Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Uch dona gul va baxtli ayol

Uch dona gul va baxtli ayol

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram arafasida ishlaydigan ayollar uchun har bir tashkilot o‘z sovg‘a-salomini, shirin kalomini ayamaydi. Shunday paytda har bir ayol ishlayotganidan, ozroq bo‘lsada jamiyatga foydasi tegayotganidan xursand bo‘ladi. Oila-a’zolarning e’tibori boshqa, hamkasblarning e’tibori boshqa-da. Ana shunday paytda har doim xayolimga hech qachon biror joyda ishlamagan, ammo... ammo uyda o‘tirib jamiyatga, el koriga yaraydigan farzandlar tarbiyalab bergan yoki hatto tabriklaydigan farzandi ham yo‘q yolg‘iz opa-singillarim chetda qolib ketayotganiga ozroq o‘kinaman.

Agar farzandlari oqibatli bo‘lsa, albatta, eslashadi, turmush o‘rtog‘i e’tiborli bo‘lsa, e’tibordan chetda qolmaydi. Ammo farzandlari hali yosh, turmush o‘rtog‘i yonida bo‘lmagan ayollarning eng bo‘lmaganda mana shunday bayramda hech kim tomonidan yodga olinmasligi juda afsuslanarli.

Yangiyo‘llik Mehri xolani yaxshi taniyman. Xuddi FHDYo mudirasi yoki xotin-qizlar qo‘mitasi xodimasiday kimning kelini arazlab ketib qolsa yoki ajrimga kelib qolgan bo‘lsa, yarashtirish bilan ovora. Hech qanday vakolati bo‘lmasa ham uning bu aralashuvi o‘zining yaxshi natijasini bergan. Oila masalasi bilan shug‘ullanuvchilar hisobotni yangilayotgan bir paytda, Mehri xola kimningdir xonadonida farzandlarni tirik yetimlikdan asrab qolayotgan bo‘ladi. Shunday ko‘p kitob o‘qiganki, sanog‘i yo‘q. Mana, Navro‘z yaqin. Hademay yangi tashkil topgan mahallasidagi xotin-qizlarni yig‘ib sumalak qiladi. Qo‘shilolmagan imkoniyati cheklangan, ijtimoiy yordamga muhtoj opa-singillariga sumalak tarqatadi.

Besh o‘g‘ilning ichida yolg‘iz qiz bo‘lgan Mehri xola bunda 50 yil oldin «akalarimning bari o‘qigan, men ham o‘qiyman», deya uyidan hech kimga bildirmasdan ketib qolayotganida ammasi: «Ortiq oqsoqolning qizi akalarining yuziga oyoq qo‘yib o‘qish uchun shaharga ketib qolibdi, degan isnodga qanday chidaysan», deya yo‘lini to‘sgan. Mehri xola bir umr o‘qimaganlik alamini kitobdan oldi. Besh farzandining barini kitobsevar qildi. Hozir hammasining uyida mo‘’jaz kutubxonasi bor, oliy ma’lumotli. Qizlari hamkasblari tomonidan ardoqlanib sovg‘a ko‘tarib kelganda ham quvonch, ham «ishlaganlar, o‘qiganlar doimo mana shunday hurmatda», degan shirin armon ko‘nglidan o‘tayotgan Mehri xola haqiqiy qahramon ayol.

Zangiotaning Xonobod mahallasida Zulfiya momo yashagan. Taniqli adib Alinazar Egamnazarovning «Besh jangchining onasi» deb nomlangan ocherkida qalamga olingan qahramon — Zulfiya Zokirovaning qismati bir tog‘larni yiqitgulik. Besh norg‘ul o‘g‘li urushda dom-daraksiz ketgach, to‘rt nafar beva qolgan kelinlariga ko‘z yoshini ko‘rsatmaslik uchun onaizor yarim tunda hovlida pichirlab farzandlarining otini aytib chaqirgan, so‘nggi manzilga ketar chog‘ida xiralashgan ko‘zlari bilan yo‘lga termulib: «bittasi bo‘lsayam kelmadi-ya» deya umrining oxirgi daqiqalarda ham umidini uzmagan. Farzand dog‘ida kuygan onaizor kelinlarini yoniga chaqirib «hammalaringiz hali yoshsizlar, turmushga chiqingizlar», deganida kelinlar ham bir ovozdan «farzandlarimizni birovlarga mute qilib qo‘ymaymiz», deya javob bergan ekan. Beshta qahramonni tug‘ib voyaga yetkazgan Zulfiya momoni, barcha hoyu havaslardan farzandining kelajagini ustun qo‘ygan o‘sha onalarni, o‘sha kelinlarni QAHRAMON ayollar degim keladi... Ular umrida minbarlarda turib chiroyli gaplar aytolmagan, poshnasi baland tufli kiyib davralarning to‘riga chiqmagan, ziyofatlarning, tadbirlarning boshi bo‘lmagan, ammo matonati, sabr-toqati bilan barchaga o‘rnak ko‘rsatgan... Bu dunyodan o‘tib ketganlari o‘zlaridan solih farzandlar, yaxshi nom qoldirib ketganlar.

Ular oramizda juda ko‘p.

Matonatli Gulnoza Saidova.

Yoki bo‘lmasa imkoniyati cheklangan Gulnoza Saidova. Aravaga mixlanganiga qaramay hali to‘garak tashkil qilib imkoniyati cheklanganlar orasidan iqtidorlilarni izlab topgan, ularning o‘z yo‘llarini topishda ilk qadamni qo‘yishga yordam bergan.

Kuni kecha Prezidentimiz farmoni bilan ta’sis etilgan «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni jamiyatimizdagi faol xotin-qizlarga topshirildi. Bunday e’tibor mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshiradi, ularning o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay sharoit yaratadi, huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanadi. Mo‘’tabar ayol nomiga munosib bo‘lganlar orasida turli sohada xizmat qilayotgan opa-singillarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Va biz ana shunday ehtiromga munosib opa-singillarimiz uchun juda xursand bo‘lamiz. Ularning barchasi  izzat-ikromga loyiq. Zero, ular orasida barcha soha xodimlari bor. O‘qituvchilar, tadbirkorlar, shifokorlar, oilashunos mutaxassislar, mahalla faollari... Ular hamisha el oldida, hamisha turli tanlovlar, turli ko‘riklar, turli bayramlarda ham qayta-qayta ishtirok etadi, e’tibor markazida bo‘ladi.

Ha, televideniye orqali beriladigan bayramlarda doimo bir xil qiyofalarni ko‘rib o‘rganganmiz. Bir xil baxtiyor, hurmat e’tibordan yal-yal yonayotgan qiyofalar, opa-singillar. Qo‘ni qo‘nji to‘la gul. Har bayramda gullaru tabriklarga ko‘milgan ayollar... Havasing keladi. Men ular orasida aravachaga mixlangan, hayotda o‘z o‘rnini topish uchun toshdek metini bilan kurashgan Gulnozalarni, Mehri xolalarni, 600 ming so‘m oylik ish qidirib topolmasa-da farzandiga uyda hunar sirlarini o‘rgatishni onalik burchi deb bilgan yolg‘iz ona — Saodatlarni ham ko‘rgim keladi.

Mana shunday bayramlarda umr bo‘yi boshi qora mehnatdan chiqmagan, televizorda ko‘rsatilayotgan bayram tabriklarida bir-biridan go‘zal kiyingan, baxtli ayollarni ko‘rib o‘zining yorilgan qo‘llarini dasturxon tagiga yashirib o‘tirgan ayollar ko‘z oldimga keladi. Hatto eri tomonidan unutilgan bunday ayollarni farzandlari oqibatli bo‘lsa, faqat ular eslashi mumkin. Ammo kimlardir quchoq-quchoq gul olayotgan bir paytda ularning bir dona gulga ham loyiq ko‘rilmasligi odamni o‘ylantiradi. Minbarlardan turib ayollarning huquqlari, ayollarning ijtimoiy himoya qilingani, ayollarning baxtdan yal-yal yongani haqida gapirayotganlar bayram kunlari ularni unutgani xayolimdan o‘tadi. Bayramlarda juda ko‘p kuzataman, har bayramda tabriklanadigan, eslanadigan baxtiyor ayollar bor. Umr bo‘yi biror tashkilot yoki idora tomonidan biron marta eslanmagan ayollar bor. Ular mo‘’tabar ayol degan nomga loyiq emasmi?

Masalan, har bir mahalladan har yili 2-3 nafar ana shunday ayollar eslansa, ular ham ayollarning haq-huquqlari himoya qilinayotgan baxtli jamiyatda yashayotganini anglasa, qaniydi.

Bayramlarda doimo yurtning faol ayollari davralarga taklif qilinadi. Lekin imkoniyati cheklangan ayollarni u davralarda ko‘rmaymiz.

Doimo hurmatu e’zozda bo‘lgan ayollarga sovg‘a-salom, gul ulashsangiz hech qachon gul yoki sovg‘a salom olmagan ayolday ko‘ziga yosh kelib yig‘lab yubormaydi. Chunki u baxtiyor ayol bunday e’tiborga ko‘nikib ketgan bo‘ladi.

Ishonmasangiz bugun, ertaga ana shunday mahallangizdagi, yon atrofingizdagi oddiy, hech qayerda ishlamagani uchun unut bo‘lgan birorta ayolga loaqal uch dona gul uzating — bu e’tibordan ko‘zida yosh aylanganini, o‘zini boshqacha, juda boshqacha his qilganini anglaysiz...

Razm qiling, kuzating ular oramizda, yonginamizda. Ular davraning to‘rida o‘tirib olqishu tabriklarga burkanmas, hech qachon eng yaqinlaridan tashqari biror tashkilot rahbari yo‘qlab ham bormas. Ammo ular men uchun QAHRAMON, ular men uchun eng faol, eng muqaddas ayollar... Men bugun ularni barcha hamyurtlarim nomidan tabriklamoqchiman. SIZGA ta’zim o‘rni, qadri minbarlardan ham, har qanday unvonu mukofotlardan ham aziz, mening kamtaru kamsuqum qahramon OPA-SINGILLARIM!!!                                                   

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring