Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sport olamida ro‘y bergan qiziqarli voqealar

Sport olamida ro‘y bergan qiziqarli voqealar

Foto: «Eurosport»

Kim mehmon, kim mezbon?

Yevropa chempionlar ligasining 2003-yilgi yarim finalida to‘qnash kelgan Milanning ikki jamoasi «Inter» hamda «Milan» uy uchrashuvi borasida kelishib olishlariga to‘g‘ri keldi. Ikki klub ham uy uchrashuvlarini bitta stadionda o‘tkazishlari sababli, qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, shartli ravishda birinchi uchrashuvning mezboni «Milan», ikkinchisiniki «Inter» bo‘ldi. Har ikki o‘yinda ham durang natija qayd etilgani sababli (0:0, 1:1) finalga «mehmonda» urilgan gol hisobiga «Milan» yo‘llanma oldi.

Chumoli uyasining foydasi

Norvegiyalik biatlonchi Magnar Solberg yoz oylarida o‘q otish mashqini chumoli uyasi ustida yotib bajarardi. Murabbiyining fikriga ko‘ra, bu holat sportchining fikrni jamlashga va tashqi ta’sir va charchoqqa e’tibor bermaslikka chaqiradi. O‘sha paytgacha jahon chempionatlarida birorta medal qo‘lga kiritmagan Solberg 1968-yili Grenobldagi olimpiada o‘yinlari chempionligiga erishgan. To‘rt yil o‘tib, Sapporoda ham muvafaqiyatini yana bir bor takrorladi.

Chumoli uyasi muvaffaqiyat garovimi?

Federer chimli, Nadal qumli kortda. Kim g‘olib?

Professional tennischilar Assotsiatsiyasi tomonidan 2007-yilning 2-mayida Ispaniyaning Palma-de-Malorka shahrida yarmi chim, yarmi qumli kortda antiqa uchrashuv o‘tkazildi. Uning ishtirokchilari besh yildan buyon ketma-ket 48 ta uchrashuvda chimli kortlarda mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan Rojer Federer hamda 3 yildan oshiq vaqt 81 ta o‘yinda qumli kortda faqat g‘alaba qozonayotgan Rafael Nadallar edi. 19 kun davomida qurilishiga 1 630 000 dollar sarflangan antiqa kortda uch set davom etgan uchrashuv ispaniyalik tennis yulduzining g‘alabasi bilan yakunlandi.

«Xok to‘ldirilgan ko‘za» bosh sovrin!

1882 yili Angliya terma jamoasi kriketchilari o‘z maydonida azaliy raqib Avstraliyaga yutqazib qo‘yishdi. «The Sporting Times» nashri mazkur o‘yin haqida kinoyali nekrolog e’lon qildi: «Angliya kriketi vafot etdi. Uning tanasi kuydirildi va xoki maxsus ko‘za (kubok)da Avstraliyaga jo‘natildi».

Avstraliyada bo‘lib o‘tgan keyingi uchrashuvda inglizlar jamoasi kuchliroq chiqib, melburnlik tashkilotchilar qo‘lidan o‘sha mashhur «ko‘za»ni qabul qilib olishdi – bu safar Avstraliya kriketi «xoki» solingan. Aynan o‘shanda yuqoridagi ikki mamlakat terma jamoalari ishtirokidagi mashhur «The Ashes» («Xok») turniriga tamal toshi qo‘yilgan. «Xok to‘ldirilgan ko‘za» bugungi kunda muzeyda saqlanadi, uning nusxasi turnir g‘olibiga taqdim etiladi.

«YouTube» roligidan foydalangan sportchi olimpiada sovrindori

Keniyalik Julius Yego «YouTube»da Olimpiada chempionlari ishtirokidagi roliklar orqali nayza uloqtirishni o‘rganadi. Afrika o‘yinlarida g‘olib chiqqach esa professional murabbiy bilan ishlashni boshlaydi. Shunday bo‘lsa-da, u yilning ko‘p vaqtini mustaqil tayyorlanish bilan o‘tkazardi. 2015 yili Yego nayza uloqtirish bo‘yicha jahon chempionatida g‘alaba qozondi, Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada bahslarida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

«Doing a Bradbury»

Avstraliyaliklar biror yutuqqa o‘z kuchi bilan emas, faqatgina omad tufayli erishishga «doing a Bradbury» («Bredberi ishi») iborasini qo‘llaydilar.

Qishki Olimpiya o‘yinlarida Avstraliya terma jamoasining ilk oltin medalini «short-trek»chi Stiven Bredberi 2002-yili qo‘lga kiritgan. Oldingi turnirlarda saralash bosqichidan nariga o‘tolmagan sportchi bu safar chorak finalda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi. Ammo bosqich g‘olibining musobaqadan chetlatilishi uni keyingi bosqichga olib chiqadi. Yarim finalda oxirgi o‘rinda borayotgan Bredberi boshqa sportchilar o‘zaro to‘qnashib, yiqilib ketishi natijasida finishga ikkinchi bo‘lib yetib keladi. Xuddi shunga o‘xshash holat finalda ham takrorlanadi.

Bu safargi to‘qnashuvda avstraliyalik sportchidan tashqari barcha sportchilar yiqilishadi. Omadli Stiven Bredberi esa Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritadi.

«Uchar fin»ning «parvoz»i

Parijda o‘tgan 1924-yilgi Olimpiadada finlyandiyalik yengil atletikachi Paavo Nurmi o‘zi ishtirok etgan barcha yugurish musobaqalarda g‘alaba qozondi. U shaxsiy va jamoaviy krossda, jamoaviy 3000 metrlik bahsda, shuningdek, 1500 va 5000 metrlarda ham oltin medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqalar orasidagi farq kamligi sababli terma jamoa murabbiylari 10000 metrlik bahs finaliga charchab qolgan Nurmini emas, balki boshqa bir sportchi – Ville Ritolani qo‘yishadi. Ville ishonchni oqlab, jahon rekordini o‘rnatgan holda oltin medalni qo‘lga kiritadi. Ammo, murabbiylaridan achchiqlangan Nurmi asosiyga qo‘shni bo‘lgan mashg‘ulot yo‘lagida ishtirokchilar bilan bir vaqtda yugurishni boshlab, finishga Villedan ham oldinroq yetib keladi. Lekin uning natijasi rasmiy ma’lumotlarga kiritilmaydi. «Uchar fin» laqabli Paavo Nurmi 10000 metrlik masofada 1920-va 1928-yilgi Olimpiya o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Eng uzun familiyali futbolchi

Zamonaviy futbolda eng uzun familiyaga ega yevropalik futbolchi Niderlandiya terma jamoasi sobiq a’zosi Yan Vennegor of Xesselink sanaladi.

Uning familiyasi 17 asrdan — ikkita fermerlar oilasi — Vennegorlar va Xesselinklar qarindoshlik rishtalarini bog‘lagandan buyon saqlanib kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda yangi tug‘ilgan bolaning nasabi ijtimoiy mavqei va boyligi jihatidan teng bo‘lgani bu ikki oila familiyalarini qo‘shishdan kelib chiqqan. Faqat yangi familiya mahalliy odatlarga ko‘ra, chiziqcha bilan emas, niderland tilida «yoki» ma’nosini beruvchi «of» bog‘lovchisi orqali yozilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring