Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qaror bilan hukumat va OAV o‘rtasidagi to‘siqlar olib tashlandi

Yangi qaror bilan hukumat va OAV o‘rtasidagi to‘siqlar olib tashlandi

Foto: Google.com

Shu yilning 15-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohasida ochiqlik va shaffoflikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimini joriy etish, axborot olishda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi hisobdorligi, ochiqligi va mas’uliyatini ta’minlash zarurligi qayd etilgan. Unga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarini ta’minlashga qaratilgan normalari ijrosini so‘zsiz va sifatli ta’minlash barcha darajalardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblanib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbari ushbu vazifalar amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul etib belgilandi.

Hujjatda, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlarining asosiy vazifalari belgilandi. Jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining faoliyati, uning faoliyat sohasiga doir normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, axborot xizmati bilan doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, axborot maydoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, ularga munosabat bildirishning turlari, usullari va darajasi bo‘yicha ekspertlar bilan birgalikda takliflar tayyorlash, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet tarmog‘ida materiallar tarqatish bo‘yicha kompleks ishlarni tashkil etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining boshqa bo‘linmalari bilan birgalikda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatish uchun xabar, axborot-ma’lumot tusidagi materiallar, sharhlar va axborot-tahliliy materiallar tayyorlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyatini xorijiy ommaviy axborot vositalarida sifatli yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarini, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini axborot materiallari (kino, foto, audio va videomateriallar, bosma mahsulotlar va shu kabilar) bilan ta’minlash kabi bir qator vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlarini attestatsiyadan o‘tkaziladi, har yili «Eng yaxshi axborot xizmati», «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yoritayotgan eng yaxshi jurnalist» va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunlariga bag‘ishlab tanlovlar tashkil etiladi. 

Qarorning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring