Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda aktrisani vahshiylarcha o‘ldirib, jasadini kanalga tashlagan qotillarga sud hukmi o‘qildi (video)

Toshkentda aktrisani vahshiylarcha o‘ldirib, jasadini kanalga tashlagan qotillarga sud hukmi o‘qildi (video)

Foto: «Uz24.uz»

Toshkentda aktrisani qasddan o‘ldirib, jasadini kanalga oqizib yuborgan qotillarga qamoq jazosi tayinlandi. «Bir jinoyat izidan» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida mazkur vahshiyona qotillik tafsilotlari ma’lum qilindi.

2018-yilning 6-yanvar kuni Yunusobod tuman IIBga Ahmadqulova Nodira jiyani Sultonova Nilufar shu yilning 2-yanvar kuni taxminan soat 12.00 da uyidan o‘zining «Spark» rusumli mashinasida chiqib ketib, bedarak yo‘qolgani haqida ariza bilan murojaat qiladi. Nilufar Sultonovaning kasbi aktrisa bo‘lib, qator serial va kliplarda turli rollarni ijro etgan.

Tekshiruv-surishtiruv ishlariga ko‘ra, Nilufar oxirgi marta Turg‘unboyev Po‘latjon bilan uchrashgani aniqlanadi.

Aniqlanishicha, 2-yanvar kuni taxminan soat 16.00 atrofida Po‘lat Nilufar bilan uchrashadi. Unga do‘sti Bobur Umarovni G‘azalkentdagi uyiga olib borib kelishini aytib, Nilufarni ham o‘zlari bilan olib ketishadi. Ular Po‘latning «Epika» mashinasida Toshkent viloyati tomon yo‘l olishadi.

Po‘lat mashinani Toshkent — G‘azalkent yo‘lida ovloq bir joyda to‘xtadi. Orqada o‘tirgan Bobur Nilufarning bo‘yniga sirtmoq solmoqchi bo‘lganida buni sezib  qolgan  qiz mashinadan tushib  qochishga urinadi. Uni yana zo‘rlab mashinaga o‘tqizishadi. Qarshilik qilgan Nilufarning o‘ng  qo‘l bilak sohasiga pichoq sanchadi.

Nilufar oshiq yigiti Po‘latga iltijoli boqib undan yordam so‘raydi. O‘zini hech narsadan xabari yo‘qday ko‘rsatgan Po‘lat  qizni shifoxonaga olib borishga va’da beradi.

Qon oqishi natijasida holsizlanib borayotgan Nilufarning bo‘yniga orqa o‘rindiqda o‘tirgan Bobur yana sirtmoq soladi. Ojiz qolgan  qiz unga  qarshilik  qilolmay  qoladi. Oshig‘i Po‘lat esa uning qo‘lini ushlab turadi.

So‘ngra ikki jinoiy sherik murdani mashinaning orqa bagajiga solib, Nilufarning «Spark» mashinasi  qoldirilgan joyga  qaytib kelishadi. Murdani «Epika»dan olib «Spark»ning orqa bagajiga solishadi. So‘ngra mashinani Po‘latning uyiga haydab ketishadi.

O‘sha kuni soat 23:30 larda Nilufarning murdasini Toshkent viloyatidan oqib o‘tuvchi «Damariq» kanaliga oqizib yuborishadi.

Jinoyat vaqtida ishlatilgan pichoq va arqonni hamda boshqa ashyoviy dalillarni ham kanalga tashlab yuboradi.

12-yanvar kuni Toshkent viloyatining Toshkent tumani Ko‘ksaroy hududidan oqib o‘tuvchi «Damariq» kanalidan Nilufarning murdasi topiladi.

Nilufar Sultonovaning «oshig‘i» uning mol-mulkini o‘zlashtirish maqsadida sherigi bilan til biriktirib, qizni o‘ldirgan.

Jinoyatchilarga nisbatan Toshkent viloyati Jinoyat sudida hukm o‘qildi. Unga ko‘ra Turg‘unboyev Po‘latjonga JKning 97-moddasi 2-qismi «v», «i», «b» bandlari bilan 19 yil muddatga, 164-modda 3-qismi «g» bandi bilan 14 yil muddatga, 227-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 2 yil muddatga hamda 59-modda «Qisman tayinlovga jazo qo‘shish» yo‘li  bilan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum  qilindi.

Umarov Boburga nisbatan  JKning 97-moddasi 2-qismi «v», «i», «b» bandlari bilan 17 yil muddatga, 164-modda 3-qismi «g» bandi bilan 12 yil muddatga, 227-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 2 yil muddatga hamda 59-modda «Qisman tayinlovga jazo  qo‘shish» yo‘li  bilan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum  qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring