Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Bosh vaziri bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Bosh vaziri bilan uchrashdi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik kabi sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan hujjatlar yuqori baholandi.

Xususan, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejasi ikki mamlakat hukumatlariga katta mas’uliyat yuklaydi. Muloqotda mazkur kelishuvlarni bajarish, savdo aylanmasini ko‘paytirish va tarkibini diversifikatsiya qilish, biznes uchun qulay muhit yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini, buning uchun barcha zarur sharoit yaratilishini ta’kidladi.

Qohir Rasulzoda O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraisi sifatida o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish, qo‘shimcha imkoniyatlar bo‘yicha takliflar tayyorlashga alohida ahamiyat berishini qayd etdi.

Ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, tranzit yuk tashishni ko‘paytirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring