Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdumajid Ahmedov

Taqdirga ishonganimdan mana shu yozayotganlarim sizgacha yetib borishidan umidvorman. Rizq deb atalmish bebaho narsadan siqmaganiga shukr...

Shveysariya banklari haqidagi ba’zi uydirmalar

Shveysariya banklari haqidagi ba’zi uydirmalar

Foto: «Cryptonovosti.com»

Ba’zan bankda chiqqan muammolardan bezgan yoki pul qadrsizlanishidan cho‘chigan kishilar go‘yoki pullarning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan Shveysariya banklari haqida eslab qolishadi. Bunday ishonch qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida biroz fikr yuritish zarar qilmasa kerak!..

Biz ideallashtirib yuborgan xorij banklari aslida biz o‘ylaganchalik ishonchli emas. Ular haqidagi uydirmalarning ayrimlariga to‘xtalamiz. 

1. Istalgan xorij banki pullarning 100 foiz saqlanishiga kafolat beradi va hech qachon sinmaydi!

Amerikadagi ipoteka bo‘hroni birinchi navbatda aynan banklarga zarba berdi. Buyuk Britaniyadagi sentyabr shov-shuvi esa dard ustiga chipqon bo‘ldi. Mamlakatdagi yirik banklardan biriga likvidlikni saqlab turish uchun yordam kerakligi ma’lum bo‘lganida, vahimaga tushgan inglizlar uch kun ichida bir necha soatlab navbatda turgan holda o‘z hisobvaraqlaridan 4 milliard dollarni yechib olishgan. Undan keyin esa Yevropa ittifoqidagi boshqa mamlakatlar aholisi ham bankomatlarga yugurgan. Natijada qit’adagi ko‘pgina kredit tashkilotlari aksiyalarining narxi keskin tushib ketdi. Eng asosiysi, asrlar davomida birday turishi ta’kidlangan buyuk banklar bir necha oy ichida yer bilan yakson bo‘ldi. 

2. Xorijda mijozlarni fuqaroligi va daromad turidan qat’i nazar yaxshi ko‘rishadi!

Ko‘pgina xorijlik bankirlar hozir ham rivojlanayotgan davlatlardagi millionerlar chet el banklarida hisob ochishini, shu orqali noqonuniy yo‘l bilan topgan millionlarini yashirayotganini taxmin qilishadi. Yevropa ittifoqidagi qonunlar juda qattiq bo‘lib, «iflos» pullarga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan. O‘z halolligingizni isbotlash uchun mahalliy tilga tarjima qilinib, notarius tasdiqlagan qator hujjatlarni taqdim etishingiz kerak bo‘ladi. Qog‘ozlarni yig‘ishda ancha pul yo‘qotganingizdan keyin bank pullaringizdan «sizning kredit tarixingiz bizga to‘g‘ri kelmaydi, biz esa tavakkal qilishni xohlamaymiz» degan ma’noda voz kechishi ham mumkin. Ba’zi banklar esa o‘z hisoblarini uzoqda turib boshqaradigan mijozlarni umuman yoqtirmaydi. Siz esa aynan shunday mijozlar qatoriga kirishingizni unutmang. 

3. Xorijda stavkalar juda yuqori!

Yevropa banklari qo‘ygan omonatingizga katta foiz to‘lashi bilan hech qachon maqtanishmagan. Ular mijozlarni har xil bonuslar va sovg‘alar, kredit kartalarini bepul rasmiylashtirish bilan jalb etishadi. Ammo bankda hisob ochmoqchi bo‘lsangiz, xizmatlar uchun katta pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Masalan, Shveysariyada har bir bank amaliyoti uchun olinadigan mukofot puli juda katta. Albatta, agar siz milliard dollar qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, bunga e’tibor qilmasligingiz mumkin. Biroq «ortiqcha» 20 ming dollaringiz bo‘lsa, ta’bingiz xira bo‘lishi turgan gap. Sizga muddatli omonatdan boshqasini taklif qilishmaydi.

4. Soliq to‘lamaslik uchun pullarni xorij bankiga qo‘yish kerak!

Xorij bankida hisob ochayotgan paytida xorijiy fuqaro bu haqda bir oy ichida soliq inspeksiyasini xabardor qilishi va har yili unda qancha pul yig‘ilgani haqida ma’lumot berib turishi shart. Bundan tashqari, yo o‘zining mamlakatida, yoki bank joylashgan mamlakatda baribir soliq to‘lashga to‘g‘ri kelishini tushunish lozim. Xorijliklar soliqlarni to‘lashga juda jiddiy qarashadi, shu bois bank va mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomada davlatga to‘lanadigan soliqlarning barchasi oxirgi tiyinigacha ko‘rsatiladi. Ushbu qoidaning buzilishi jarimaga (va hatto qamoq jazosiga) sabab bo‘ladi.

Xullas, shveysariyaliklarda qanday maqollar borligini bilmadigu, bizning ota-bobolarimiz «Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-tarozi» deb bejiz aytishmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring