Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand go‘sht bozorlarida. Befarqlikmi, befarosatlik?..

Samarqand go‘sht bozorlarida. Befarqlikmi, befarosatlik?..

Foto:catalog.uzex.uz

Go‘sht xarid qilinayotganda odatda qassoblarga yoki sotuvchiga bir xil savol beriladi: narxi va uning mol yoki qo‘y go‘shti ekanligi. Keyin imkoniyatingiz va ehtiyojingizga qarab sotib olaverasiz.

Biron marta eshitganmisiz, yo guvohi bo‘ldingizmi, kim qiziqqan — qayerda va qanday sharoitlarda so‘yilgan, iste’molga yaroqli yo yaroqsizligi, mutaxassislar ta’biri bilan aytganda, sizga taklif qilinayotgan go‘shtning hujjati bormi, u laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tganmi va hokazo.

Go‘sht narxining qimmatlashib borayotganligi haqida juda ko‘p va xo‘p aytilyapti. Nima ham derdik, bozor iqtisodiyoti, yem-xashak falon pul, mol boqish kundan-kunga qiyinlashib boryapti...

Ammo bir narsa aniqki, 40-46 ming so‘mga go‘sht xarid qilarkansiz, u sog‘lig‘ingizga zarar keltirmasligi kafolatlanishi zarur. Ammo o‘sha kafolatni sizga kim beradi. Supermarketdagi sotuvchimi? Qassobmi? Yo molning egasi?

Samarqand shahri va viloyatning 14 ta tumanida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi tomonidan va DSENM, Davlat Veterinariya xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar ancha mulohazali va ... achinarli.

Ma’lumotlarga e’tiboringizni tortamiz:

Samarqand shahridagi markaziy Siyob va Temiryo‘l dehqon bozorlaridagi go‘sht rastalari va qassobxonalarning deyarli 70 foizida (!) antisanitariya holati qayd etildi. Qassoblar maxsus kiyimda emas, tibbiy ko‘rikdan o‘tganlikni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q, ayrimlarining jihozlari (asboblar, kunda, ilgich va hokazolar) notoza, qo‘l yuvish uchun sharoitlar yaratilmagan. Do‘konlarda sotilayotgan go‘sht miqdori bilan bozor tahlilxonasi bergan ma’lumotlar bir biriga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi...

«Marmar» bozori hududidagi mavjud 4 ta go‘sht do‘konidan faoliyat ko‘rsatayotgan ikkitasida sotuvchi uchun ham, haridor uchun ham hech qanday sharoitlar yaratilmagan, sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydi, hatto do‘konlarning hujjati ham yo‘q.

Shaharda shunday bo‘lgach, tumanlarda ahvol qanday ekan?

Samarqand tumanidagi Ravonak, Tollibarzu, Obod, Andijoni mahallalaridagi B.Saidov, S.Hotamov, T.Isoqov, M.Boltayevlarga qarashli do‘konlarda sotilayotgan go‘sht mahsulotlari laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganida, iste’molga yaroqsiz ekanligi aniqlandi va sotuvdan darhol olinib, qassoblarga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rildi.

Mazkur tuman hududida sotilayotgan go‘sht mahsulotlarining 44 foizi aholi xonadonlarida noqonuniy va antisanitariya holatlarida so‘yilayotgan mollarning go‘shtlari ekanligi aniqlandi.

Tan olish kerak, maxsus kushxonalar Samarqand viloyatining barcha tumanlari hududida ham yo‘q. Ammo vaqtinchalik maydonchalar yaratilib, moslashtirilgan sharoitlarda, veterinariya xizmati nazorati ostida go‘sht do‘konlari va qassoblarga chiqarilayotgan mahsulotlar ishonchli va iste’molga yaroqli bo‘lishi kundek ravshan. O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, tumanlarni qo‘ya turaylik, Samarqand shahridagi mavjud ichki bozorlar va mahallalar hududidagi qassobxonalarda sotilayotgan go‘sht mahsulotlarining deyarli yarmi qayerdan kelgani mutlaqo noma’lumligicha qolmoqda.

Davom etamiz, Oqdaryo tumanidagi qishloq joylarida faoliyat ko‘rsatayotgan 91 nafar qassobning 23 nafarida go‘sht mahsulotlarini sotishga ruhsatnoma bor. Ularning aksariyati molni o‘z xonadonlarida yoki molning egasinikida so‘yishlarini ma’lum qilishdi. Loyish shahrida yashovchi F.Fayziyev o‘z uyining qo‘shimcha binosidan so‘yish maydonchasi qurib olgan. Har bir so‘yilgan mol uchun xizmat haqi sifatida 1 kilodan go‘sht olib qoladi. Ammo tadbirkor sifatida hujjat rasmiylashtirilmagan, soliqlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Kushxona talabga mutlaqo javob bermaydi. Axlatlar vaqtida olinmaganidan atrofga badbo‘y hid taralib turibdi. Endi yoz kunlarida kushxona atrofida yashaydiganlarning holini tasavvur qilavering...

Gapiraversak, gap ham, ish ham ko‘p. Nima bo‘lganda ham, «qimmat» deya og‘rinib-og‘rinib sotib olayotgan mahsulotimiz oshqozonimizga tushgach, zararimizga ishlamasin! Balki ta’siri birdan bilinmas. Ammo ta’sir qilishi aniq!..

Hech kim bilmasa-da aynan biz go‘shtning farqini juda  yaxshi anglaymiz. Butun dunyoni  arzon fast-fudlar egallab olsa-da,  qo‘y go‘shtidan  tayyorlangan qaynoqqina sho‘rvani,  yog‘liqqina palovni, sergo‘sht manti-yu, chuchvaralarimizni  hech qaysi xot doglarga alishmasdikk-ku?! Nega qadimda hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga  «iligi to‘q  bo‘lsin» deb  ilik yalatishgan,  nega yangidan bo‘shangan ayolga   qo‘chqor so‘yib yedirganlar, nega «chimildiq»dagi kelin-kuyovga dastlab yangi so‘yilgan  qo‘yning kallasini pishirib kiritishgan... O‘lmas qadriyatlarimiz bizga ko‘p narsani anglatishi mumkin. Bularni unutib bo‘ladimi?

Yeb-ichayotgan har bir mahsulot bevosita millat genofondiga  ta’sir qilishi bor gap ekan-da.

Xizmat yuzasidan oilamiz bilan Qashqadaryoda yashagan paytimizda  ulardagi bir holatga juda havas qilgandik. Qaysi bir supermarketga kirsangiz (hatto bozorlarda ham shunday),  go‘shtning «yuz xili»ni topasiz.  Qo‘y, mol, echki, uloq, tovuq,  kurka yo barra deysizmi, yana ularning istagan  qismidan  xarid qilishingiz mumkin. Ular asosan qo‘y go‘shtini ma’qul ko‘risharkan. «Tuyoq kerakmi — marhamat, qiyma kerakmi  — yog‘lik bo‘lsinmi, yog‘sizmi», deb so‘rashardi. Qiziqchilarimizning  antiqa gapi  yodga tushdi: «Qashqadaryoliklar go‘sht yeyish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda  turishadi,  birinchi o‘rinda — bo‘ri...»

Bu albatta hazil.

Ha shunaqa, biz sifatli go‘shtning farqiga borardik. Ammo nima bo‘ldiki,  qassobxonalarda sotilayotgan  iste’molga yaroqsiz mahsulotlarni-da  sotib olib,  bola-chaqamizga yedirib yotibmiz.  Bu  befarqlikmi,  yo befarosatlik...

Mulohaza qilib ko‘raylik...

  Gulchehra Berdiyorova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring