Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shayxga nega oliy jazo so‘ralmoqda?

Shayxga nega oliy jazo so‘ralmoqda?

Foto: «Azon.uz»

Shayx Salmon Avda saudiyalik mashhur olim, podshohlik aslzodalar qoliplariga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyati bilan tilga tushgan ulamo.

Shayx Salmon Avda «Arab bahori» boshlanganidan beri ilk marta 2016 yilda xorijga chiqdi. Unga Saudiya Arabistonini tark etish taqiqlangandi, biroq hokimiyatga yangi kelgan qirol Salmon bu taqiqni olib tashlagan edi. Avda ko‘p o‘tmay – 2017 yilning yanvarida yana vataniga qaytdi. Bu safar o‘z ixtiyori bilan emas, balki ayoli va o‘g‘li fojeali o‘limi sabab yurtiga kelgandi: ular avtohalokatga uchragan edi.

Shunday qilib, qirollikdagi uyg‘onish harakatining ramzlaridan biri va juda katta obro‘ga ega shayx Salmon vataniga qaytdi. Uni Saudiya xalqi, qirollik oilasi a’zolari, hukumat rahbarlari, hatto qirol Salmon ham hamdardlik bilan qarshi oladi. . Lekin bu zohiriy ko‘rinish edi, xolos.

Tez orada barchasi butkul o‘zgardi. 

Shahzoda Muhammad ibn Salmon taxt vorisligiga tayinlanib, hukumat tizginini qo‘lga olgach, shayxga yana mamlakatni tark etish taqiqlandi. Ketma-ket taqiqlar ortidan u hibs etilishi ehtimoli oshdi. Bosh prokuratura unga terror bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yib, jazolashni talab qilishga tushdi.

Xo‘sh, Salmon Avdani nega qamoqqa tiqishdi?

Shayx 2017 yilning 8 sentyabrda, ya’ni «Qatar qamali» davom etayotgan bir paytda 14 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan Tvitterdagi shaxsiy sahifasida quyidagi duoni e’lon qildi: “ Sen(ing Rahmating) ila Sen(ing uqubating)dan panoh tilayman. Senga Sen O‘zingga sano aytganingdek sano ayta olmayman. Allohim, ularning qalblarini xalqlari uchun yaxshi bo‘lgan narsaga muvofiq qil”. Bunda «Qatar qamali» ortidan Saudiya Arabistoni va Qatar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni o‘zaro tushunish orqali hal qilishga urinish kerakligiga ishora bor edi.

Saudiya hukumati bu ortidan shayxdan Xavfsizlik markazi binosiga borishini talab qilgan. Shayxning o‘g‘li Abdullohga ko‘ra, o‘shanda uning ko‘zini bog‘lab, qo‘liga kishan urib olib ketishgan.
O‘sha kundan beri shayx bir kishilik tor hibsxonada saqlanyapti.

Shayx Salmon Avdaga nisbatan Saudiya Arabistoni Jinoyat kodeksining 37 ta bir-biridan «ajoyib» ayblov e’lon qildi. Bu ayblovlar kuzatuvchilar va huquq faollarining keng muhokamasiga sabab bo‘ldi. «Ajabtovur» ayblovlarning eng ko‘zga ko‘ringanlari orasida podshohni yetarlicha duo qilmaslik, shayx Yusuf Qarzoviy kitoblarini uyida saqlash, Qarzoviy boshchilik qiladigan Butun dunyo ulamolari ittifoqi va Yevropa fatvo kengashi tashkilotlariga a’zo bo‘lish, bir nechta islomiy tashkilotlar, xususan, Quvaytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tuhmatlardan himoyalash maqsadida «Nusrat» tashkilotini tuzish kabilar bor. Ushbu «ayblov»lar tufayli Bosh prokuratura shayx Salmon Avdani o‘lim jazosi munosib deb hisoblaydi.

Shayxga qo‘yilgan ayblovlar huquqshunoslar va advokatlarning e’tiborini tortdi, ular ayblovlarni safsata deb baholashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda «Salmon Avda terrorchi emas» xeshtegi ostida kampaniya boshlandi.

Manba: azon.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring