Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Uch kun gapiradigan odam

Uch kun gapiradigan odam

Sergap kishilar o‘zlarini ruhlantirish yoki ovuntirish uchun gapiradilar.

Foto: EduMarket

O‘shanda hokimlikda ishlardim. Bizning bo‘limga tegishli deb bir murojaat-arizani topshirishdi. Yigirma uch varaqdan iborat matnni qayta-qayta o‘qib, to‘g‘risi, hech vaqoni tushunmadim. Ariza muallifi keldi. Yerdagi turmushdan boshlab, kosmik taraqqiyotga ulab yubordi u gapini! Fazo tilsimlari, koinotdagi evrilishlar va samodagi o‘zining ishtiroki borasida to‘xtamay gapiraverdi. Men “qisqa qiling, Sklifosovskiy” qabilida so‘z qotdim. Chunki, haqiqatan, vaqtim kam edi. U esa, talabimga ko‘ra, gaplarini qisqa, lo‘nda ifodalashi uchun kamida uch kun vaqt ajratishim kerakligini ta’kidladi. Afsuski, maza-matrasiz, qip-qizil utopiyadan iborat kalomini uch kun emas, o‘ttiz uch kun eshitsam ham anglab yetishim dargumon edi.

“Temur tuzuklari”da shunday deyilgan: “Kam gapiring, kam uxlang, kam tanovul qiling”. Biroq ezma odamlar sohibqiron bobomiz davri-yu, undan oldin va hozirgi kunda ham bor. Agar jo‘yali fikr, e’tiborga molik g‘oya, taklif bo‘lsa, jon qulog‘ing bilan eshitasan! Biroq bo‘lar-bo‘lmas gap aytila boshlasa, vaqting behuda ketayotganini darhol tushunasan.

Gazetada ishlardim. Ishim boshimdan oshib yotibdi, “nomer” topshirishim kerak. Telefon jiringladi. Bir hamyurtim ekan: “Alyo, assalomu alaykum, yaxshimisiz? Men Falonchi Pismadonman. Esingizdami, huuuv... Ha, ha, o‘shaman!.. Erkin akaning oldiga keluvdim. Soat ikkidan keyin vaqti bo‘larkan. Ungacha to‘rt soat vaqt bor. Oldingizga boryapman, soat ikkigacha gurunglashib o‘tiramiz”. Bir kulgim keladi, bir jahlim chiqadi. Bekorchi odam boshqani ham bekorchi deb o‘ylaydi-da, a?

Eng katta isrofgarchilik – vaqtni zoye ketkazishdir. Oltindan qimmat vaqtning qadriga yetishni qachon o‘rganamiz? “Vaqting ketdi – naqding ketdi”, deb bejiz aytilmagan o‘zbek maqolida. Vaysaqilar shunchaki vaqtingizni oladi, xolos. Ularning gap-so‘zlarida ma’no-mazmun yo‘q. Bunday ezmalarga o‘zlarini tinglaydigan quloqlar kerak, vassalom! Darhol gapga tushib ketadilar-da, “nuqta” haqida tamomila unutadilar, aniqrog‘i, gaplariga nuqta qo‘yishni xohlamaydilar.

Sergap kishilar o‘zlarini ruhlantirish yoki ovuntirish uchun gapiradilar. Safsata ularni muammo va ko‘ngilsizliklardan chalg‘itadi. Bu insonlar o‘z ovozlarini yaxshi ko‘rib, tovushlari jarangini eshitganda qoniqish oladilar. Endi tasavvur qiling: ular qanchadan-qancha idoralarda bo‘lib, necha-necha mutasaddi va xodimlarning fursatini o‘g‘rilayotganini!

To‘g‘ri, ba’zida iching to‘lib ketadi, kim bilandir suhbatlashishni xohlaysan, bir some odamni qidirib qolasan. Dardlashay deysan! Biroq bu o‘zganing vaqtini olishi yaxshi emas. Nima qilasan, bir bechorani qiynab? Ishdan so‘ng, bir sokin maskan topib, yaqin birodaringni taklif qil va to‘yguningcha gurunglash! Faqat ma’nili gapir! Bo‘lar gapni gapir!

Yozuvchi Abduqayum Yo‘ldosh aytadi: “Bizning domda biz ezma ijodkor yashaydi. Agar uni uzoqdan ko‘rsak, darhol qochib qolishga harakat qilamiz. Orqaga burilib, domni aylanib o‘tib bo‘lsayam juftakni rostlaymiz! Chunki... mabodo bu odamning “qo‘liga tushsak”, gapiraveradi-gapiraveradi, sira tugatmaydi. Yuragimiz zada bo‘lib qolgan!”

Psixoterapevtlar aniqlashicha, katta yoshdagi vaysaqilarni bolaligida ko‘pincha yolg‘iz qoldirishgan. Kichkinaligida yo ota-onasi kelguncha uyda soatlab yakka o‘zi o‘tirgan, yoki ular tomonidan tashlab ketilgan, tengdoshlari nazar-pisand qilmagan. Shu bois munosabat, aloqa o‘rnini to‘ldirish uchun to‘xtovsiz gapirishgan. Yon-atrofdagilarning e’tiborini tortish vositasi sifatida ham vaysaqilikni shakllantirishgan.

Ayrim holatlarda ortiqcha gapirib yuborish psixik, nevrologik va irsiy mutanosiblikning buzilish alomatlari deb ham hisoblanadi. Shu bois ba’zi ezma odamlarning salomatligida jiddiy muammolar kuzatiladi.

Abdulla Qahhorning “Nutq” nomli novellasini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Unda er qo‘liga qadah olib, shunday nutq irod qiladiki, bechora xotini toliqib ketadi. Uzundan-uzoq ma’ruzani to‘xtatish uchun erini qattiq o‘pishga majbur bo‘ladi. Nihoyat... notiq bo‘sh kelmaydi. “Bitta o‘pichni deb nutqimni to‘xtataymi?” deydi!

O‘zbekning yana bir maqoli bor: “Og‘zimga keldi deb dema, oldimga keldi deb yema”. Ortiqcha gapirish, valdirash o‘rniga foydali ish bilan mashg‘ul bo‘laylik. Har bir daqiqaning qadriga yetaylik. Otashin shoirimiz G‘afur G‘ulom yozganidek: “Fursat g‘animatdur shoh satrlar-la, bezamoq chog‘idur umr daftarin”.

Yozganlarimni o‘qishga sarflagan vaqtingizga rozi bo‘ling, aziz o‘quvchi!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring