Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Toshshahartransxizmat»ning tushunarsiz ishi

«Toshshahartransxizmat»ning tushunarsiz ishi

Foto: «Gazeta.uz»

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida «Toshshahartransxizmat» AJning matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib Toshkent shahriga Belarusdan ikkita katta va o‘rta sig‘imli avtobus olib kelinib, 8 fevraldan sinov uchun qatnovga qo‘yilganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda o‘sha avtobuslarning rasmlari ham berildi, ular xorijiy davlat raqamlarida edi.

Shunda menda o‘zimizda jahon tan olgan brendlarning avtobuslarini ishlab chiqarayotgan ikkita zavod bo‘la turib «Toshshahartransxizmat» nega sinov uchun Belarusdan avtobus olib kelgani haqida savol paydo bo‘ldi. Ana shu savolga javob va avtobuslar haqida to‘liqroq ma’lumot olish uchun korxonaning saytida «bog‘lanish uchun» deb yozib qo‘yilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ko‘targan insonga o‘zimni tanishtirib, savollarimni berdim. Afsuski, u savollarimga javob berishga mas’ul emas ekan, matbuot kotibining telefon raqamlarini berdi. Ularga qo‘ng‘iroq qilsam hech kim ko‘tarmadi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishim ham foyda bermadi. O‘zimizda ikkita avtobus zavodi bo‘la turib korxona nega Belarusdan avtobus olib kelgani sababini baribir bila olmadim.

Korxonaning saytidagi ruscha ma’lumotda «avtobusning nogironlar uchun qulay qilib jihozlangani» yozilgan. O‘zbekcha matnda esa sabab ko‘rsatilmagan.

Foto: «Maz.by»
Foto: «Maz.by»
Foto: «Maz.by»

Men «Toshshahartransxizmat»ga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin vaziyatni bilish uchun ma’lumotlarni o‘rgandim. Ma’lum bo‘lishicha, 2017-yilning 11-martida Vazirlar Mahkamasi chiqargan qarorga ko‘ra Toshkent shahrida yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish va eskirgan avtobuslarni yangisiga almashtirish uchun 2017—2019-yillarda «Toshshahartrasxizmat» Samarqanddagi MAN zavodida tayyorlangan 350 ta MAN A22 SNG avtobuslarini sotib olishi belgilangan. Ushbu avtobus ham ekologik toza yoqilg‘i bo‘lgan siqilgan tabiiy gazda ishlaydi. Yana nogironlarga qulay bo‘lishi uchun past polli qilib ishlab chiqarilgan. Uzunligi 12 metrga teng, bir vaqtning o‘zida 90 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Hozir  sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ushbu  avtobuslardan 50 tasi Toshkent shahridagi turli yo‘nalishlarda aholiga xizmat qilayapti.

Shuningdek Samarqanddagi «Samavto» avtozavodida ham shahar yo‘nalishida foydalanish uchun siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan «LE60» avtobusi ishlab chiqarilmoqda. U ham past polli bo‘lib, nogironlar uchun qulay qilib ishlangan.

O‘tgan yilning kuzida Toshkentda «O‘zavtosanoat» ushbu avtobusning taqdimotini o‘tkazgan va u ham sinovlardan yaxshi o‘tgan edi.

Endi shu yerda savol tug‘iladi: xo‘sh, o‘zimizda bir emas, ikkita avtobus zavodi ishlab turganda bizga valyuta sarflab Belarusdan avtobus olib kelishga hojat bormi?

Maqolani tayyorlash jarayonida ba’zi saytlar shu kunlarda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida 5-hukumatlararo qo‘shma majlis o‘tkazilgani va bu majlisda tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlashni yildan-yilga, bosqichma-bosqich oshirib,  2020-yilda 500 million dollarga yetkazishga kelishib olganlari, bu haqda Belarus bosh vazirining o‘rinbosari Mixail Rusiy xabar berganini yozdilar. Eslatib o‘taman, 2017-yilda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 100 million dollarga teng bo‘lgan.

Bu xabarni o‘qib xayolimga balki «Toshshahartransxizmat» ana shu hamkorlik yuzasidan Belarusdan avtobus olayotgandir degan gumon ham keldi. Shunday bo‘lganda ham korxonaning valyuta sarflab Belarusdan avtobus sotib olishini tushunib, to‘g‘rirog‘i, oqlab bo‘lmaydi. Mayli, Belarus bilan yaxshi iqtisodiy hamkor bo‘laylik. Ammo o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan narsaning muqobilini ulardan olish tushunarsiz holat. Chunki agar olamiz desak, Belarusda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ko‘plab texnikalar bor. Avtobusning o‘rniga shulardan olaverish kerak. O‘ylaymizki, Belarus avtobuslarini sinovdan o‘tkazayotgan «Toshshahartransxizmat» korxonasi buni tushunib yetadi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring