Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi Zelandiyadagi fojea tafsilotlari. Abdul Aziz o‘nlab insonlarni o‘limdan qutqarib qoldi

Yangi Zelandiyadagi fojea tafsilotlari. Abdul Aziz o‘nlab insonlarni o‘limdan qutqarib qoldi

Foto:«AFP»

15 mart kuni Yangi Zelandiyadagi «Al-Nur» va «Linvud» masjidlariga juma namozidan so‘ng qilingan hujum tafsilotlari oshkor bo‘lmoqda. Hujum natijasida 50 nafar musulmon halok bo‘lgan va yana ko‘plab insonlar yarador bo‘lgan edi. REUTERS tomonidan xabar qilinishicha, agarda 48 yoshli Abdul Aziz bo‘lmaganda, qurbonlar soni ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin edi.

48 yoshli Abdul Aziz shu kuni 4 o‘g‘li bilan juma namozini ado etish uchun «Linvud» masjidiga kelgan edi. Otishma boshlangan vaqtda u masjid yaqinida edi. 28 yoshli Brenton Tarrant bunga qadar «Al-Nur» masjidida xunrezlikni amalga oshirgan va o‘nlab insonlar o‘ldirilgan edi. U navbatdagi qabihlikni amalga oshirish uchun «Linvud» masjidiga keladi va bu yerda ham 10 kishining hayotiga zomin bo‘ladi. Biroq bu yerda o‘ylaganini oxirigacha yetkaza olmaydi. Uning yo‘lidan Abdul Aziz chiqadi. U otishma ovozini eshitgani hamono shu tomon yugurgandi.

— Uning egnida harbiylar libosi bor edi. Shu sababli u yaxshi niyatdami yoki yomon, buni bila olmasdim. Ikkilanib qoldim. Qachonki u so‘kina boshlagach, u qadar yaxshi niyatda emasligini tushunib yetdim, — deydi Abdul Aziz Reuters nashriga bergan intervyusida.

Abdul Aziz farzandlarining yolvorishiga qaramay, terrorchiga qarshilik ko‘rsatish uchun yuguradi. Yo‘l-yo‘lakay qo‘liga ilingan «qurol»ni oladi, bu — plastik kartadan pul yechadigan terminal apparati edi. Terrorchi bu vaqtda o‘qdan bo‘shagan avtomatini yerga tashlab, boshqasini olish uchun mashinasiga qaytib borgan edi. Abdul Aziz yetib borgunga qadar Tarrant qayta qurollanib olishga ulguradi va u tomon o‘t ochadi.

Abdul Aziz qo‘lidagi terminal apparatini terrorchi tomon uloqtirgancha, mashinalar orasiga bekinishga ulguradi. Uning qo‘liga Tarrant tashlab ketgan qurol tushadi, ammo o‘qdoni bo‘sh edi. Shundan so‘ng u boshqacha qarorga keladi, terrorchi masjidga qaytib kirib, yana o‘ldira boshlamasligi uchun e’tiborini o‘ziga tortishga urina boshlaydi.

— Men u tomon baqirdim, kel bu yerga, kel bu yerga, dedim. Men shunchaki uning e’tiborini o‘zimda ushlab turmoqchi bo‘ldim, — deydi Abdul Aziz.

Tarrant masjidga qaytib kira boshlaganda ham Abdul Aziz ortidan qolmay boradi. Terrorchi nihoyat yana u tomon yura boshlaydi. O‘sha vaqtda Abdul Azizning qo‘lida o‘qsiz bo‘lsa-da, qurol bor edi.

— U mening qo‘limdagi qurolni ko‘rgach, o‘zinikini tashladi va mashinasi tomon yugurib, qochib keta boshladi. Men yana ortidan yugurdim.

Mashinasiga o‘tirgani hamono, qo‘limdagi qurolni u tomon otdim. U yana so‘kinib, mashinani haydab ketdi, — deydi Abdul Aziz.

Bu vaqtda masjidda Abdul Azizning 4 farzandidan tashqari 100 nafar atrofida odamlar bor edi. Hamma kutilmagan hujumdan shok holatiga tushib qolgandi. Abdul Aziz ularning hayotini saqlab qoldi.

— Masjidga qaytib kirganimda, hamma qo‘rquv ostida turganini va yashirinishga urinayotganini ko‘rdim. Ular tomon: «Birodarlar, hammasi tugadi, u ketdi, u shunchaki qochib ketdi», — deb aytdim. Ko‘pchilik yig‘lab yubordi.

Bunday qahramonlik o‘sha kuni yagona bo‘lgani yo‘q. «Al-Nur» masjidida 50 yoshli Naim Rashid va uning 21 yoshli o‘g‘li terrorchiga qarshilik ko‘rsatishga uringan, ammo qurolsiz bo‘lganlari uchun hech narsa qila olishmagan edi. Har ikkisi ham shu kuni qahramonlarcha halok bo‘lishdi.

Brendan Tarrant oradan 36 daqiqa o‘tgach, politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Terrorchilik huruji tufayli 50 musulmon halok bo‘ldi, yana 49 nafari yaralandi.

Abdul Aziz bo‘lmaganda ularning soni ko‘proq bo‘lishi mumkin edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring