Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi stadioni bilan maqtanishni istagan «Tottenhem» sharmanda bo‘lish arafasida

Yangi stadioni bilan maqtanishni istagan «Tottenhem» sharmanda bo‘lish arafasida

Foto: «Twitter»

«Tottenhem» bu galgi Chempionlar ligasida Angliya sharafini himoya qilayotgan Londonning yagona jamoasi. «Arsenal» va «Chelsi» muxlislari bu yilcha Yevropa ligasini tomosha qilishga majbur.  

Buyam kamdek tuyuldimi yo qo‘shnilarining alamini keltirmoqchi bo‘lishdimi, ishqilib, «shporlar» o‘zlarining yangi qurilgan stadionlari ochilishiga bag‘ishlangan plakat tayyorlatishdi: «Chempionlar ligasini Londonda tomosha qilish mumkin yagona joy».

Plakatga o‘tgan mavsum oxirida — «Arsenal» va «Chelsi» Chempionlar ligasiga ilinmaganidan so‘ng buyurtma berilgan. O‘shanda yangi stadion yangi mavsum boshlanishiga ochilishi ham rejada bo‘lgan, biroq vaziyatga qarab o‘yingohning ochilishi yanvar oyiga kechikib ketdi.

Hozircha «Tottenhem» futbolchilari «Uembli»da to‘p tepib turishibdi. Darvoqe, Chempionlar ligasi. «Barselona», «Inter» va «PSV» bilan bir guruhda «Tottenhem» uchinchi o‘rinda ketyapti, pley-offga chiqmasligi ham mumkin.

Demakki, 61,5 ming kishilik yangi stadion Chempionlar ligasini ko‘rmasligi ham katta ehtimol bilan haqiqatga yaqin bo‘lib turibdi.

Endi plakatga qaytamiz. Klubga reklama standartlari bo‘yicha boshqarmadan ogohlantirish kelibdi: «Lo‘ttibozlikni yig‘ishtiring!»

Yaxshiyam jarimaga tortishmapti, biroq klubning kulgu bo‘lgani qoldi:

«Yangi stadionni «Londondagi Chempionlar ligasini ko‘rish mumkin yagona joy» deya reklama qilib, uning ochilishiga qadar ligadan uchib ketmaslikka urinish — barcha davrlarning eng zo‘r motivatsiyasi».

«Chempionlar ligasi o‘yinlarini o‘z stadionisiz eng ko‘p o‘tkazishda «shporlar»ga yetadigani yo‘q».

Sharmandalikdan qutulib qolish uchun «Tottenhem»da, jichcha bo‘lsa-da, imkoniyat bor. Buning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblari — «Inter»ni o‘z uyida, «Barselona»ni safarda (!) yengishi kerak.

Ko‘ramiz, yangi stadionga bu yil Chempionlar ligasini ko‘rish nasib etarmikin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring