Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahrisabzlik yosh tadbirkor yangi ish boshlamoqchi: tuman hokimligi nega uni sarson qilayapti?

Shahrisabzlik yosh tadbirkor yangi ish boshlamoqchi: tuman hokimligi nega uni sarson qilayapti?

Foto:«Nasafnews»

Tahririyatimizga shahrisabzlik Muzrob Jalilov murojaat yo‘lladi. Muammo shundaki, u tadbirkorlik qilish uchun bankdan kredit olgan, ammo tuman hokimligi joy masalasini ortga surib kelmoqda ekan. «Mahalliy nashrlar ushbu masalani yoritdi, ammo hokimlikka bu ta’sir qilmadi. Endi umidim sizlardan», deydi Muzrob. Mazkur muammo  Nasafnews.uz ham yoritilgan. Shuning uchun mavzu bayonini takrorlamay, ushbu materialni hukmingizga havola etishni ma’qul deb topdik. Masalaga Shahrisabz tumani hokimligi e’tibor qaratishi va yechishiniga umid bildiramiz.

Bugun tadbirkorlarga ayniqsa, yosh tadbirkorlarga hukumat tomonidan katta imkoniyatlar yaratib berilayapti. Ammo, afsuski joylarda ayrim tadbirkorlar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan sarson qilinayotgani soha rivojiga jiddiy zarar ko‘rsatayotgani ham bor gap.

Tadbirkorning rejasidan kim manfaatdor?

Tahririyatimizga Shahrisabz tumani «Miroqi» MFY «Furqat» ko‘chasida yashovchi yosh tadbirkor Muzrob Jalilov murojaat yo‘lladi. Murojaatda keltirilishicha, endigina 21 yoshni qarshi olgan yigit o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun bir yildan buyon ter to‘kadi. Uning biznes rejasi erkaklar paypog‘ini ishlab chiqarish bo‘lib, bu orqali ko‘plab mahalla yoshlarini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Kredit uchun hujjatlar tayyorlangan, loyiha tasdiqlangan. Hattoki, Xitoydan zavod bilan kelishuv shartnomasi ham tuzilgan. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: 21 yoshli tadbirkor boshqa davlatdan ishlab chiqarish texnikasini olib kelib sintetika aralashmagan toza xom ashyodan mahsulot ishlab chiqarmoqchi. O‘z navbatida bu mahsulotga turistik markazga aylanib borayotgan Shahrisabzda yetarlicha talab ham bor. Tadbirkor nafaqat paypoq ishlab chiqarishni, balki yengil yozgi futbolkalar va ko‘ylaklar ishlab chiqish hamda ularning savdosini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirib turibdi. Demak, ham xaridorgir, ham hamyonbop bu mahsulotlar barchaga birdek naf keltiradi.

Loyihani amalga oshirish uchun nima kerak?

Haqli savol. Shahrisabzlik tadbirkor shuncha ishni yo‘lga qo‘ymoqchi, ammo unga nima to‘sqinlik qilayapti? So‘zimiz boshida tuman hokimligi tomonidan yosh tadbirkor sarson qilinayotganini keltirib o‘tgan edik. Endi masalaning asl mohiyatiga e’tibor qaratamiz. Tadbirkorga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun yer kerak. «0» qiymat hisobidan mahalla guzari yonida bir necha yillardan buyon foydalanilmay kelinayotgan ko‘plab eski va qarovsiz binolardan birini sotib olish va foydalanish istagida bo‘lgan Muzrob mana bir necha oydirki, hokimiyat binosi eshigida sarson.

-Masala bo‘yicha hokimlikning kirib chiqmagan biror bo‘limi qolmadi. Tuman hokimi mutasaddilarni chaqirib masalaga yechim topishni buyuradi. Ular esa, qo‘liga «katta-katta bloknotlarini» olib kelib topshiriqni yozib olishadi. Keyin esa tashqariga chiqib, «…uka bu mening ishim emas, bu investitsiya bo‘limining vazifasi, iqtisod bo‘limiga aloqador ish, ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarga uchrash… va hokazo va hokazo»lar deb meni aldab-avrab jo‘natishadi. Bugun kel, erta kel, indin kel, hozir emas ishim ko‘p. Bu har bir bo‘limdan men eshitgan bir xil mazmundagi izohlar. Tuman hokimi qabulida ham ikki marotaba bo‘ldim. Har safar o‘sha ahvol. Eng achinarlisi esa, bo‘sh turgan mahallamizdagi eski binolar surati chiqarilgan ro‘yxat hokimiyat binosi ichida «savlat to‘kib» turibdi.

Foto:«Nasafnews»

E’tiroz qanchalik o‘rinli?

Xabaringiz bor, yaqinda «Shahrisabz tuman hokimligiga ega yo‘qmi?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda mazkur masala yuzasidan tuman hokimligi mutasaddilarining birortasidan tayinli izoh ola olmaganimiz ham keltirib o‘tilgan. Demak, tadbirkorning so‘zlarida jon bor. Biz-ku OAV xodimlari sifatida murojaat etganmiz. Ammo, murojaatlar bilan ishlashni anglamagan va muammoga yechim topishga harakat qilmagan hokimiyat vakillarining xatti-harakatini qanday tushunish mumkin?

Axir ularning vazifasi xalq bilan ishlash, ularning murojaatu-muammolariga atroflicha javob topishdan iborat emasmikin? Yoki biz ularning vakolatini noo‘rin keltirib o‘tayapmizmi? Shu o‘rnida «Miroqi» MFY raisi Bobur Azizovning bu boradagi fikri bilan qiziqdik.

Foto:«Nasafnews»

-Har bir tadbirkor bilan ishlayman. Yaqinda, mahallamizga kiraverishda yangi «Yoshlar guzari» qurib foydalanishga topshirildi. Men Muzrobga bir necha bora mana shu yoshlar guzaridan bo‘sh turgan biror xonani ijaraga olib ishlatishni taklif qildim. O‘zingni o‘nglab, ishlaring yurishguniga qadar bemalol ishlayver, sendan bir so‘m ham ijara haqi olmaymiz, dedim. Ammo Muzrob unamadi. U o‘z biznesimni alohida joyda tashkil qilaman. Hali rejalarim ko‘p. Biznesimga joy torlik qilib qolishi mumkin, deb javob berdi. Biz u so‘ragan bo‘sh turgan, qarovsiz binolarni bera olmaymiz, sababi hududimiz 2019 yil uchun «Obod mahalla” dasturiga kiritilgan bo‘lib, bu binolar buzib tashlanadi. Bu haqda tuman hokimi kelganida ham alohida ta’kidlagan edi. Ammo, buzilgan binolar o‘rniga maishiy ob’yektlar qurilishi ham rejalashtirilgan.

«Kuch-g‘ayratimni O‘zbekiston uchun sarflashni istayman»

Tadbirkorning maqsadi ezgu. U o‘z yurtiga, tumaniga, mahallasiga nafi tegadigan farzand bo‘lmoqchi. Biz bilan xayrlashar chog‘ida, Muzrob:

-Shu ishni boshlayman deb poytaxtda yaxshigina oylik maosh to‘laydigan korxonani tashlab keldim. Kim uchundir emas, o‘z yurtim, tug‘ilib o‘sgan ona shahrim uchun ishlashni niyat qilgandim. Rosti, ko‘pchilik qatori chet elga borib ishlashni xohlamayman. Mehnatimni, yoshligimni, kuch-g‘ayratimni O‘zbekiston uchun, vatanim uchun sarflashni istayman,-deb so‘zini yakunladi.

Xo‘sh, bir tadbirkorning muammosiga jiddiy qaramay, uni sarson qilishdan Shahrisabz tuman hokimligiga nima naf? Buni kim nazorat qiladi?

Mavzuga qaytamiz…

Muqaddas Ismoilova,
Dilshod Nabiyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring