Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Masharipov

Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil!

Tuman gazetalari nega kerak?

Tuman gazetalari nega kerak?

Foto: «Linkedin.com»

Ochig‘i, shu savolga biror jo‘yali javob topishni istayman. Kimdadir ana shunday javob bo‘lsa, iltimos, bahamlashsin.

Shaxsan men uchun tuman hokimliklari muassisligidagi gazetalar matbuotga sovetcha yondashuvning yorqin misolidan boshqa narsa emas. Ko‘pginasining nomidan haliyam sovet davrining nafasi kelib turadi:

«… tongi»

«… bayrog‘i»

«… sadosi»

«… haqiqati»

«… hayoti».

Shu uch nuqtaning o‘rniga istalgan tumanning nomini qo‘yishingiz mumkin, hech narsa o‘zgarmaydi. Kimdir shu gazetalarga o‘z ixtiyori bilan obuna bo‘lsa, o‘sha odamga rahmim kelishi aniq: qarang-a, axborot olish imkoniyati shunchalik cheklangan ekanki, azbaroyi gazeta o‘qish uchun tuman gazetasiga obuna bo‘libdi!..

Keling, do‘ppini bir chetga qo‘yib, mundoq o‘ylab ko‘raylik: tuman gazetasining vazifasi nima o‘zi? Yashang, to‘g‘ri topdingiz — tumandagi voqea-hodisalarni yoritib borish. Internet zamonida, qolaversa, mahalliy televideniyelar ishlab turar ekan, tuman gazetasi haftada bir marta chiqishi bilan yangilik yetkaza olishiga ishonish qiyin. Hozir internetning dastidan manaman degan markaziy gazetalarning ham tiraji tushib ketyapti, tuman gazetalarini gapirishga hojat ham yo‘q. Qolaversa, tumanlarda biror muhim yangilik bo‘lsa, shundoq ham OAVdan oldin tarqab ketgan bo‘ladi.

Xo‘p, unda tuman gazetalari tuman hayotiga oid tahliliy materiallar tayyorlasin deylik. Balandparvoz gaplarga, maqtovlarga to‘la maqolalardan foyda yo‘q, chunki OAVda shunchalik ko‘p maqtov ishlatdikki, bu taxlit gaplarga to‘yish tugul bo‘kib ham qoldik. Unda boshqa bir yo‘li bor — tanqidiy maqolalar tayyorlash. Aytaylik, hokim buva g‘irt so‘kong‘ich, majlislarda bolaxonador qilib, avra-astarini keltirib so‘kishni yaxshi ko‘radi. Ana endi tasavvur qilib ko‘ring: «… sadosi gazetasi» hokim buvani so‘kinishlari tufayli urib chiqdi. Bunaqasi hatto tasavvurga ham sig‘mayapti, a? Gazetaga pulni hokimlik berib turganidan keyin hokim buvaga til tekkizib bo‘larkanmi? Ana endi mana bu savolga javob bering: tuman gazetasi hokimlikning targ‘ibot-tashviqotidan boshqa nimaga yarayapti?.. Budjet deganlari soliqlar hisobidan shakllanadi deb hisoblasak, siz to‘lagan soliq evaziga tuman hokimligi o‘zini sizga reklama qilyapti-da.

Esiz qog‘oz, esiz pul.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring