Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi Inha universitetida dastlabki kirish imtihoni bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi Inha universitetida dastlabki kirish imtihoni bo‘lib o‘tdi

Foto: «Mitc.uz»

Kecha, 28-aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida 2019-yildagi uchta kirish imtihonining birinchisi o‘tkazildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

2019-2020-o‘quv yilida Toshkent shahridagi Inha universiteti kamida 420 nafar talabani qabul qilishni mo‘ljallagan. Jumladan, «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi bo‘yicha 300 hamda «Logistika» yo‘nalishi bo‘yicha 120 nafar talabani qabul qilish rejalashtirilgan.

Joriy yilda abituriyentlar uchun Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirish imtihonlari 3 marotaba bo‘lib o‘tadi.

Foto: «Mitc.uz»

Kirish imtihonlari yozma shaklda o‘tkazilib, har bir fandan 20 tadan savol beriladi. Javoblar uchun 60 daqiqa vaqt taqdim etiladi. Savollar o‘rta (umumiy) ta’lim uchun mo‘ljallangan standart o‘quv dasturi asosida shakllantirilgan. Kirish imtihonlaridagi umumiy bahoda «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi bo‘yicha matematikaning ulushi 70 foiz, fizika esa 30 foizni tashkil etadi. «Logistika» yo‘nalishi bo‘yicha imtihon faqat matematika fanidan bo‘lib o‘tadi.

Foto: «Mitc.uz»

Ochiq va shaffof imtihonlar jarayonini o‘tkazish va nazorat qilish maqsadida Janubiy Koreyadagi Inha universitetining barcha professor-o‘qituvchilar tarkibi Toshkent shahridagi Inha universitetiga yetib kelgan.

Imtihon olinayotgan har bir auditoriyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya yo‘lga qo‘yilgani sababli abituriyentlarning ota-onalari va barcha xohlovchilar imtihon jarayonini onlayn kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring