Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saxovatga muhtoj oila: keksa ona bemor, qiz behol, nabira og‘ir kasal (video)

Murakkab vaziyatga tushgan inson har kimning ko‘zidan ilinj izlaydi, har bir kelgan odamga umid bilan qaraydi, ayniqsa og‘ir kasallik vujudni yemirayotganda. Ijodiy guruhimiz bilan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safar qilganimizda Andijon viloyati Oltinko‘l tumani «Suv-yulduz» mahallasida yashovchi To‘lanboy akaning xonadonida bo‘ldik.

Kamtargina xonadonning bir xonasida 67 yoshni qarshilayotgan onaxon Nazira Musayeva qandli diabetdan azob chekmoqda. U gapirishga ham qiynaladi, dard tufayli qo‘llari ham yaxshi ishlamay, barmoqlari bukilib qolgan. Qon bosimining muntazam ko‘tarilib turishi tufayli o‘rnidan tura olmaydi. Davolanish katta xarajat talab qilgani bois onaxon ko‘p hollarda dardga yengilib, anchagina cho‘kib qolgan. Shu xonaning o‘zida onaxonning qizi, qirq yoshni qarshilagan Dilfuzaxon ham yashaydi. U jismonan sog‘lom ko‘rinsa-da, ruhiyatida muammolar bor, qattiq charchagan, rangi za’faron. Buning bir necha sabablari bor: turmushga chiqqanidan keyin uch oyda ajrashib ketgan. Keyinchalik tug‘ilgan farzandi og‘ir asab kasalligi bilan dunyoga kelgan. 12 yoshni qarshilayotgan bu bolani faqat quchib ushlab turish mumkin. O‘zini eplolmaydi, ovqatini yeyolmaydi, hojatga chiqolmaydi. Ozgina qarovsiz qoldirilsa, o‘zini yo‘qotib, qotib qoladi. Bolani faqat nogironlik aravachasida bog‘lab olib yurish mumkin. Ammo oxirgi marta bundan 5 yil ilgari davlat tomonidan berilgan aravacha yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Yangisini sotib olishga oilaning qurbi yetmaydi...

Bu oila boshlig‘i onaxonning o‘g‘li To‘lanboy aka bo‘lib, uning o‘zining to‘rt farzandi bor. O‘qituvchilik maoshi ro‘zg‘orni tebratishdan ortmaydi. «Azbaroyi onam, singlim va jiyanimning ahvoli bunday bo‘lgani uchun ko‘zimni yumib biror joyga ishlashga ham ketolmayman», — deydi kuyinib.

Obod shaharlarda, ravon yo‘llarda yurganimizda, hashamatli uylarni ko‘rganimizda, o‘zimiz ham avtomobillarning turli-tumanini boshqarganimizda yurtimizda eng oddiy narsalarga muhtoj oilalar ham borligini unutib qo‘ymaylik. Azizlar, oramizda shunday insonlarga yordam berishni chin dildan istovchi saxiy odamlar talaygina. Keling, bugun tushlikni ozroq qilaylik, chekishni kamaytiraylik, bir shisha shirinsuv ichmasak ichmabmiz. Mana shu oilaga ko‘pning bir tomchidan bergani katta imkon bo‘lardi. Ishonamizki, sizning xayriyangiz bu oilaning duolariga aylanadi va ezguliklar ijobatiga sabab bo‘ladi.

Musayev To‘lanboy (Musayeva Dilfuzaxonning akasi):

+998906244356

Musayeva Dilfuzaxonga tegishli plastik karta raqami:

8600 0424 9656 0607 (Amal kilish muddati 06/19).

Nazira Musayeva nomiga ochilgan hisob raqami va plastik karta:

MFO-00662.
X/ r -23120000800000662100
INN -200255326.
A/ T - «Xalq banki».

Plastik karta:

8600 0604 9935 2798 (Amal kilish muddati 03/23).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring