Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sharq miniatyura san’atini dunyoga tanitish kerak

Sharq miniatyura san’atini dunyoga tanitish kerak

Zamonaviy miniatyura: to‘y

Foto: Maftuna Kalbayeva

Ijodkorlarning hayoti bir-biriga o‘xshamagani kabi ijodi ham turfa olam. Albatta, serqirra ijodkorlar kamnamo. Taniqli rassom Chingiz Axmarov ham o‘ziga xos iste’dod egasidir. Miniatyura san’atiga mehr qo‘yishim hamda bu sohaga qiziqishimga aynan ushbu rassomning san’at asarlari turtki bo‘lgan. Menga o‘zgacha ilhom baxsh etgan. Ayniqsa, Sharq ayollarining ibosi va nozikligini latif tasvirlagan.

Spitamenning Aleksandr Makedonga qilgan xiylasi
Foto: Maftuna Kalbayeva

Rassomchilikka qiziqishim, miniatyuraga bo‘gan mehrimni kitob mutolaasi hamda buyuk bobolarimizning hayotiyu ijodi, nurli siymosi yanada orttirdi. Aslida, inson qaysi sohani tanlamasin, kitob unga asosiy turtkini beradi. Kitob barcha ishimizning mustahkam negizidir. Masalan, «Spitameninng xiylasi», «Alisher Navoiyning duosi» asarlarim aynan kitob mutolaasi tufayli muvaffaqiyat qozongan, deb o‘ylayman. Odamlarga zavq ulashuvchi asarlarni yaratishda nafaqat kitob, balki tarixni yaxshi bilish ham asqotadi. Yaratayotgan miniatyuralarimda bevosita kitob bilan tarixiy bilimlarimga asoslanganman.

Alisher Navoiyning duosi
Foto: Maftuna Kalbayeva

«Iskandarning suv tubiga tushishi va Hindistonga sayohati» asarimni ham tarixiy manbalar va hikoyalarga aoslanib, o‘z tasavvurimday aks ettirdim. Bizning sohada badiiy janrlar tarixiy voqealarga asoslanadi. Shunday ekan, «Xamsa» va «Shohnoma» asarlarini o‘qib, kompozitsiyalar yaratganman. Xalq dostonlari, buyuklar ijodidan ilhomlanib, qo‘limga mo‘yqalam olaman. Har bir ishlagan ishimni bir-biriga o‘xshatmaslikka harakat qilaman. Masalan, biri Buxoro maktabiga o‘xshasa, ikkinchisini eron miniatyurasi detallari bilan boyitganman. Sharq miniatyurasidagi tabiat manzaralari va ayol tasviri butun olamni o‘ziga oxanraboday tortgani kabi meni ham maftun etgan.

Ustozim Mirhamid Sobirov bilan
Foto: Maftuna Kalbayeva

Ustozim Mirhamid Sobirov aytganiday, rassomda avvalo mustahkam negiz bo‘lishi kerak. Qilayotgan ishini qunt va mehr bilan bajarishi darkor. Bilim miniatyurada muhim ahamiyat kasb etadi.

Kompozitsiyalarimga ochib bergan mavzusiga qarab nom tanlayman. Tayyor bo‘lgan asarimni odamlar qanday qabul qlishi, maqtov eshitamanmi yo tanqid, shu xayollar meni hamisha qiynaydi.

Iskandarning suv tubiga tushishi
Foto: Maftuna Kalbayeva

Tengqurlarimning ayrimlari kompyuter grafikasiga asoslanib rasm chizishni ma’qul ko‘rishadi. To‘g‘ri, kundan-kunga kompyuterda rasm chizish amallari boyib bormoqda. Lekin menga o‘zimizning sharqona miniatyura san’ati bo‘yicha mo‘yqalamda ishlash ko‘proq yoqadi. Bu sohani va yo‘nalishni tanlaganimdan sira afsuslanmayman.

«Xamsa»: Iskandarning Hindistonga sayohati
Foto: Maftuna Kalbayeva

Izlanishlarim va mehnatlarim besamar ketmadi chog‘i, bir qator tanlovlarda I darajali diplomlar, faxriy yorliqlarni qo‘lga kiritdim hamda oliy o‘quv yurtlari aro ko‘rgazmalarda o‘z ishlarim bilan qatnashdim.

Nasib etsa, o‘z ko‘rgazmamni chet el davlatlarida o‘tkazib, Sharq miniatyurasi ravnaqiga hissa qo‘shish hamda uni dunyoga tanitish niyatidaman.

Maftuna Kalbayeva

Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn instituti bitiruvchisi

Zamonaviy miniatyura: beshik to‘y
Foto: Maftuna Kalbayeva
Rustamning fil bilan jangi
Foto: Maftuna Kalbayeva
Suhrobning ot tanlashi
Foto: Maftuna Kalbayeva
Zahhok
Foto: Maftuna Kalbayeva
Zamonaviy miniatyura: to‘y
Foto: Maftuna Kalbayeva

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring