Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soliqchilarga bank hisobvaraqlariga daxl qilish huquqi berildi

Soliqchilarga bank hisobvaraqlariga daxl qilish huquqi berildi

Foto: «Xabar.uz»

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlariga quyidagi huquqlar berildi:

— soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda soliq to‘lovchi-yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish;

— davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalarni undirish;

— soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladigan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun kameral nazorat natijasi bo‘yicha joyiga chiqqan holda mavzuga oid va ekspress-o‘rganishlarni amalga oshirish;

— yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan summada so‘zsiz hisobdan chiqarish.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining «Respublika axborot-maslahat markazi» va «Soliq deklaratsiyalarini qayta ishlash markazi» davlat unitar korxonalari negizida «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Quyidagilar «Soliq-servis» DUKning asosiy vazifalari etib belgilandi:

— soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda texnik jihatdan ko‘maklashish, shuningdek, hisobotlar va deklaratsiyalarni qabul qilish bo‘yicha soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga amaliy yordam berish;

— davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimini texnik, dasturiy va axborot ta’minotini boshqarish;

— davlat soliq xizmati organlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan hujjatlarni qog‘oz va elektron shaklda markazlashgan holda arxivda saqlash;

— «call-markaz» maxsus servisi orqali aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish;

— soliq to‘lovchilarni elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritish qoidalari bo‘yicha o‘qitish, ularga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini yetkazish;

— axborotni himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish;

— davlat soliq xizmati organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish.

Davlat soliq qo‘mitasi davlat soliq xizmati hududiy organlarining yuqorida ko‘rsatilgan funksiyalarni bajaradigan boshqaruv xodimlari shtat birliklarini qisqartirish hamda ma’lumotlarni qayta ishlash markazi ishini tubdan takomillashtirish, jumladan, soliq to‘lovchilar uchun yangi dasturiy mahsulotlar va servislarni ishlab chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishni nazarda tutadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring