Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Said-Abdulaziz Yusupov

Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Ijtimoiy sinergiya: endi hammasi o‘zimizga bog‘liq

Ijtimoiy sinergiya: endi hammasi o‘zimizga bog‘liq

Foto: «mk.ru»

Hurriyat — inson uchun eng oliy qadriyat. Mustaqillikka erishgan, ammo raiyat qullikda yashashda davom etgan butun boshli davlatlar uzoqqa bormay yana o‘z erkini boy berganiga tarix bir necha bor guvoh bo‘lgan. Davlat ozod bo‘lgani bilan hokimiyat tepasidagilar davlatning asl egasi bo‘lmish raiyatga nisbatan qullarga qilinadigan munosabatni o‘zgartirmagan. Buyuk ishlar xalq nomi bilan qilingan, ammo buyuk jinoyatlarga ham aynan xalq nomidan «fatvo berilgan». Bu haqda biz maqolaning yakunida to‘xtalamiz.

Insoniyat taraqqiyotining bugungi nuqtasi

Bugun insoniyat taraqqiyotining mutlaqo yangicha davrida yashayapmiz. Yillar davomida shakllangan qadriyatlar, dogmaga aylangan tushunchalar o‘zgarib bormoqda. Bugun rivojlanish cho‘qqisida bo‘lgan davlatlar an’anaviy shablonlarga bo‘ysunmaydigan, nostandart fikr¬lovchilarga keng yo‘l berish orqali mana shunday taraqqiyotga erishganini ko‘rish mumkin. Ayni paytda dunyo milliarderlari o‘yxatida Stiv Jobs, Mark Sukerberg, Bill Geyts, Maykl Dell, Amansio Ortega, Fransua Pino, Ralf Loren kabi shaxslar turgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Chunki ular tengdoshlari singari diplom orqasidan quvishmadi, «Garvard yoki Oksford bitiruvchisi» degan nom uchungina o‘qishmadi. Hamma yurgan yo‘ldan yurgilari kelmay o‘z yo‘llarini yaratishdi. To‘g‘ri, bunga ming bir mashaqqat bilan — erishishdi. Ana shu mashaqqatlar ularni shaxs sifatida shakllantirdi.

Yer yuzida kechayotgan jarayonlar tahlil qilinsa, dunyoda qonuniyatlar o‘zgarayotganini, taraqqiyotga erishishning yangi qadriyatlari, yangi shartlari — shakllanayotganini ko‘rish mumkin.

Bu esa insoniyat taraqqiyotining kelajagiga teranroq nazar solish, o‘rganish va xulosa chiqarishni taqozo etadi.

Davlat va raiyatning ertasi haqida qayg‘urar ekanmiz, qandaydir bir-ikki yilnigina emas, balki davlatchilik nuqtai nazaridan kamida ellik — yuz yillik istiqbolni belgilab olish maqsadga muvofiq. Bugun dunyoda nihoyatda jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan Xitoy Xalq Respublikasining o‘z taraqqiyot yo‘liga besh yuz yillik reja asosida chiqqani ham ko‘p narsani anglatadi.

Mavjud nuqtamiz

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanishi bilanoq mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish uchun jamiyat tafakkurida transformatsiya zarurligini kun tartibiga olib chiqdi. Chunki har qanday islohotlar ijtimoiy hayotga tatbiq etilishi, shu yurtda yashayotgan har bir odamgacha yetib borishi uchun jamiyatning tafakkuri darajasi muhim omil sanaladi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatni og‘ir meros bilan qabul qilib olganini yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi, albatta. Davlat siyosati ijtimoiy reallikdan ancha uzoqlashgan, hokimiyat tepasidagilar xalqni unutib qo‘ygan, oddiy aholi o‘z bilganicha qora qozonini qaynatib kelgani hech kimga sir emas. Buni Prezidentning virtual qabulxonasi ochilgan vaqtda murojaatlar yog‘ilib ketgani, qisqa vaqt ichida davlat rahbari nomiga bir necha million ariza va shikoyatlar kelgani ham tasdiqlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevni xalq mehriga sazovor qilgan harakat, nazarimda, muammolarning mavjudligi qo‘rqmasdan tan olinishi, so‘ngra ularga birma-bir yechim topilishi bo‘ldi. Ammo shu bilangina maqsadga erishib bo‘lmasdi, albatta. Uzoq manzilni ko‘zlab yo‘lga chiqqan odam bitta qadam bilanoq marraga yetib bora olmasligini Prezident siz va bizdan ko‘ra yaxshi biladi. Shu sababli davlatchilikni mustahkamlash, uning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash, eng muhimi, xalqparvar siyosat yuritish uchun navbatdagi qadamlar tashlandi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Chorak asrlik mafkuraviy-siyosiy turg‘unlikda yashab o‘rganib qolgan aksariyat odamlar Mirziyoyev hokimiyatining ilk davrlaridagi siyosiy bayonot va chaqiriqlarni «Ha, endi hokimiyat tuzilmalarida bir yangilik, yana bir o‘zgarish bo‘larkan-da, buning bizga daxli yo‘q», deya qabul qilishgan edi. Go‘yoki ular boshqa olamda  yashashayapti-yu, o‘zgarishlar umuman boshqa joyda ro‘y berayotgandek. Taassufki, xalq bunda haqli edi...

Chunki yuqori minbardan turib har qancha jon koyitilmasin, shakl o‘zgargani bilan mohiyat o‘zgarmasdi. Mamlakat miqyosidagi islohotlar viloyat va tumanlardagi ijtimoiy hayot turg‘unligini o‘zgartirmas edi.

Shu o‘rinda nozik bir o‘ziga xos nuqta bor. Bunday holatning sabablaridan eng muhimi — o‘tgan 25 yil davomida so‘zda ijro hokimiyati rahbari bo‘lgan Bosh vazir instituti amalda o‘z konstitutsiviy funksiyalarini to‘laqonli bajara olmagan. Chunki bunga yo‘l qo‘yilmagan. Ijro hokimiyati rahbariga hukumatning iqtisodiy siyosat yuritishiga bosh-qosh bo‘lishiga (aslida bu uning qonuniy huquqi va majburiyati) ruxsat berilmagan edi.

Iqtisodiy islohotlarning Bosh vazir emas, amalda uning o‘rinbosari orqali boshqarilishi, iqtisodiy siyosatni real ijtimoiy-iqtisodiy holat emas, Bosh vazir o‘rinbosari va uning guruhi manfaatlari belgilab berishi davlat boshqaruvida muvozanatning izdan chiqishiga sabab bo‘lgan edi.

Mustaqillikka erishish va yigirma besh yil davomida uni saqlay olish, albatta, buyuk ish. Ammo erishilgan muvaffaqiyat davom ettirilmasa, vaqt o‘tishi bilan bir joyda depsinib turib qolish muvaffaqiyatsizlikka aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev buni teran anglab yetgandi. Shuning uchun ham muammolardan ko‘z yummaslik va haqiqiy holatni tan olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Ikki yildirki, bu yo‘ldan og‘ishilgani yo‘q.

So‘nggi ikki yil transformatsiyaga tayyorgarlik davri bo‘ldi

O‘tgan ikki yil odamlar hayoti va ongida ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Demokratik nomga ega, ammo avtokratik qadriyatlarga asoslangan ijtimoiy hayot liberalizm kislorodidan to‘yinib nafas ola boshladi. Tabiiyki, bu jarayon bir maromda va hech bir muammosiz kechmadi.

Erkinlikni qabul qila olmaslik, ya’ni erkinlik qadriyatlariga ko‘nikolmaslikdan tortib, erkinlikni boshboshdoqlik deb qabul qilishgacha, eskicha qarashlardan voz kechishni istamaslikdan, yangicha ishlash va yashashga ko‘nikolmaslikkacha bo‘lgan holatlar ko‘p uchradi. Bularning hammasi bosib o‘tilishi lozim bo‘lgan jarayonlar edi.

2016 — 2018-yillar davomida davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiy siyosat, ijtimoiy himoya siyosati kabi barcha sohalarda yangicha yondashuv joriy etilar ekan, qanday muammolar borligi yuzaga chiqdi.

Garchi ko‘pchilik O‘zbekistonda boshlangan islohotlarni liberalizm deya baholayotgan bo‘lsa-da, men bu fikrga unchalik qo‘shilmayman. Sababi — Prezident Mirziyoyev islohotlari, ularni amalga oshirish mexanizmi tahlil qilinsa, u liberalizmdan ko‘ra ko‘proq neoliberalizm tamoyillariga muvofiqligini ko‘rish mumkin.

Mana shunday yanglish qarash natijasida ijro hokimiyati Prezident islohotlarini hayotga joriy etishda ortda qolmoqda, deb hisoblayman. Chunki ijro hokimiyati funksionalizm tamoyillari asosida faoliyat yuritmoqda. Vaholanki, neoliberalizm siyosatini amalga oshirish uchun ijro tizimi neofunksionalizm tamoyili asosida ishlashi kerak.

Shu o‘rinda muhim bir nuqtaga e’tibor qaratishingizni istardim. So‘nggi ikki yil davomidagi Prezident islohotlari bir qator skeptik tahlilchilar tomonidan samarasiz va tartibsiz islohotlar, deya baholandi. Ularning skeptizmi Prezidentning 2017 yildagi parlamentga ilk Murojaatnomasidan so‘ng ancha kamayib qoldi. Sababi esa qisqa vaqt ichida qo‘rqmasdan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aslida uzoqni ko‘zlagan yagona strategiyaning tarkibiy qismi ekani ayon bo‘lib ulgurgan edi.

Mirziyoyevning Parlamentga 2018-yildagi Murojaatnomasidan so‘ng esa hammasi oydinlashdi. Ko‘pchilik tanqidchilar o‘ylaganidek, Prezident tavakkaliga emas, aniq strategik rejaga ko‘ra ish ko‘rayotgani, ya’ni 2016 — 2018-yillar davomidagi islohotlar aslida jamiyat va davlat taraqqiyotning yangi bosqichda transformatsiyaga o‘tishi uchun tayyorgarlik yillari bo‘lgani oydinlashdi. Bu esa O‘zbekiston Prezidenti strategik istiqbol rejasiga ega ekanini isbotladi. Bu reja keyingi yuz yillik yoki kamida ellik yillikni qamrab olganiga shubha qilmayman. Asosiysi, bularning barchasi Prezident o‘zi saylangan muddat uchun emas, davlat rahbari sifatida o‘n yillar oldinni ko‘zlab ish tutayotganini, buyuk davlatchilik an’analari xayolda emas, amalda qayta tiklanayotganini ko‘rsatadi.

Global siyosiy transformatsiyani boshlab bergan tarixiy Murojaatnoma

Prezident Mirziyoyev siyosiy boshqaruv, jamiyat va davlatning ijtimoiy munosabatlarida sinergiya jarayonini boshlashga imkoniyat yaratdi. Sinergiya, o‘z mohiyatiga ko‘ra, o‘z-o‘zini tashkil etishni anglatadi. Yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, sinergiya muammoni joyida hal qilishdir.

Masalan, mahallada kichik bir muammo paydo bo‘ldi. Bu muammoni hal qilish uchun mahalla raisi mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olib, qaror qabul qiladi va muammoni hal etadi. Ya’ni o‘z faoliyatini yuritishda o‘zi qaror qabul qiladi va shunga ko‘ra ish ko‘radi.

Mavjud holatimizda esa, mahalla raislari ko‘pincha «Nima qilaylik?», deya imdod kutib, tuman hokimi o‘rinbosariga yoki tuman hokimiga chiqadi. Mazkur holatda u biron-bir masala bo‘yicha qaror qabul qilishda mas’uliyatdan qo‘rqadi. Qolaversa, bunday «o‘zboshimchalik» ortidan mahalliy hokimiyat idoralaridagi vallomatlarning g‘azabiga duchor bo‘lishdan hayiqadi. Chunki hokim yoki uning o‘rinbosari ular bilan maslahatlashmagan, o‘zbilarmon raisni tazyiq ostida ishdan oldirishi hech gap emas-da.

Shakllantirilgan tizimga ko‘ra, bu tarzda ishdan olingan kadr boshqa joydan ham ish topa olmagan. Sababi «quloqsiz» deya tamg‘a bosilgan odamni hech kim ishga olmagan yoki ishga olinishiga yo‘l qo‘yilmagan. Shuning uchun ham boshqaruv tizimida tashabbuskor va mas’uliyatni bo‘yniga oladigan «quloqsiz»lardan ko‘ra, hamma narsaga xo‘p deydigan, shaxsiy mas’uliyat bilan qaror qabul qilmaydigan, hamma narsani so‘rab qiladigan, aytilmasa hech ish qilmaydigan «quloqli» kadrlar qadrlanadi. Bu — mahalliy ijro hokimiyati uchun o‘z shaxsiy daxlsizligini ta’minlash uchun, aslida noprofessionalligini yashirish uchun eng qulay yo‘l.

Daxlsizlik deganda ham xalq, ham davlatning zarbasiga duchor bo‘lmaslik nazarda tutilmoqda. Tasavvur qiling: mahallaning guzarga ehtiyoji bor. Mahalla raisi tuman hokimiga pul so‘rab chiqadi. Tuman hokimi viloyat hokimiga, viloyat hokimi — tegishli vazirlikka, vazirlik esa, o‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasiga. Respublikaning bir burchagidagi mahallaning oddiy muammosini hal qilish uchun masala Vazirlar Mahkamasiga olib chiqilishi kerak. Buning uchun qancha vaqt va qog‘oz kerak?! Asab-chi?

Mahallaga biror davlat xizmatidan tekshiruv kelsa yoki xalq so‘rasa, mahalla raisiga ham, tuman hokimiga ham, viloyat hokimiga ham bahona tayyor: «Hujjatlarni tayyorlab jo‘natganmiz, tepadan «Dobro» kutyapmiz!».

Biror odam: «Seni tumanga yoki viloyatga hokim qilib qo‘ygan davlat o‘sha joyning muammosini hal qilishga aqli, qaror qabul qilishga jur’ati yetadi, deb qo‘ymaganmi?» deb aytolmas edi. Mahalliy budjetni tasarruf etishda mahalliy hokimiyatlarning umuman haqqi bo‘lmagani ham mazkur muammoning bosh sabablaridan biri bo‘lganini aytib o‘tish adolatdan bo‘ladi, nazarimda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shuning uchun mahalliy budjetlarda yig‘ilgan soliqlarning katta qismi hokimliklarning o‘zida qolishini yo‘lga qo‘ygan edi. Ya’ni ijtimoiy sinergiya uchun zarur sharoit yaratgan edi.

Prezidentning 2018-yil oxiridagi parlamentga Murojaatnomasidagi tuman deputatlari Kengashi faoliyatini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan takliflari jamiyatda chin ma’noda sinergiya jarayoni boshlanishi uchun katta start bo‘ldi. Tuman hokimi endi bevosita tuman Kengashi tavsiyasiga ko‘ra tayinlanadi.

Ya’ni tuman hokimi kim bo‘lishini, uning ishini nazorat qilishni bevosita xalq tomonidan saylangan deputatlar hal qiladi. Ijro hokimiyatining muhim mexanizmi bo‘lgan vazirlik instituti vakillarini tayinlashni ham endi Siz va biz saylagan Oliy Majlis deputatlari hal qiladi.

Davlat va jamiyatning ijtimoiy munosabatlarida sinergiya jarayoni boshlandi. Prezident so‘nggi uch yuz yilda millatimizni tarqoq, xorlikka mahkum etgan, qon-qonimizga singib ketgan «Menga nima, mening fikrim hech narsani hal qilmaydi» kabi qarashlardan, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy beparvolikdan xalos etish uchun imkon yaratdi.

Maqolaning kirish qismidagi so‘zlarimizga yana bir bor e’tibor bering. Sizningcha, kuzatuvlarni nega bunday boshladim? Tarixda o‘zini mustaqil, deb e’lon qilsa-da, o‘z xalqiga erkini qaytarmagan davlatlar tanazzulga uchragan, hukmron tabaqa vakillarining «Xalq hali erkinlikka tayyor emas, shu bois unga ixtiyorni berib bo‘lmaydi!» kabi qarashlari hamisha haqiqiy demokratiyaning tanazzuliga olib kelgan.

Kelajakka umid uyg‘otayotgan mujdalardan biri shuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev buning aksini qilmoqda, nimagaki qo‘l urmasin, xalqqa ishonmoqda, unga tayanmoqda.

Bugun hali mahalliy ijro hokimiyatida «Xalqqa erkinlik berib bo‘lmaydi, odamlarimiz bunga tayyor emas!» deya o‘z to‘raligini saqlamoqchi bo‘lib yurganlar qachon o‘zgarishi, o‘z nomidan siyosat yuritilishiga ko‘nikib qolgan omma — huquqning mas’uliyat ekanini nechog‘li tez anglab yetishi ham ma’lum emas. Ammo ma’lum bo‘lgani shuki, Shavkat Miromonovich millat lideri sifatida xalq nomidan siyosat yuritishga emas, xalqi bilan birga siyosat yuritishga qaror qildi. Shaxsiy siyosiy xavfsizligini emas, xalqini o‘ylamoqda.

Prezident nimani istamoqda?

Prezident odamlarimiz odatlanib qolgan «Amerika kuchlimi yoki Rossiyami?» degan savollar o‘rnini «Biz kuchli bo‘lishimiz uchun nima qilishimiz kerak?!» degan mushohadalar egallashini istamoqda. Prezident har bir vatandoshimiz ongida «O‘zbekistonni rivojlantirish uchun fuqaro sifatida men o‘z ishimni ideal ravishda bajarishim kerak!», degan fikr shakllanishini istamoqda.

Prezident odamlarimiz boqimandalik kayfiyatidan qutilishini, har bir o‘zbekistonlik «Hayotim yaxshi bo‘lishi uchun hammadan ko‘ra o‘zim harakat qilishim, izlanishim, o‘z ustimda ko‘proq ishlashim kerak!», degan qarash bilan yashashga o‘rganishini istayapti.

Prezident tuman hokimi bundan keyin viloyat hokimining yugurdagi emas, chin ma’noda mahalliy davlat boshqaruvi organi rahbari bo‘lishini, viloyat hokimidan Vazirlar Mahkamasining ko‘rsatmasini kutib turadigan ijrochigina emas, o‘z viloyati uchun yonib ishlaydigan qo‘rqmas, tashabbuskor bo‘lishni talab qilmoqda hamda buning uchun sharoit yaratib bermoqda.

Bugun Prezident jamiyatimizda ijtimoiy sinergiya jarayoni boshlanishi uchun imkoniyat yaratdi. Bu juda katta siyosiy tavakkalchilik ekanini yuqorida ta’kidlab o‘tdim. Endi hammasi jamiyatimiz tafakkuridagi ro‘y berishi kerak bo‘lgan transformatsiyaga bog‘liq. Ya’ni hammasi o‘zimizga bog‘liq.

Manba: xs.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring