Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangiyo‘lda bedarak yo‘qolgan qiz Rossiyaga ketib qolgani aniqlandi

Yangiyo‘lda bedarak yo‘qolgan qiz Rossiyaga ketib qolgani aniqlandi

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi 18 yoshli Natalya F. ismli qiz bedarak yo‘qolgani haqida xabar tarqagan edi. Toshkent shahar IIBB jinoyat-qidiruv bo‘limi va Yangiyo‘l tuman IIB xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan qidiruv natijasida qiz Rossiyadagi qarindoshlarinikiga ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Xususan, Toshkent shahar IIBB qidiruv bo‘limining xodimlari Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasining xodimlari bilan bog‘lanib, 16-may kuni soat 16:00 da O‘zbekiston fuqarosi pasportiga ega Natalya chegarani kesib o‘tib, Qozog‘istonga o‘tganini ma’lum qildi. Qizning hamrohi bilan suhbatda u ilgari bir tanishiga Rossiyaga borishni taklif qilgani, ammo tanishi unga rad javobi bergani aniqlandi. 17-may kuni soat 10:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Natalya noma’lum raqamdan o‘sha tanishiga qo‘ng‘iroq qilgan va poyezdda Qozog‘istonga ketayotganini xabar qilgan. 21-may kuni Natalya dugonasiga SMS yuborib, Rossiyada ekanini yozgan. Ammo qaysi shaharda ekanini ko‘rsatmagan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Natalyaning onasi bilan aloqaga chiqqan. Yelena Viktorovna ularning Rossiyada yashovchi qarindoshlari borligi tasdiqlagan va qiz maktabni bitirgach ularnikiga bormoqchi ekanini aytgan. Lekin Natalya ketish oldidan onasini ogohlantirmagan. 22-may kuni soat 17:30 da Yelena Viktorovnaga Novosibirskda ro‘yxatdan o‘tgan mobil raqamdan notanish kishi qo‘ng‘iroq qilgan. U internetda bedarak yo‘qolgan qiz haqidagi e’lonni ko‘rganini va darrov o‘zi Qozog‘istondan Novosibirskka kelgan avtobusda u qizni ko‘rganini eslaganini aytgan.

Shuningdek, IIBB xodimlari Natalyaning sinfdoshining onasi bilan ham suhbatlashgan. Bu Natalya 21 may kuni SMS-xabar yuborgan dugonasining onasi edi. Ayol qizining Natalya Rossiyaga ketmoqchi bo‘lib yurganidan xabarsiz bo‘lganini aytgan.

«Qizim menga aytgan bo‘lar edi. U menga ishonadi», — deydi sinfdoshining onasi. Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan Natalyaning oilasidagi muammolar haqidagi taxminlarni ham rad qilgan.

Toshkent shahar IIBB Natalyaning onasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring