Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saidafzal Qulmamatov: «Hayotga doim yangicha ijodiy nazar bilan boqish kerak»

Saidafzal Qulmamatov: «Hayotga doim yangicha ijodiy nazar bilan boqish kerak»

Saidafzal Qulmamatov.

Foto: «Xabar.uz»

Axborot texnologiyalari cheklov va to‘xtov nima ekanligini butkul unutib qo‘ydi. Biz bugun o‘rganayotgan va foydalanayotgan texnologiyalarimiz ertaga eskirib qolmoqda. Dasturlar xilma-xilligi esa kundan-kunga ortib boryapti. Ko‘pchilik axborot texnologiyalari deyilganda ma’lum texnologiyani yoki kompyuterda terilgan qandaydir kodlar ketma-ketligidan tashkil topgan dasturlar majmuasini tushunadi. Ha, bu bir tomondan qaraganda to‘g‘ri. Ammo, axborot texnologiyalarining yanada ko‘plab biz unchalik e’tibor bermaydigan imkoniyatlari borki, undan ba’zi bir insonlargina foydalana oladi.

Bugungi suhbatdoshimiz aynan AT-sohasida tahsil olayotgan, uning imkoniyatlaridan unumli foydalanayotgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining izlanuvchan va ijodkor talabalaridan bir Saidafzal Qulmamatovdir.

— Saidafzal, universitetda tahsil olish mobaynida fotograflik bilan ham shug‘ullanib kelyapsiz. Aytingchi, ta’lim va ijodkorlik bir-biriga bog‘liqmi?

— Ha, albatta. Sababi ta’limda, eng avvalo, mutolaa, bilim olish tushunilsa, ijodkorlik o‘sha bilimlarni amalda qo‘llagan holda iqtidorni namoyish qilishdir. Qancha ko‘p biliming bo‘lsa, ya’ni kitob mutolaa qilsang, shuncha ko‘p kreativlik (yaratuvchanlik) oshib boradi. Dunyoqarashimiz, olamni va odamni tasavvur etishimiz, nafaqat botinda, balki zohirimizda ham namoyon bo‘la boshlaydi. Shu sabab ta’lim va ijodkorlik bir-biriga bog‘liq, deb bilaman.

Foto: Saidafzal Qulmamatov

— TATUda ko‘p yoshlar dasturchi bo‘lishni xohlaydi, siz esa...

— Bunga qiziqishim  yoshligimdan boshlangan, oilaviy o‘tirishlarimiz, turli xil tadbirlar mensiz o‘tmasdi. Chunki hayotimizning har bir lahzasini muhrlab borishni yaxshi ko‘raman. Dadam ham ijodkor inson, kreativlik va ijodga qiziqishim shundan bo‘lsa kerak.

Talabalik barcha orzularim ushalishiga sababchi bo‘lgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi o‘qishga kirganimdan so‘ng universitetimizning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasini yuritish menga topshirildi. Bu  katta ishonch edi. Shu vaqt orasida universitetimizning ijodkor yoshlaridan tashkil topgan ByeCryeativye jamoasi bilan tanishdim (bu jamoa bugungi kunda INTV nomi ostida yurtimizdagi ilk internet-telekanal sifatida faoliyat yuritib kelmoqda). Bu loyiha o‘zimni kashf qilishimga yanada katta imkoniyat yaratib berdi. Ushbu jamoa loyihasida suratga olish ishlarini o‘rganish bilan bir qatorda, o‘z ustimda ham ishlab boryapman. Ha, albatta, atrofimda dasturlashni mukammal o‘zlashtirgan kursdoshlarim bor, hatto, olimpiada g‘oliblari bilan tahsil olaman. Bu qandaydir ma’noda umumiylik! Ulardan ajralib turadigan jihatim bo‘lishini xohlayman va buning uchun doim izlanaman.

Foto: Saidafzal Qulmamatov

— Asosan qaysi mavzularda surat olasiz va olishni xohlaysiz?

— Portret janridagi suratlar ishlashni, fotoreportajlar tayyorlashni yoqtiraman. Shu bilan birga, filmlarga posterlar yaratishga qiziqishim baland. Odamlarning ichki dunyosini ko‘zida, yuzida aks ettirish juda maroqli! Bu menga ilhom bag‘ishlaydi! Odamlarni o‘zlari bilmagan holda suratga olishni yoqtiraman va bu odatda oddiylikdan go‘zal hissiyotlarni yaratadi. Orzuimga keladigan bo‘lsak, u juda ham ko‘p. Shulardan biri — dunyo bo‘ylab sayohat qilib, turli irqdagi odamlarni suratga muhrlash.

Foto: Saidafzal Qulmamatov

— Suratkashlikning ham qiyinchiliklari bo‘lsa kerak?

— Albatta, har ishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, oson tomonlari bo‘ladi. Shu bilan birga fotograflikning ham. Bir kuni tong otishining har bir soniyasini suratga olish istagi bilan Chimyon tog‘lariga bordim, yoz bo‘lishiga qaramay havo sovuq va kerakli rakursni tanlash  qiyin bo‘lgan, lekin o‘sha kuni maqsadimga erishib uyga qaytgandim (sevinib suratlarni ko‘rsatdi).

— Suratkashlik bilan ham yaxshigina daromad qilsa bo‘ladi. Ayniqsa, jahonning shunga ixtisoslashgan internet bozorlari bor.

— Ha, albatta, bu sohada yaxshigina daromad topish mumkin. Hozir har bir sohada axborot texnologiyalari ishtirok etmoqda. Bu bilan shuni aytmoqchimanki, suratlarni hozirda internetda ham sotishimiz, xarid qilishimiz mumkin. Bunga misol qilib EyeEm.com, shutterstock.com va boshqa aynan suratlar sotadigan internet do‘konlarini misol qilishim mumkin.  O‘zim ham bir necha marotaba ushbu internet do‘konlariga ishlarimni joylamoqchi bo‘lganman. Ammo, ularning ham o‘ziga yarasha standartlari bor. Shu sabab ishlarim qabul qilinmagan. Hozir shuni o‘rganish jarayonidaman. Yuqorida qayd etib o‘tgan saytlar mutlaqo xavfsiz va xizmatlari litsenziyalangan. Bu degani yaxshi suratlar olsangiz, ham o‘z muvaffaqiyatlaringizni ta’minlaysiz, ham yaxshigina daromad qilib olasiz. Buning uchun kompyuter grafikasi imkoniyatlaridan unumli foydalana olsak bas!

— Internet-do‘konda qaysi mavzulardagi suratlarni targ‘ibot qilgan bo‘lardingiz?

— Tarixiy, ya’ni milliy tariximiz aks etgan suratlarni targ‘ib qilishni istayman.

Foto: Saidafzal Qulmamatov

— Bilishimizcha, chet el safarida bo‘lib kelgansiz. Shu haqida ham biroz to‘xtalib o‘tgansiz.

— Universitetimiz ko‘plab chet el universitetlari, tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Bularga KOICAni misol qilib o‘tmoqchiman. Har yozgi ta’tilda Koreya va Xitoydan ko‘plab volontyorlar keladi, men ular bilan ko‘p bor o‘zaro bilimlar almashganman. Universitetimiz Xitoyning yirik kompaniyalaridan biri HUAWEI bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygach, kompaniya tomonidan malaka almashish uchun talabalar saralandi va men ham shu saralashdan o‘tdim. Xitoy Xalq Respublikasining Shenjen va Pekin shahriga «Kelajak nihollari» (Seeds for the future) tanloviga malaka almashishga bordim. U yerda juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Baribir jahon tajribalarini o‘rganish, ayniqsa, o‘z ko‘zing bilan ko‘rish boshqacha!

— Bugun barcha soha vakillarida «Time managment» tushunchasi oshib bormoqda, siz ham bunga amal qilasizmi?

— Vaqtni juda qadrlayman, har bir haftamni oldindan rejalashtiraman va uni buzmaslikka harakat qilaman. Chunki bir kuningizni rejalashtirmagan ishga bag‘ishladingizmi qolgan ishingiz keyinga qoladi. Harakatlar yangi g‘oyalarni vujudga keltiradi deyishadi-ku! Shuning uchun ham doim harakatda va har doim nimadir yangilik qilishni istayman. Xoh u axborot texnologiyalari sohasida bo‘lsin, xoh yaqinlarim davrasida...

Foto: Saidafzal Qulmamatov

— Qanday odatlarni yomon ko‘rasiz?

— Dangasalikni... Chunki dangasa inson doimo ishlari yurishmasa birovlardan ayb qidiradi. Doimo negativ fikrlarni o‘ylaydi. Atrofimda shunaqa insonlar bo‘lishini, umuman, tengqurlarimning birortasi dangasa bo‘lishini xohlamayman.

— Tengqurlaringizga aytar so‘zingiz?

— Ko‘proq kitob o‘qishlarini tavsiya qilaman. Doimo izlansak, har bir kunimizda nimanidir yaratishga harakat qilsak, yurtimizning ham ilmiy, ham ishlab chiqarishdagi salohiyati oshib boradi. O‘z iqtidorimizni mehnatlarimiz orqali yuzaga chiqarishimiz kerak. Hayotga doim yangicha ijodiy nazar bilan boqish kerak. Shunda yangidan-yangi g‘oyalar, imkoniyatlar vujudga keladi. Amerikalik psixolog, yozuvchi Robert Kiyosakining bir kitobida shunday jumlalar bor: Odamlar bor — nimanidir sodir bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Odamlar bor — nima bo‘layotganini tomosha qiladi va nihoyat «Nima bo‘ldi?» deb so‘raydilar. Biz ayni nimanidir sodir qilish ostonasida turibmiz. Buning uchun esa hamma imkoniyat va sharoitlar mavjud.

G‘ulomjon NAZAROV suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring