Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘lqin Teshaboyev: «TATUning xalqaro miqyosda nufuzi oshiriladi»

To‘lqin Teshaboyev: «TATUning xalqaro miqyosda nufuzi oshiriladi»

Foto: «Xabar.uz»

Shu kunlarda abituriyentlar hujjatlarini oliy o‘quv yurtlariga topshirish uchun yelib-yugurishlarni boshlagan. Tashvishli, ammo shirin bu yugur-yugur inson hayotida muhim burilish yasashi aniq. O‘z navbatida, oliy o‘quv yurtlarida ham hujjatlarni qabul qilish jarayonlari tobora qizib bormoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori To‘lqin Teshaboyev bilan shu haqda suhbatlashdik.

– To‘lqin Zokirovich, bu yilgi o‘qishga qabul jarayonlari haqida gapirib bersangiz?

– Xabaringiz bor, 2018-yil 4-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018/2019-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror bilan oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari ham belgilangan.

TATUga 2018/2019-o‘quv yilida kunduzgi bo‘limga jami 1645 o‘rin, shu jumladan, grantga 405 o‘rin, to‘lov-kontraktga  1240 o‘rin belgilangan. Ya’ni, o‘tgan yilgi qabulga nisbatan 145 ko‘p o‘rin ajratilgan. Bu AKT sohasiga katta e’tibor berilayotganligini ko‘rsatadi. Ta’lim yo‘nalishlari esa 9tadan 14tagacha ko‘paydi.

– Sir emas, turli qing‘ir yo‘llar bilan o‘qishga kirishni xohlovchilar ham bor, bu yil ana shunday g‘irromliklarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘riladi? Bilamiz, o‘tgan yili bunday noxush holatlarga barham berish maqsadida abituriyentning biometrik pasport ma’lumotlari va barmoq izlari skanerlanib, nazorat qilish va boshqarish tizimi joriy etilgan edi. Bu tizim qanday samara berdi, o‘zini oqladimi? Umuman, yangi qabulga TATUda qanday tayyorgarliklar ko‘rildi?

– Darhaqiqat, 2017/2018-o‘quv yili qabulida biz sinov sifatida hujjatlarni qabul qilish va testga kiritish jarayonida respublikamizda ilk bor universitetimiz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan biometrik tizimdan foydalandik. Bu yil tizim mutaxassislarimiz tomonidan yanada takomillashtirildi, ishlash tezligi, samaradorligi va ishonchliligi oshirildi.

2018-2019-o‘quv yili qabuli uchun TATU va uning filiallari Qabul komissiyalari tarkibi, 2018-2019-o‘quv yili qabuli ishini samarali tashkil qilish va ta’minlash yuzasidan Qabul komissiyasining ish rejasi tayyorlandi. Unga ko‘ra, Qabul komissiyasining ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul shaxslar, axborot markazi mas’ullari, tartib intizom va ish tartibi, fuqarolar murojaati, xorijiy abituriyentlarni qabul qilish bo‘yicha tegishli mas’ullar belgilandi. Abituriyentlarni universitet haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun ko‘rgazmali materiallar (bannerlar) tayyorlandi.

Qabul komissiyasi ishini samarali tashkil qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tizimdagi korxonalardan – «UzDigital TV» MChJ, «RRTM» DUK jalb etildi. Abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun qulay sharoitlar yaratildi.

– Ma’lumki, universitetda talabgorlar maxsus sirtqi fakultetda ham tahsil olishardi. Kelgusi o‘quv yilidan ishdan ajralmagan holda ham o‘qishlar tashkil qilinadimi, ya’ni kechki fakultetlar ochiladimi? O‘tgan yili superkontrakt asosida o‘qishni xohlovchilarga ham imkoniyat yaratilib berilgandi. Bu tizim orqali universitetga 6 milliard so‘m tushgani oliy o‘quv yurtining moliyaviy imkoniyatlarini oshirdi. Endi kredit ta’lim tizimiga navbat keldi. Hozir bu bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Haqiqatda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, universitetda, shu jumladan, uning filiallarida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklif ma’qullangan.

Hozirda universitet va uning filiallarida ta’limning kredit tizimi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar tizimli olib borilyapti. Kredit tizimiga o‘tuvchi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining fanlar bo‘yicha o‘quv rejalari AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Fransiya va boshqa rivojlangan davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari tajribalari asosida ishlab chiqildi.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga kechki ta’limni tashkil etish bo‘yicha takliflar berilgan.

– TATU va uning filiallarida hozir qancha chet ellik talaba tahsil olmoqda? Ularga qanday imkoniyatlar yaratilgan?

– Universitetda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘onistondan jami 12 nafar xorijiy talaba bakalavriaturada ta’lim olmoqda. Albatta, bu miqdor kam. Biz universitetning xalqaro miqyosda nufuzini oshirish yo‘nalishida ham ishlayapmiz.

O‘z navbatida, xorijlik mutaxassislarning universitetda ta’lim berishga jalb qilish bo‘yicha so‘z yuritsam. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2834-qarorining 6-bandida universitetda dars berish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish nazarda tutilgan bo‘lib, bunda qaysi mablag‘lardan foydalanish belgilab berilgan. Hozirda universitetga xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, turli fanlar bo‘yicha o‘quv kurslari va malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.

– To‘lqin aka, sizni talabchan, tashabbuskor, ayni paytda hamma masalada o‘z fikriga ega rahbar sifatida yaxshi bilamiz. Aytingchi, farzandingizni rektor sifatida emas, oddiy ota sifatida qaysi oliy o‘quv yurtiga kirishini xohlardingiz?

– Kasb tanlash o‘ta muhim, hamma o‘z qiziqishi, dunyoqarashidan kelib chiqib bu borada qaror qabul qiladi. Farzandlarimga kelsak, avvalo o‘zlari xohlagan oliy o‘quv yurtiga kirishlarini hech ikkilanmay aytgan bo‘lardim.

Abdug‘ani Abdurahmonov suhbatlashdi


Ma’lumot o‘rnida:

  • Hozirgi kunda universitet va uning filiallarida jami 11 641 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lib, 11 342 nafari bakalavriat va 299 nafari magistratura mutaxassisligida. Universitet va filiallarda jami 14ta fakultet va 62ta (shu jumladan, Toshkent shahrida 29ta) kafedra faoliyat olib bormoqda. Talabalarga tahsil berish uchun 908 nafar asosiy shtatda (shundan 507 nafar TATUda, 401 nafar filliallarda) malakali professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda, ulardan 56 nafari fan doktori, professorlar, 214 nafari fan nomzodi, dotsentlardir.
  • Universitetda 2021-yilga qadar yangi 10ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 11ta magistratura mutaxassisligi ochiladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring