Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashdi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

18-yanvar kuni Gandinagar shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Jo‘shqin Gujarat» xalqaro sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, Hindiston Bosh vaziri nufuzli O‘zbekiston delegatsiyasining Sammit ishidagi ishtiroki uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.

O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi, shuningdek ikki mamlakat o‘rtasidagi izchil mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va sheriklik munosabatlarining yana bir yorqin dalilidir.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yili oktyabr oyidagi Hindistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. 

Tashrifdan so‘ng o‘tgan vaqt davomida barcha yo‘nalishlardagi o‘zaro aloqalar faollashgani qayd etildi.

O‘tgan hafta Samarqand shahrida «Hindiston – Markaziy Osiyo» Muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida Toshkentda qo‘shma Tadbirkorlikni rivojlantirish markazi o‘z faoliyatini boshladi. Mamlakatimizda Hindiston sanoat konfederatsiyasi vakolatxonasi ochilishi ko‘zda tutilmoqda.

Sammit arafasida Gujaratda O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hindistonlik hamkorlar bilan Toshkent shahrida ilg‘or axborot texnologiyalari texnoparki, Andijon viloyatida farmatsevtika zonasi tashkil etilmoqda.

Hindiston Eksimbanki bilan O‘zbekistondagi ijtimoiy muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun qiymati 200 million dollarga teng kredit liniyasi ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizda Hindistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari – «Amiti» va «Sharda» universitetlari o‘z ishini boshlaydi.

Davlat rahbarlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika tarmog‘i, zargarlik sanoati, qishloq xo‘jaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish zaruriyatini qayd etdi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish yo‘lida qat’iy ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuv so‘nggida Hindistonga uran yetkazib berish bo‘yicha imzolangan uzoq muddatli kelishuvni o‘zaro almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring