Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Superaqllilar o‘yini: «Sichqon quvdi»

Superaqllilar o‘yini: «Sichqon quvdi»

Foto: «blisch.by»

Assalomu alaykum, assalomu alaykum, aziz tinglovchilar! Bugun yana fayzli seshanba oqshomi, hamma aqllilar futbol bo‘yicha chempionlar ligasida «Chelsi» — «Barselona» o‘yinini maza qilib tomosha qilayotgan bir paytda men, sizlarning sevimli boshlovchingiz Shomurod Eshto‘rayev faqat sizlar uchun ishlayapman. 99 «EFEM», efirda siz sevgan «Oshqovoq» radiokanali!

Bilasiz, radiokanalimiz o‘zining yuksak saviyadagi intellektual dasturlari va jonli efirga eng mashhur xonandalar taklif etilishi bilan ajralib turadi!

Bugun ham o‘z an’analarimizdan bir kilometr ham chekinmaymiz. Mehmonimiz bor albatta, sizlarni ko‘p kuttirmay uni studiyamizga taklif qilaman, yo‘q, u o‘zi studiyamizda o‘tiribdi... Nima desam ekan?.. Haligi, uni tanishtiraman... Taniysiz albatta... Chiqish qiladi xullas!

Kutib oling, o‘zining falsafiy qo‘shiqlari bilan millionlab muxlislar qalbini sehrlab qo‘ygan xushovoz xonanda Boyqo‘zi Qo‘chqorov siz azizlar bilan radioto‘lqinlarimiz orqali g‘oyibona ko‘rishmoqda.

— Boyqo‘zi, xush kelibsiz.

— Rahmat mani taklif qiganila uchun. O‘zi shu kunlarda vashshe to‘y ko‘piydi. Har kuni zakaz, burrolaram naval bo‘pketti. Ishonsez, bir kuni sumalakkayam chaqirishdi. Bormoqchiydimu, haligi, narxini kelishomiy...

— Boyqo‘zi, Boyqo‘zi. Bu haqda alohida to‘xtalamiz. Bugun siz muxlislaringiz bilan bevosita, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda suhbatlashasiz. Qolaversa, yaqinda bo‘lib o‘tadigan ilk konsertingizga chiptalar taqdim etasiz. Xo‘sh, buning uchun muxlislar nimalar qilishi kerak?

— Hech narsa qilish keremas, kassa to‘la biletu?

— Ha-ha-ha, Boyqo‘zi ukamiz hazilniyam boplaydi. Bu ajoyib konsertga chiptani qo‘lga kiritish uchun albatta «Sichqon quvdi» intellektual dasturimizda ishtirok etishlari va savollarimizga javob berishlari lozim bo‘ladi. Demak, ruxsat bersangiz, birinchi savoldan boshlaymiz. Har bitta savolga to‘g‘ri javob topganga ikkitadan chipta beriladi.

Diqqat qiling, birinchi savol: bu shaharning qadimiy nomlari Choch, Shosh. Andijonliklar bu shaharni Tashken, qo‘qonliklar Toshkon, samarqandliklar va buxoroliklar Toshkand deb atashadi. Mahalliy aholi Toshkan deydigan, ruscha nomi Tashkent bo‘lgan O‘zbekiston poytaxtining nomi nima? Vaqt ketdi! Shart shuki, shaharning eng to‘g‘ri nomini aytish shart.

Qoyil, bizda darhol birinchi qo‘ng‘iroq! Bu muxlislarimizning bilimlari haddan ziyod ekanligining isboti. Xo‘sh, o‘zingizni tanishtiring.

— Mani ismim Boho, Yunusobodda turaman. O‘zi prapiska eskishaharda, prosta u yerlar snosga tushvotganiga domovoydan chiqmay turibmiz. Odam soniga qarab yengi domladan uy berishvotganakanu, shunga hozir dakument...

— Bahodir, Bahodir, siz savolimizga javob topdingizmi?

— Qaysi savolga?

— Yuqoridagi savolga.

— Man savolli eshitganimam yo‘q.

— Axir qo‘ng‘iroq qilib tushdingiz-ku!

— Man o‘zi radioga anchadan beri telefon qilardim. Sotkani avtoga qo‘yib qo‘ysam tushibdi-de.

— Xo‘p, omadingiz bor ekan, savolimizga javob bering-chi. Andijonliklar bu shaharni Tashken, qo‘qonliklar Toshkon deb atashadi. Bu qanday shahar?

— Toshkanni etvossilami?

— Hmm... Nima desam ekan, afsuski, javobingizni qabul qila olmayman.

— Nime? To‘g‘ri etvommanu!

— Yo‘q. Agar shart bo‘yicha to‘ppa-to‘g‘ri javob berganingizda Boyqo‘zi Qo‘chqorovning ajoyib konsertiga chipta yutib olgan bo‘lardingiz.

— Kimmi-kimmi?

— Boyqo‘zi Qo‘chqorovning!

— Kim o‘zi u?.. (dut-dut-dut)

— Afsuski, aloqamiz uzilib qoldi. Boyqo‘zi, keling, keyingi radiotinglovchi bog‘langunga qadar siz bilan suhbatimizni davom ettirsak. Sizni ko‘proq falsafiy qo‘shiqlaringiz orqali taniymiz. Ayniqsa «Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimas» qo‘shig‘ingiz juda mashhur bo‘lib ketdi. Shu qo‘shiqning yaralish tarixi haqida so‘zlab bering.

— Bu qo‘shiqni tarixi vashshe qiziq-de. Bolaligimizda okamgila bilan urishsek enam rahmatli «Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» dirdila. Man e’tibor bermay urishuvrardim. Kotta bo‘ganimda bir kun qarasam ikkita qarg‘a urishvotganakan. Bittasi, kottarog‘i ikkinchisini ko‘zini cho‘qib tashadi-de. O‘shatta man o‘ylanib qoldim. Enam boshqacha gapiruvdila-yu... Keyin bilsam bo‘tta ikkinchi ma’noyam borakan-de. Tushuntirishuvdi srazu tushunib, o‘zbe maqollariga besh ketvordim. Har birida ma’no bo‘larkan-de.

— Ana falsafa! Keling, shu qo‘shiqni intiqib kutayotgan tinglovchilarga taqdim etamiz, tarona jarang sochadi!

Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimas,

Abet qimagan kitob o‘qimas,

Kitob o‘qimagan falsafa so‘qmas,

Bilmaganga tor, bilganga zo‘r dunyo bu...

— Tasanno, Boyqo‘zi, tasanno! Anchadan beri bunday chuqur mazmunli qo‘shiq eshitmagandik. Qo‘shiqdagi «Abet qimagan kitob o‘qimas» deyilgan satr mazmunini uncha tushunmadim...

— E, buniyam tarixi bor. Mani kollejlarga, institutlarga ijodiy uchrashuvlarga rosa ko‘p chaqirishadi. Xotya o‘zim hichqatta o‘qimaganman. Bir kun qo‘shiq aytsam hamma bollar xo‘mrayib o‘tiribdi. Bittasini chaqirib nega xo‘mrayishvotganini so‘radim.

«Oka, qo‘shiqlarizzi tushunmadik», — deydi. Bu xumparlarga faqat «Ummon» bo‘sa-de. Sanla bu qo‘shiqlarni tushunishliging uchun ko‘p kitob o‘qishlaring kere deb maslahat bersam, nima deydi deng? «O‘zi abet qimaganmiz, qorin och, kitob o‘qishga balo bormi?!», — deydi. Man o‘ylab qoldim, bollarimiz nimaga kitob o‘qishmaydi degan savol hozir prablema bo‘pketti-yu. Man shuni javobini topib, kuyga solib xalqimizga yetkazmoqchiman. To‘ylarga tortmaydi-yu, lekin oshlarda ko‘p so‘rash...

— Boyqo‘zi, Boyqo‘zi! Bizda yana bir qo‘ng‘iroq. Xo‘sh, o‘zingizni tanishtiring.

— Men Mamatov Boyqo‘zi, Chilonzorda turaman. O‘zim Chiraqchidanman.

— Iye, mehmonimiz bilan adash ekansizlar-da.

— Tuvri, adashmiz. Nekin mening otimdi otam qo‘yg‘an.

— Ha, yaxshi, xo‘sh, Boyqo‘zi, savolimizga javob topdingizmi?

— Manga etvosmi?

— Yo‘q, siz studiyada o‘tiribsiz-ku. Men adashingizdan so‘rayapman. Chiroqchilik Boyqo‘zi, sizni eshitamiz.

— Men Chilonzorda turaman. Nekin prapiska vremenniy. Uchaskavoy indamaydi. Chiraqchida bo‘sa silarga tushalmasiydim, antena chiqmaydi.

— Xo‘p, savolga javob bormi?

— Bor. Tashken!

— Aniq ayting!

— Onniq Tashken. Shuniyam bilmaysizma? Poytaxt bo‘sa, tozza oson savol-ku bu.

— Yo‘q, bu yerda shevadagi ko‘rinishini qabul qila olmaymiz. Aniq javob kerak.

— Eee. Tashken deyappan-ku. O‘zi otam aytaydi, bolam, Tashken Tashken deysan, Tashkeningdayam zakun jo‘q kerak bo‘sa deb...

— Boyqo‘zi, Boyqo‘zi!

— Ha?

— E, sizmas. Muxlis Boyqo‘zi, bizga aniq javob kerak, bo‘lmasa chiptani qo‘lga kiritolmaysiz.

— Manga qarang, Shomurod aka, shu ukamiz haqiqiy muxlisimiz ekanla, javob to‘g‘ri bo‘masayam ikkita bilet beriylik.

— Qoyil! Aziz muxlislar, mana, shoumiz g‘olibini ham aniqlab oldik. U kishiga Boyqo‘zi Qo‘chqorovning dastxati tushirilgan ikkita chipta sovg‘a qilinadi! Tabriklaymiz.

— Yana qo‘ng‘iroqmi?

— Yo‘q, mani sotkam jiringlavotti. Alyo, ha, man shoudaman. San ja kotta ketvotuvdingu kamida yuzta bilet o‘tqazib berishadi, soqqasini ogan deb. Bo‘tta ikkitaniyam o‘zim bervomman. Nima qivossanla o‘zi? Kansertga ikki kun qoldi, hali uch mingta bilet...

— Aziz muxlislar, shuning bilan siz sevgan «Sichqon quvdi» dasturi yakuniga yetdi. Savolning javobini keyingi dasturlarimizda topamiz. Siz ungacha izlanishda davom eting!

Muallifdan: barcha ism-familiyalar, nomlar to‘qima, o‘xshashliklar tasodif. Shomurod Eshto‘rayev degan boshlovchi yoki Boyqo‘zi Qo‘chqorov atalmish qo‘shiqchi bor bo‘lsa, ularga aslo tegib ketmasin. Bu boshqa Shomurod bilan Boyqo‘zi!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring