Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorlarga ko‘mak bo‘luvchi yana bir qaror imzolandi

Tadbirkorlarga ko‘mak bo‘luvchi yana bir qaror imzolandi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11-sentabr kuni «Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, hududlarda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha hududiy guruhlar tashkil etildi.

Komissiyaning asosiy vazifalari:

- 10 kunda kamida bir marta joylardagi davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish;

- tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlariga manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;

- hududiy guruhlar tomonidan chuqur tahlil asosida aniqlangan tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishdagi byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.

Hududiy guruhlarning asosiy vazifalari:

- hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holatini, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va boshqa infratuzilmani o‘rganish, shuningdek, ularni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklari mablag‘larini jalb etgan holda yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;

- hududlarning ehtiyoji va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat va boshqalar) kelib chiqib, investitsiya kiritishni talab etadigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek, bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlari va yer uchastkalarini o‘rganish va aniqlash;

- tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va tegishli hududda amalga oshirish taklif qilinayotgan istiqbolli loyihalarni tezkor ko‘rib chiqish choralarini ko‘rish, salohiyatli investorlar bilan muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazish;

- tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining kredit liniyalari hisobidan amalga oshirishda tijorat banklarining ishtirokini ta’minlash;

- bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlari va yer uchastkalarini auksion savdolariga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarning tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlash;

- joylarda davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq muammoli masalalarni, shuningdek, zarur hollarda, istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Komissiyaga kiritish;

- vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyalarining tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring