Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Tibbiyot. Chiroqchi. Osmon uzoq, yer qattiqmi?

Tibbiyot. Chiroqchi. Osmon uzoq, yer qattiqmi?

Foto:«Justdial.com»

Kun-kunaro yangilik. Ayniqsa, tibbiyot sohasida:  tizimida islohotlar jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. Keltirilayotgan eng so‘nggi rusumdagi tibbiyot anjomlari, inventarlar...  Hali xorijda tajriba almashtirib kelayotgan o‘zimizning shifokorlar, hali xorijliklarning yurtimizga tashrifi...  Xullas, aql shoshgudek.

Ammo tahririyatga kelayotgan ayrim shikoyatlar bilan tanishib  o‘ylaysiz-ki, hali qiladigan xo‘p va ko‘p ishlar qalashib yotibdi...  

Qashqadaryoning Chiroqchi «Mehnatobod» MTPga qarashli 17328  aholiga xizmat ko‘rsatadigan 60-oilaviy poliklinika va tez tibbiy yordam shaxobchasi  hududning eng chekka qishlog‘i Dursun qishlog‘ida joylashgan. Ya’ni, bu tibbiyot shaxobchasi faqat 3352  aholiga xizmat ko‘rsatadi xolos, boisi qolgan aholi yashaydigan Xo‘jaqo‘rg‘on, Borunji, Qahramon, Bo‘yrachi, Mikob, Dash Qahramon qishloqlari  Dursundan 35 km uzoqlikda joylashgan. Poliklinkasi yo‘q ushbu beshta qishloqda 87 nafar nogiron, 11 nafar afg‘on urushi qatnashchisi, 6 nafar yolg‘iz qarovchisi yo‘q kishi, 1 nafar «chernobilchi», 10 nafar «yotib qolgan» og‘ir bemorlar bor. Endi ayting, 35 km uzoq bo‘lgan poliklinika bularga qanday xizmat ko‘rsatadi? Uyma-uy yuradigan patronaj hamshiralar ular holidan har kuni qanday xabar oladi? Tan oling, buning imkon yo‘q. Ya’ni, ushbu beshta qishloq aholisiga, qog‘ozda bilmadik, biroq amalda tibbiy xizmat umuman ko‘rsatilmaydi. Savol tug‘iladi: nima uchun bu olilaviy poliklinika barcha  qishloq aholi uchun qulayroq  Xo‘jaqo‘rg‘on yoki Qahramon hududida joylashmagan? Qishloqlar orasi uzoqligini hisobga oladigan bo‘lsak, balki har bir qishloq uchun QVP qurish kerakdir. Bu vaziyat yuzasidan «Qahramon» MFY va «Sohil» MFY raislari, mahalla oqsoqol faollari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonovga, Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Tursunovga murojaat qilingan. Biroq vaziyat qanchalar ayanchli bo‘lmasin, masalaga panja orasidan qarab kelinmoqda. Xalq saylab qo‘ygan, aholi ishongan deputatlar-chi? Nega ular ham befarq? Ayni mana shunday holatlar, mana shunday vaziyatlar deputatlar nazaridan chetda qolmasligi, doimo nazoratda bo‘lishi kerak emasmi?

Bolalar va onalar o‘limi kamaygani, aholi sog‘lig‘i nazoratda ekanligi haqidagi statistikalar bilan tanishsangiz, yurtimizda tibbiyot sohasi rivojlanib ketibdi-da, degan o‘yga borasiz. Ammo sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish u yoqda tursin, oilaviy poliklinasi yo‘q hududlar ham borligi haqidagi ma’lumotlar esa o‘ylantirib qo‘yadi: qaysi zamonda yashayapmiz?

Oddiygina ko‘richak sabab odam hayotdan ko‘z yumishi uchun soniyalar yetarli. Endi tasavvur qiling ana shu vaziyatga tushgan bemor ahvolini.  Mutasaddi rahbarlar ushbu qishloqlar aholisi o‘rniga o‘z jigarlarini, farzandlarini qo‘yib ko‘rishsin-da. Aytaylik, isitmadan otash bo‘lib yonayotgan nevarasini. Tez yordam chaqiray desa, yo‘l uzoq. Bolajonning ahvolini ko‘z oldingizga keltirishingiz bilan vahimaga tushasiz. Chiroqchi tumanidagi onalarning farzandlari kasal bo‘lib qolgandagi chorasiz holatini tasavvur qilyapsizmi? Afsus ularning qo‘lidan bunday paytda nima ham kelardi? Osmon yiroq yer qattiq...

Haligacha sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish u yoqda tursin, oilaviy shifoxonaga yolchimayotgan hududlar bor ekan, islohotlar haqida og‘iz ko‘pirtirishga a-ancha ertamikan?

Televideniye orqali namoyish etilayotgan tibbiyot sohasidagi «jannatdan xabarlar» bilan qachongacha aholini sog‘lig‘ini mustahkamlaymiz, go‘daklar va onalar o‘limi sonini kamaytiramiz?! Qachongacha holva deya og‘zimizni chuchitamiz...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring