Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida talon-toroj qilingan yerlar qaytarib olinmoqda

Toshkent viloyatida talon-toroj qilingan yerlar qaytarib olinmoqda

Toshkent viloyati prokuraturasi organlari o‘tkazgan tekshirish va monitoringlar joylarda yerlarni noqonuniy tarqatib yuborilishi va o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligini ko‘rsatdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Birgina Bo‘stonliq tumanida, 2018-yilning o‘tgan davrida 93 ta holatda 450 gektar yer maydonlari noqonuniy ravishda tarqatib yuborilganligi aniqlangan. Yoki Toshkent tumanida 255, Zangiotada 76 va Qibray tumanida 31 gektar yer maydonlari qonunga zid ravishda tarqatilgan.

Shu kabi holatlar bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishining tergovi doirasida Bo‘stonliq tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Sh.Madazov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Viloyat bo‘yicha 550 ta holatda jami 3133 gektar, shundan 2518 gektar qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan yer maydonlari noqonuniy ravishda tarqatib yuborilgan bo‘lsa, 58 ta holatda 41,5 gektar yer maydoni fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Qonunga zid ravishda egallab olinib, maishiy va boshqa binolar qurib olingan yer maydonlari viloyat prokuraturasi tomonidan davlat zaxirasiga qaytarilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring