Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ochiq xat!

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ochiq xat!

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

Foto: «Xabar.uz»

Hurmatli Jahongir Obidovich!

Dunyodagi 200 dan ortiq davlat qatorida O‘zbekiston ham o‘z davlat ramzlariga ega. 1992-yilning 2-martidan beri O‘zbekiston bayrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohi oldida hilpirab turibdi. Bayrog‘imiz xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugina emas, xorijdagi elchixonalarimiz, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida ham bayrog‘imiz O‘zbekiston ramzi bo‘lib turibdi. Qayerda bo‘lsak ham bayrog‘imiz timsolida O‘zbekiston degan himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini ich-ichimizdan his qilamiz.

Bugun davlat va xalq o‘rtasidagi rishtalar kundan-kun toblanib, bog‘lanib borayotgan bir paytda vatanimiz bayrog‘i vatandoshlarimiz qalbida ma’rifat olovini yoqib, ularni belini mahkam bog‘lashga, millatni erk va ozodlik bayrog‘i ostida birlashishga chaqirayotgani ayni haqiqat.

Har bir insonning shuuriga vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy timsollardan biri bo‘lgan bayroqni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Bugun islohotlar shiddatiga mos ravishda qadimiy Toshkent tez kunda yangi va zamonaviy qiyofasiga ega bo‘lish arafasida turibdi. Aynan shu fursatda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yoshlari azim Toshkent shahrining qoq markazida yoshlarni vatanparvarlikka undovchi, xalqimizning g‘ururini aks ettiruvchi, barcha fuqarolarimizni birlashtiruvchi inshoot sifatida Davlat bayrog‘i maydonini yaratish taklifini bildiradi.

Negaki, bugungi kunda dunyoning qator davlatlarida 100 metrdan baland bo‘lgan flagshtoklarga ega bo‘lgan davlat bayrog‘i maydonlari yaratilgan. Masalan, Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 170 metrlik, Tojikistonning Dushanbe shahrida 165 metrlik, Ozarbayjonning Boku shahrida 162 metrlik flagshtoklar o‘rnatilgan. Shu bilan birgalikda AQSh, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlarda davlat va jamoat idoralari yonidagi maydonlarda davlat bayroqlari ustunlarga o‘rnatilgan.

Biz ham sizdan azim poytaxtimiz Toshkent shahrida Davlat bayrog‘i maydonini yaratish va unga ulkan flagshtokni o‘rnatish hamda O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilingan 18 noyabr kunini vatanparvarlik marosimi sifatida ana shu maydonda nishonlash taklifini ko‘rib chiqishingizni hamda qo‘llab-quvvatlashingizni so‘raymiz.

Hurmat va ehtirom ila

Hamdam Niyozov,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi
Markaziy kengashining yoshlar masalalari
bo‘yicha bo‘lim mudiri

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring