Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tilimizdagi g‘alizliklar yoxud internet sahifalaridagi xatolar: «Axborotlar», «ma’lumotlar», «pullar»

Tilimizdagi g‘alizliklar yoxud internet sahifalaridagi xatolar: «Axborotlar», «ma’lumotlar», «pullar»

Foto: Thebalancecareers.com

Keyingi paytda internet saytlar ko‘paygandan ko‘paydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham kishilar ancha faol. Ular orasida o‘quvchilar ham, talabalar ham, olimlar, jurnalistlar va boshqa kasb egalari ham bor. Albatta, buncha keng auditoriyada har kim har xil fikrlashi, turlicha qarashlarni o‘rtaga tashlashi tabiiy. Lekin internet saytlar va sahifalardagi matnlarda xatolar shunchalik ko‘p uchraydiki, o‘qib, ko‘rib hayron qolasan, kishi. «Xato» deganimga kimdir xafa bo‘lishi mumkin, kimdir darsliklarni pesh qilar. Mayli, yaxshisi, «g‘alizlik» deya qolaylik. Ular nimalardan iborat. Keling, o‘zim ko‘rganim, kuzatganlarimni birma-bir sanayman.

1. «O‘n nafardan ortiq bolalar...»

Gap tarkibida ko‘plik mazmunini beruvchi bitta ko‘rsatkich yetadi. Til maksimal tejamkorlikka intiladi. Gap sub’yektlarining miqdori son bilan ko‘rsatilganda, egaga ko‘plikni bildiruvchi boshqa grammatik ko‘rsatkich qo‘shish kerak emas: «ikkita mashina», «o‘n beshta qo‘y», «besh yuz askar» va h.k.

Ba’zan ko‘plik ko‘rsatkichini kesim ham oladi: «ular... ko‘rsatishdi/ko‘rsatdilar». Bu qoidalarga zid emas, ammo tilning tejamkorlikka intilishi nuqtai nazaridan matn tuzuvchi ko‘plik ko‘rsatkichlarini maksimal darajada qisqartirishni o‘ylashi lozim. Bu matnning tushunarliligini, chiroyliligini oshiradi, ortiqcha unsurlardan qutilishga yordam beradi: «ular... ko‘rsatdi». Kesimda ham ko‘plik ko‘rsatkichi talab qilinadigan holatlar bundan mustasno.

2. Qaratqich va tushum kelishiklari qo‘shimchalari («-ning», «-ni») ba’zi o‘rinlarda tushib qolishi mumkin – bu ular bog‘layotgan ism yoki fe’llarning valentligini (boshqa so‘zni o‘ziga tortish, bog‘lab olish kuchini) ko‘rsatadi. «Maktab binosi» deganda «maktab» so‘zidagi «-ning» tushib qoladi, lekin «do‘stimning kitobi»da qaratqich ko‘rsatkichini tushirib qoldirib bo‘lmaydi. «Kitob o‘qidim», «mashina haydadim» deganda «kitob» va «mashina»ning «-ni»si tushib qoladi, lekin «mehmonlar kutib oldim» deb bo‘lmaydi, «mehmonlarni kutib oldim» deb yozsak to‘g‘ri.

Valentlikni ko‘rsatishdan tashqari, qaratqich va tushumning ishlatilishi artiklizatsiya vazifasini bajaradi. Artikl nimaligini ingliz tili darslaridan bilamiz – narsa-buyumning gapiruvchiga tanish yoki notanishligini, gap sub’yekti konkret bir buyum yoki umumiy bir buyum turi ekanligini ko‘rsatadigan grammatik kategoriya. Masalan, «mashina haydadim» deyilganda gapiruvchi mashinaning qanaqaligiga aniqlik kiritmaydi, suhbatdoshiga umumiy ma’lumot beradi, xolos. Lekin gap konkret mashina haqida ketayotgan bo‘lsa, tinglovchi bu konkret mashina haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, unda «bu mashinani haydadim» deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Xullas, internetdagi matnlarda yuqoridagi qoidalarga rioya etilmasligiga ko‘p guvoh bo‘laman. Masalan, chet el xabarlarida «ekspert (vazir) fikriga ko‘ra» deb beriladi. Vaholanki, bu o‘rinda «ekspertning (vazirning) fikriga ko‘ra» deyilishi kerak;

3.Bunisi juda jiddiy kamchilik emas, matnning tushunarliligini oshirish va ortiqcha unsurlardan qutulish bo‘yicha tavsiya deb qabul qilsa ham bo‘ladi. Uyushiq bo‘laklarning barchasi uchun bittadan grammatik ko‘rsatkich ishlatgan ma’qul: «Tadbirga Xitoydan, Rossiyadan, Qozog‘istondan mehmonlar tashrif buyurdilar» deyish o‘rniga «Tadbirga Xitoy, Rossiya, Qozog‘istondan mehmonlar tashrif buyurdi» degan ma’qul;

4.Ba’zi otlarning o‘zida ko‘plik, jamlik ma’nosi bor, ularga ortiqcha yuk qilib «-lar» qo‘shish shart emas. «Axborot», «ma’lumot», «pul» so‘zlari saytlarda ko‘p o‘rinlarda «axborotlar», «ma’lumotlar», «pullar» shaklida beriladi. Ba’zi o‘rinlarda «ayol», «erkak» kabi so‘zlar ham «-larsiz» ko‘plik ma’nosini anglatishi mumkin.

Xullas, bugun tilimizda, yozuvimizda bunaqa misollar, «g‘aliz»liklar juda ko‘p. Men ayrimlarini sanadim xolos. Agar har birimiz shu kabi jihatlarga e’tibor berib, go‘zal va betakror tilimizning imkoniyatlaridan samarali foydalansak, fikrimizni sodda va aniq ifodalab berishga intilsak, avvalo ona tilimizni hurmat qilgan bo‘lamiz. Eng muhimi, savodsizlik, til va nutq madaniyati buzilishining oldini olishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Komil RAShIDOV,
huquqshunoslik fanlari doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring