Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Foto:«Uzbekistan24»

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov  O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati tabriklab, maktub yo‘lladi.

«Aziz qardoshim! — deya boshlanadi maktub. — Turkmaniston xalqi va hukumati nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Siz va butun qardosh O‘zbekiston xalqini samimiy tabriklash va ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun ulkan sharaf».

Turkmaniston yetakchisining fikricha, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25 yilda qardoshlik aloqalarimiz faol rivojlandi va izchil mustahkamlanib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatlar nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro tuzilmalar doirasida ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Global va mintaqaviy miqyosdagi nufuzli tashkilotlar doirasida mamlakatlarimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro tashabbus va takliflar o‘zaro qo‘llab-quvvatlanayotgani shundan dalolat beradi.

«Davlatlararo munosabatlarning bugungi yuksak darajasini qayd etar ekanman, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv tamoyillariga asoslangan hamkorlik yanada jadal va izchil, o‘zaro ishonch, teng huquqlilik, ochiqlik ruhida rivojlanayotganini alohida ta’kidlamoqchiman», ؅— deya ta’kidladi Berdimuhamedov.

Qo‘shni respublika rahbari Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, madaniyat, ilm-fan sohalaridagi hamkorlik tobora kengaymoqda va mustahkamlanmoqda. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik bo‘yicha Turkmaniston – O‘zbekiston qo‘shma komissiyasining faoliyati bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Turkmaniston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy aloqalarni bundan buyon ham mustahkamlashga tayyor. Prezident Berdimuhamedov «Turkmaniston va O‘zbekiston munosabatlari kelajakda ham qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida muttasil rivojlanib boraveradi», — deya ishonch bildirgan.

«Aziz qardoshim, maktubim yakunida Sizning Turkmaniston — O‘zbekiston hamkorligiga shaxsan qaratayotgan alohida e’tiboringiz uchun minnatdorlik bildirishga, Sizga mustahkam sog‘liq, davlat rahbari sifatida qardosh O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyoti va uning xalqi farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizga yangi zafarlar tilashga ijozat bergaysiz», — deya o‘z maktubiga yakun yasagan Gurbanguli Berdimuhamedov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring