Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shu holingizda maddohlik qilish nima zaril?!

Shu holingizda maddohlik qilish nima zaril?!

Illyustrativ foto

O‘tgan yillar davomida o‘zbek matbuotining va jurnalistlarning obro‘sini tushirib yuborgan eng katta illat – maqtov, maddohlik bo‘ldi. Shuning kasriga bugun ko‘pchilikda matbuotga ishonch yo‘q. Shuning kasriga bugun matbuot yorug‘likka chiqishga qiynalib yotibdi. O‘lganning ustiga tepgan qilib, siz – maqtov va olqishlarga ixtisoslashgan «jurnalistlar» haliyam o‘z hunaringizni davom ettirib, jurnalistikani uyat balchig‘iga qorishda davom etyapsizlar.

Men aksariyat viloyat hokimliklari gazetalarida buni yaqqol ko‘rib turganim uchun aytyapman. Bilaman, bunaqa achchiq gaplar yoqmaydi sizlarga. Lekin e’tiborga olishga majbursiz, chunki o‘zbek matbuoti onangizning mahriga tushmagan, undan istagancha foydalanishga haqli emassiz! 

Matbuot – jamiyatning qon tomiri – uni maddohligu maqtovlar bilan bulg‘asangiz, jamiyatning tomiridagi qon buziladi. Jamiyat buziladi! Siz buni istaysizmi? Yo‘qsa, nega gazetangiz viloyat hokimiga qaratilgan olqishnomaga aylangan? Sizlarning burchingiz xalqning yonida turishmi yo hokimlarningmi? 

Hamma viloyatning o‘z «...haqiqati», «...sadosi», «...yo‘li» bor. Bu «haqiqat»lar, «sado»lar, «yo‘l»larning deyarli hammasi maqtovga, madhu-sanoga eltadi. Sizlarning bu «haqiqat»laringga ishonadigan bo‘lsak, shu qadar to‘rt yonimiz to‘kis bo‘lsa, adolat va haqiqat izlab, muammosiga chora qidirib, ariza ko‘tarib, izillab to‘rt tomonga chopib yurgan fuqarolar «shunday fozil hokim buvalarning qadriga yetmaydigan nonko‘rlar» bo‘lib chiqadimi?.. 

Mabodo, hokimlaringiz zo‘r ishlayotgan taqdirda ham ularni maqtayverish joiz emas, chunki u bor-yo‘g‘i o‘z vazifasini bajaryapti, xolos. Xalqqa osmondagi oyni olib berayotgani yo‘q. Qolaversa, gazetlaringizda maqtalayotgan hokimlarning juda ko‘p qilg‘iliklarini butun xalq ko‘rib-bilib turibdi.

Aksariyatingiz haminqadar maoshga ishlaysiz; sizga ajratilgan xonalar ham bir ahvolda; ishlatadigan kompyuterlaringizdan ko‘chadagi paynetchilarning kompyuteri obro‘liroq; liqillagan stol-stullarda o‘tirasiz; amallab tushlik qilasiz (vaholanki, majburiy obunalar davrida gazetingizga bir necha yuz million so‘mlab obunalar rasmiylashtirilar edi, siz u pullarning nimaga sarflanganini ham, «obuna arig‘i»dan kimlar foydalanganini ham bilmaysiz); tekshirishlarga borganda (uch-to‘rt tanga orttirish uchun) «atab qo‘yilganlar»ni olishga majbur bo‘lasiz; hokimiyatlardagi besh-olti soatga cho‘ziladigan majlislarda oyoqlaringiz uvishib, bellaringiz qotib, o‘quvchi boladek daftar qoralab o‘tirasiz; haqiqatni emas, xo‘jako‘rsinga o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritasiz...

Mabodo bitta-yarimta haqqoniy maqola yozgudek bo‘lsangiz, bosh muharriringiz uni chop ettirib bo‘pti! Qani, bir necha o‘n yillab shu joyda o‘tiraverganidan kursisiga ildiz otib ketgan bu «Gl. redaktor»ga e’tiroz qilib ko‘ring-chi!..

Hech tushunmayman, shu holingizga maddohlik qilish nima zaril?! Agar maqtamasangiz, ishingizni olsalar, topshiring bunaqa ishni, harna bitta yolg‘onchidan qutulamiz, duo qilamiz. Hech qursa, vijdoningiz oldida yuzingiz yorug‘ bo‘ladi. Rizqingizni xudo beradi.

Siz yana bir narsani tushuning: sizning ortiqcha va noo‘rin maqtovlaringiz – maddohligingiz sabab, maqtalayotgan odam o‘zidan ketadi; Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «oyog‘i yerdan uziladi»; tobora katta ketib, hovliqib boradi; odamgarchilikdan chiqadi. Hazrat Sa’diy aytganlaridek, «agar birovni o‘zida yo‘q fazilatlar bilan maqtayversangiz, u o‘z xatolarini fazilat hisoblay boshlaydi». Biz naq 25 yil shunday kaslarning kasriga qolmadikmi? Siz yana shunday fojiani xohlaysizmi? 

Gapning qisqasi, jurnalist bo‘lsangiz, risoladagidek — jurnalistga o‘xshagan jurnalist bo‘ling; eplolmasangiz, iltimos, xalqning jig‘iga tegavermang, matbuotni beobro‘ qilmang. 
«Nima haqqing bor bunday deyishga?» — deysizmi? Haqqim bor. Menam matbuot xodimiman. O‘zim ishlaydigan maydon toza bo‘lishini xohlayman va atrofdagilardan tozalik talab qilishga haqliman. 

Umid qilamanki, shu bugunoq vijdoningiz bilan yuzma-yuz o‘tirib gaplashib olasiz.

Dilfuza Komil,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring