv hisoblagich yuq) to‘lovlar ham qabul qilgan. Aslida aholi uchun bir oyda ichimlikka yaroqli suv uchun suv hisoblagich bo‘lmagan xonadonlarda har bir kishiga 7482.5 so‘m narx belgilangan.

Hudud ahosilisi bu mummoni tezroq hal qilish bo‘yicha hatto o‘zlari taklif kiritishayotir:

Zangiota tumani «Suvoqava» korxonasi nisbatan yaxshi bo‘lgan suv manbasidagi №1 artezian qudug‘ini tuzatib, 8 o‘lchamlik nasos qurilmasi o‘rnatish va suv zahirasi uchun №2 quduq suv minorasini ko‘chirib kelish kerak. Zarur bo‘lsa, 8 o‘lchamlik nasos uchun yonidan yangi quduq qazish hamda artezian quduq suvini qayta ishlab iste’molga yaroqli holda uzatish mumkin.

Agar yuqori tashkilotlar bu taklifni qabul qilib, o‘z loyihalari, mutaxxassislari va zarur qurilish materiallari bilan ishga kirishsalar, mahalla aholisi ham albatta qarab turmaydi. Hashar elga yarashar, deydilar. Ko‘pchilik bo‘lib yordamga shay bo‘lib turibdilar.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Har ikki tomon ishga kirishsa, masalaning ijobiy yechim topishiga ishonchimiz komil. «Xabar.uz» mazkur holat yuzasidan mutasaddilardan javob kutib qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring