Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vizasiz rejim joriy etilgach, iyungacha bo‘lgan aviachiptalar 2 kunda sotib tugatilgan

Vizasiz rejim joriy etilgach, iyungacha bo‘lgan aviachiptalar 2 kunda sotib tugatilgan

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 22-fevral kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib tugatilgan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi.

Shuningdek, turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko‘rsatiladigan xizmat turlarini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko‘paytirish, shu bilan birga, bu yo‘nalishda xususiy joylashtirish ob’yektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo‘llar bo‘yida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Madaniy meros ob’yektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko‘paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan «Duty Free», «Tax Free» tizimidagi savdo shoxobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, «Qadimiy Buxoro» va «Samarqand siti» turistik zonalari tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring