Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev ayollarni bayram bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev ayollarni bayram bilan tabrikladi

O‘zbekistonda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan poytaxtdagi «O‘zekspomarkaz»da tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakat xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘’tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir, — dedi Prezident. — Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

Davlat rahbarining 2018-yil 2-martdagi qaroriga muvofiq, bu yil yangi tartib asosida 28 nafar faol qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, bugun, 7-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekkan edi.

Mamlakatning ishlab chiqarish tarmoqlari, tadbirkorlik, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at va boshqa sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan opa-singillarimiz, turli vazirlik va idoralar vakilalari to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘ldi.

Tadbirga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomat ayollar, jumladan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy Xalq Respublikasi, Fransiya, Misr Arab Respublikasi elchilari ham taklif qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring