Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sotib olgan uyidan haydalayotgan ayol nolasi (video)

Tahririyatimizga kelgan navbatdagi murojaat kishini o‘yga toldiradi. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, bunday murakkab vaziyatga har qanday inson tushib qolishi mumkin. Aytaylik, siz kimdandir uy sotib oldingiz, kelishilgan pulni berdingiz, oldi-sotdini notarial tartibda, qonunlar asosida rasmiylashtirdingiz. Uyga kirib binoyiday yashay boshladingiz. Ammo oradan bir necha yil o‘tib uy egasining o‘lgan deyilgan onasi tirik ekanligi ma’lum bo‘lyapti. O‘sha ona o‘zi kelmay kimnidir vakil qilib jo‘natsa va uyni qaytarishni talab qilib qolsa... Yanada qizig‘i da’voni uyni sotib, pulni olib ketgan o‘z o‘g‘liga emas, uyni sotib olgan sizga qilsa...

«Assalomu alaykum. Men, Obloqulova Lola Boboqulovna, O‘zbekiston qonunlariga chin yurakdan amal qilib kelayotgan, o‘z vataniga sodiq, o‘qimishli farzandlarni tarbiya qilib, ko‘p yillardan buyon nogiron bo‘lishiga karamasdan, xalq tashvishini o‘ziniki deb biladigan oddiy fuqaroman.

2002-yilda halol pulimizga qonuniy hujjatlar asosida, notarial tartibda Yunusobod tumani 3-kvartal 13-uy 3-xonadonni sotib oldim va o‘zim o‘sha paytda betobligim tufayli xonadonni ukamning nomiga rasmiylashtirdim. Keyinchalik o‘zim va farzandlarim shu xonadonda ro‘yxatdan o‘tdik.

O‘sha vaqt xonadonni bozor narxida 4600 AQSh dollariga uy egasi Medjitov Marlenning o‘zidan notarial tartibda sotib olganman. Mana, shuncha yildirki, nafaqat xonadonni, balki tartibsiz ahvoldagi 13-uyning yo‘laklarigacha hammaning havasi keladigan darajada ta’mirlab yashab kelmoqdaman.

Oradan ikki yil o‘tib muammolarim boshlandi va, deyarli 15 yildirki, sudma-sud qatnayman. Chunki sud tomonidan «o‘lgan» deb topilgan uy egasining onasi qayerdandir «qayta tirilib» qoldi va o‘zi O‘zbekistonga kelmay ishonchnoma asosida ishonchli vakillarini jo‘nata boshladi. Bu vakillar mendan uyimni qaytarib olish payiga tushishdi. Holbuki, men bu xonadonni sotib olayotgan paytimda uy egasining onasi borligini ham bilmaganman!

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi, Toshkent shahar sudi, Toshkent shahar hamda tuman prokuraturasi fuqarolar huquqlarini mensimasdan, qonunlarni turlicha talqin qilishi, o‘z xizmat vazifalariga yuzaki qarashi oqibatida 15 yildan buyon sud va prokuraturalar eshigida sarsonman.

Mahallam bilan birgalikda bu qalloblarga qarshi kurashishdan charchadik. Bir savolimga 15 yildan buyon javob topa olmayman. O‘zbekistonda chiqarilayotgan qonunlarimiz o‘z fuqarolarini — ya’ni bizni himoya qilish uchunmi yoki 25 yil oldin xulqi buzuqligi, firibgarligi tufayli O‘zbekistondan qochib ketib, Rossiya fuqaroligini olib, u yerda xam firibgarligi tufayli sudlanib, Turkiyaga qochib ketgan Hasanova Albinaning huquqlarini ximoya qilish uchunmi? «Odil» sudyalarimiz 71 yoshli Albina Hasanova Turkiyada yashab 15 yilga yuborgan, Moskva shahrida tasdiqlanmagan ishonchnoma asosida 1 kunda men yashab kelayotgan xonadonga qaror chiqarib, kadastrini tirik yoki o‘lik ekanligi nomalum Albina Hasanova nomiga rasmiylashtirib berishdi.

Sayyor sud qabulida bo‘lganimda oliy sud raisi Kozim Komilov «sizni bu uydan hech kim chiqara olmaydi, bu uy halol sizniki» deganida xuddi prezidentning gaplarini eshitgandek bo‘lib yig‘lab yuborgan edim. Oradan 5 oy o‘tib, Oliy sud yana sudyalar obro‘yi va manfaatini o‘ylab meni oilam bilan ko‘chaga uloqtirishga qaror qildi. Men mahallamda fuqarolar muammolarini hal qilish uchun kecha-yu kunduz, tinimsiz yugursamu mehribon xalqim oldida ko‘chaga uloqtirishsa. Qaysi aybim uchun?

Nima uchun sud, prokurorlar mening huquqlarimni himoya qilishdan bosh tortishmoqda? Sabab nima? Nima uchun mening uyimga da’vo qilgan shaxslarni 15 yildan buyon bir marta ham sudga chaqirmagan, shaxsini aniqlamagan, ular yuborgan ishonchnomalar noqonuniy ekanligini bo‘yicha bir necha bor murojaat qilsam-da tekshirib ko‘rmagan?

O‘zbekistonni tark etganiga 25 yil bo‘lgan, hozir Turkiyada ekanligi taxmin qilinadigan, o‘zi haqida hech qanday ma’lumot bermagan fuqaroning huquqlarini himoya qilishga fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi Sh.Rajabov boshchiligidagi sudyalarni nima majbur qildi ekan, o‘sha omil mening ham huquqlarimni himoya qilmaydimi?

Yunusobod tumani sud ijrochilari tomonidan mening foydamga 2009 yilda chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan 23 million 500 ming so‘m pulni mening foydamga, 4 million 700 ming so‘m pulni davlat foydasiga undirish haqidagi ijro hujjatlari fuqaro Albina Hasanova O‘zbekistonga kelsa undiramiz deb bajarilmasdan atayin yo‘qotilgan.

Firibgar Medjitov Marlenga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2008-yilda firibgarga nisbatan amnistiya qo‘llangan va hujjatlari yoqib yuborilgan. Bunday noqonuniy xatti-harakatlarni kim qildi ekan?

O‘z uyimiz, o‘z vatanimizdan chiqarib yuborishsa men farzand va nabiralarimni olib qayerga boraman?

Hurmat bilan,
Obloqulova Lola Boboqulovna».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring